Bu bejiz emas. Iqtidor, mehnatsevarlik va yaratganning inoyati ila berilgan zukkolik Irkin Hamidovichni ilmu fan olamining yuksak choʻqqisiga olib chikdi. Eʼtirof etmoq kerak, uning hayoti ilmiy faoliyati taqdirini veterinariya ilmi, mamlakatimiz chorvachiligi istiqboli bilan bogʻlagan barcha kishilar uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Shu bois bugun dunyoga mashhur boʻlgan akademik faoliyatiga alohida toʻxtalmoqchimiz.
Ustozning bolaligi dunyo tamadduniga beshik sanalgan, olamning sayqali sanalmish Samarqandda kechdi. U bolaligidan kitobga mehr qoʻydi, shahardagi 10-maktabda oʻqigan kezlaridayoq zukkoligi va tirishqoqligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Oilaviy muhit, ziyolilar davrasidagi suhbatlar boʻlgʻusi olimning hayotiga katta oʻzgarishlar olib kirdi. Ochigʻi, oʻsha paytlar zamon ogʻir edi. Urushdan keyingi davrlar, iqtisod izdan chiqqan, mamlakat agrar tarmogʻi haqiqiy jonkuyarlarga juda muxtoj edi. Qanday qilib urush asoratlariga barham bergan holda iqtisodni koʻtarish mumkin? Aholi farovonligini taʼminlash qaysi tarmoqlarni rivojlantirishga bogʻliq? Bu savollar koʻpchilikni tashvishga solib turgan kezda shaharlik ziyoli oilada tarbiya topgak yigitni qishloq tashvishlari, xususan, chorvachilik va uning oʻzagi, istiqbolining kafolati sanalmish veterinariya sohasi juda qiziqtirib koʻydi. Shu bois ilmga chanqoq yigit Samarqand qishloq xoʻjalik institutining veterinariya fakultetiga oʻqishga kirdi.
Talabalik inson uchun bir sinov, umrga tatigulik fasl. Usha mahallar Irkin Hamidovich buni yurakdan his qildi. Darsliklardan tashqari hali baʼzi olimlar varaqlab koʻrmagan kitoblargacha koʻz yugurtirishga vaqt topdi. Fursat jilovini maxkam ushlab kechalari shamchiroq yorugʻida qoʻlyozmalarni taxdil qildi. Undagi qiziquvchanlik va tirishqoqlik koʻpchilikni hayratga solgani ham bor gap. Shu tariqa u taniqli olimlar eʼtiboriga tushdi. Dunyoga mashhur olim K.I.Skryabin rahbarligida 31 yoshida fan doktori ilmiy darajasiga sazovor boʻldi. Ilmiy izlanishlarni pedagogik faoliyat bilan baqamti olib borgani bois talabchan ustoz sifatida tilga tushdi. Har bir tadqiqotchi ruhiyatiga kirib borgan holda uni oʻz ustida yanada faol ishlashga ruhlantira olish Irkin Hamidovich ustozlik salohiyatining negizini tashkil etar edi.
Ustoz shugʻullangan yoʻnalish parazitologiya juda murakkab va oʻz dolzarbligini hech qachon yoʻqotmaydigan muammolardan hisoblanadi. Chunki oʻz hayot tarziga ega boʻlgan parazitlar nafaqat hayvonot olami balki insoniyat uchun ham juda xavflidir. Bu muammolarni chuqur tahlil etish, parazitlar morfologiyasini oʻrganish, xususiyatlariga koʻra yangicha talqin etish tadqiqotchiyu uning ilmiy rahbaridan chidam va nuktadonlikni talab etadi. Irkin Hamidovich oʻz shogirdlarini xuddi shu har qanday olim uchun suv va havodek zarur boʻlgan tirishqoqlikka oʻrgatdi. Va bu borada oʻzi boshqalarga ibrat ham boʻldilar. Umuman olganda bugun akademik yaratgan ilmiy xulosa va kashfiyotlar mamlakatimiz uchun juda katta foyda keltirmoqda. Irkin Hamidovichning bevosita rahbarligida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar, ochib berilgan yoʻnalishlar yuzlab tadqiqotlar uchun debocha boʻlmoqda. Akademik muallifligida chop etilgan darsliklaru kitoblar esa ilm dargohlarida talabalar va olimlar uchun asosiy qoʻllanmaga aylangan.
U benihoya tirishqoq, bir ishni boshladimi oxiriga yetkazadigan va qilgan ishi uchun hech narsa taʼma qilmaydigan benazir inson edi, deya eslardi taniqli olim, Samarqand qishloq xoʻjalik institutiga uzoq yillar rahbarlik qilgan ustoz marxum professor Roʻzi Hayitovich Hayitov. Irkin Hamidovichda kishini oʻziga jalb etadigan ohangrabo bor edi. U shogirdining dardiga sherik boʻlar, oilaviy tashvishlarga oʻralasha boshlagan kishining eʼtiborni tagin asosiy ishga ilmga mohirlik bilan burib yubora olar edi. Undagi bunday talant faqat buyuk kishilarda boʻladi xolos. Qolaversa, oʻsha davrlarni bugun bilan solishtirgandagi farq kishini butkul hayratga soladi. Bugun davlat tomonidan yoshlarga ularning ilm olishlariga juda katta eʼtibor berilmoqda. Uzingni koʻrsat, bilimdonliging yuqori boʻlsin istasang, shu yerda, boʻlmasa chet elning eng nomdor universitetiga bor, pulini davlat toʻlaydi. Bunday imkon qayerda bor? Va yana kompyuteru internet imkoniyatlari, dunyoning istalgan joyidagi kutubxonadagi kitob va qoʻlyozma nusʼhasini elektron variantda bir necha soniyada takdim etadigan axborot xizmati bugun talabayu izlanuvchilar ixtiyorida. U zamonlar buni aqlga sigdirib boʻlmasdi, biror noyobroq kitob zarur boʻlsa kutubxonachiga yozma ravishda uch-toʻrt kun avval buyurtma berish zarur edi. Shundogʻam oʻsha kitob topilsa... Shuning uchun ham Irkin Hamidovichning olimlik yoʻlini, akademik darajasiga koʻtarilganini haqiqiy qahramonlik desa boʻladi.
