Chunki ustoz — inson hayotidagi eng muhim yoʻlboshchilardan biri. Ustozlar bizni ilmga, odobga, hayot saboqlariga oʻrgatadi, qalbimizga ezgulik urugʻini sochadi.

Yurtimizda taʼlim sohasiga boʻlgan eʼtibor yildan yilga ortib borayotgan bir paytda, ustozlarning jamiyatdagi oʻrni ham yuksak darajada eʼtirof etilmoqda. Chunki, bilimli avlodni tarbiyalash, ijtimoiy taraqqiyotga zamin yaratish aynan muallimlarning sabr-toqati, mashaqqatli mehnati bilan bogʻliq.

Ustoz — bu nafaqat oʻz oʻquvchilariga bilim beradigan inson, balki har bir oʻquvchining ichki dunyosini anglay oladigan, ularning qalbiga yoʻl topadigan mehribon murabbiydir.

Fidoyi ustoz — bola taqdiriga taʼsir qiluvchi inson

Yaqinda Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan 6-umumtaʼlim maktabida faoliyat yuritib kelayotgan fidoyi ustoz — Toʻlqinoy opa Anorboyeva bilan boʻlgan suhbat menda katta taassurot qoldirdi.

Toʻlqinoy opa koʻp yillardan buyon maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritadi. Bolalarga ilk qalamni tutqazib, harflarni tanitish, bilimga yoʻl ochishdek masʼuliyatli vazifani sidqidildan bajaradi.

Bir kuni maktabga bir ota-ona umid bilan farzandini olib keladi. Bolani avval boshqa maktablarda birorta ham oʻqituvchi oʻqita olmagan, hatto harflarni tanitishning uddasidan chiqa olmagan ekan. Bolada oʻqishga qiziqish ham, tushunish ham juda past darajada boʻlgan.

Biroq Toʻlqinoy opa bola bilan shunday goʻzal, mehribon va samarali munosabat oʻrnatadiki, oʻsha bola asta-sekin harflarni oʻrganadi, soʻzlarni tanigan sari kitob oʻqishga ishtiyoqi ortib boradi. Vaqt oʻtib bola maktabdagi barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqiydigan, fan olimpiadalarida qatnashadigan faol oʻquvchiga aylanadi.

Hozirda u oʻquvchi boshqa maktabning 7-sinfiga oʻtgan boʻlsa-da, uning hayotda oʻz oʻrnini topishida, kelajakka ishonch bilan qadam qoʻyishida aynan ushbu ustozning mehnati, mehri va sabri samara berganini hammamiz yaxshi bilamiz.

Birinchilardan boʻlib bolaning mitti qalbiga nur sochgan, unda ishonch uygʻotgan, kelajakka ishtiyoq bagʻishlagan ana shunday ustozlarimizni faxr bilan yodga olishimiz kerak. Chunki bola qalbiga nur olib kirish hamma ham uddalay oladigan ish emas. Zero, yaxshi ustoz oʻz oʻquvchisining isteʼdodini koʻra oladi, unga ishonadi, har qanday sharoitda yelkadosh boʻla oladi. Aynan ana shunday mehribonlik va sabr ustozlik kasbining zaminidir.

Bugun maktablarda va oliy oʻquv yurtlarida xizmat qilayotgan minglab ustozlarimiz har kuni sinf eshigini ochib, dars boshlaganda, ularning nigohida faqat bitta maqsad — oʻquvchilarga bilim berish bilan birga, ularni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash mujassam. Ular shogirdlarining har bir yutugʻidan quvonadi, har bir muammosiga befarq boʻlmaydi.

Buyuk ajdodlarimiz ham ustozlarga katta hurmat bilan qaragan. Imom Buxoriy, Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy kabi allomalar ustozlik maqomini sharaflab, uni ota-onadan keyingi oʻringa qoʻyganlar. Navoiy bobomizning ushbu misralarini shu oʻrinda eslamaslikning iloji yoʻq:

«Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila,

Aylamak boʻlmas ado oning haqqin ming ganj ila»,

degan soʻzlari bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan.

Shunday ekan, ustozlarga chuqur hurmat, cheksiz minnatdorlik bilan yashashimiz, ularning or-nomusini himoya qilishimiz, ularning mehnatini qadrlashimiz lozim.

Ustoz — nur tarqatuvchi shamchiroq, jamiyatning maʼnaviy ustuni.

Ustoz — biz uchun yoʻlchi yulduz.

Bu muqaddas kasb egalari oldida har on boshimizni egamiz. Ularning mehnati va mehribonligi oldida hamisha qarzdormiz.

Zulxumor AKBAROVA