Har gal eslaganimda Irkin Hamidovichdek dunyoga yurt nomini maʼlumu mashhur qilgan olimlar siymosi koʻz oldimga keladi. Ulardan ruhiy madad olaman. Shogirdlarga ustozlar hayotidan mangulikka dahldor kitoblaridan misollar keltiraman. Chunki 31 yoshda fan doktori boʻlish, 35 yoshda dunyoni hayratga solgan Landau, Saxarovlardek akademik darajasiga koʻtarilish haqiqiy jasorat edi. Buning uchun kishida betimsol iqtidor, fidoyilik boʻlmogʻi zarur, deydi veterinariya fanlari doktori professor Ravshan Davlatov.
Yana ustoz hayotiga nazar tashlasak. Irkin Hamidovichning ilmiy ishlari Moskvadagi yirik olimlar tomonidan yuqori baholangan. Yevropaning bir necha rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli ilmiy jurnallar oʻzbek yigitining ilmiy xulosalarini birin-ketin chop eta boshlashdi. Shu tariqa Xalqaro parazitologiya jamiyatlari ilm osmonida paydo boʻlgan yorqin yulduzni yaqqol koʻrishdi. Natijada 1968-yil akademik darajasiga erishgan Irkin Hamidovich nomiga xalqaro simpozium va konferensiyalarda ishtirok etish taklifi bayon etilgan nomalar kela boshladi. Shu tariqa tadiqli olim dunyoning oʻnlab mamlakatlariga oʻtkazilgan turli xalqaro anjumanlarda maʼruzalar oʻqib, oʻz fikrlari bilan koʻpchilikni hayratga sola boshladi. Oradan koʻp oʻgmay mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgani bois Irkin Hamidovich Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, ixtirochisi, “K.I.Skryabin nomli oltin medal” xalqaro mukofotlarga sazovor boʻldi. Bir paytlar yosh talaba sifatida mashhur olim Skryabin oldiga qimtinib, tortinib kelgan va oʻz bilimini talabchan ustoz oldida sinovdan oʻtkazgan yigit yillar oʻtgach mehnatsevarligi, bilim olishga chanqoqligi tufayli el eʼtiboriga tushdi, ustozi nomi bilan atalgan oltin medalga muyassar boʻlgani ham gʻoyat quvonarlidir. Nazarda tuting, bu nafaqat taqdirning inoyatiyu mukofoti, balki igna bilan quduq qazishdek murakkab boʻlgan ilm sohasida fidoyi boʻlishning mevasidir.
Ustozning ilm-fan taraqqiyotini yanada yuksaltirish, Oʻzbekistonda ilmiy sohada olib borilayotgan katta oʻzgarishlarga dunyo eʼtiborini qaratish, shu tariqa jahon ilmu fan yutuqlarini oʻzbek olimlari mehnati bilan muqoyasa qilgan holda ish yuritish borasidagi faoliyati ham tahsinga loyiqdir. Uning tashabbuskorligi va bevosita rahbarligida oʻnlab xalqaro simpozium va kongresslar tashkil etilgan va bu tadbirlar, asrlarga tatigulik ilmiy saʼy-xarakatlar natijasi oʻlaroq akademik tomonidan dunyo allomalari tan olgan oʻzbek parazitologiya maktabi yaratilgan. Bu maktabning asosini tashkil etuvchi 8 nafar fan doktori va 40 nafardan ortiq fan nomzodlari oʻz tadqiqotlarining ilmiy poydevorini bevosita ustozlari akademik Irkin Hamidovich nomi bilan chambarchas bogʻlaydilar.
Akademik hayotining soʻnggi kunlarida ham oʻzini ilmdan ayro tutgani yoʻq. Samarqand qishloq xoʻjalik instituti, talabalaru olimlar davrasi, qiziqarli va fanning dolzarb muammolariga bagishlangan gurunglar. Pavlov, Landau, Skryabin singari dunyoga dongʻi ketgan olimlar singari sochlari oqarib ketgan, ammo qaddi qomati yoshlar singari raso ustozni Samarqand koʻchalarida tez-tez uchratish mumkin edi. U kamtarligi, yoshlarga mehribonligi bilan boshqalardan ajralib turar, isteʼdodu talantini sezgan va mehri tushgan talabani oʻz uyida ham suhbatga chorlardi. Akademik bir samimiy, begʻubor inson sifatida doimo odamlar orasida edi. Oʻzi yaratgan kashfiyotlar, ilmiy natijalar samarasi oʻlaroq doimo chorvachilik dunyosi, veterinariya sohasining demakki, sizu bizning muammolarimizga sherik edi. U hayoti davomida oz emas koʻp emas, 220 dan ortiq patentlar, mualliflik guvohnomalari oldi, 750 dan ortiq kitoblar, qoʻllanmalar monografiyalar, darsliklar yaratdi. Bu ilmiy asarlar dunyoning oʻnlab mamlakatlari tillariga tarjima qilingani ham olimning ilmiy salohiyati naqadar yuksak boʻlganidan dalolat beradi. Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi nufuzli ilmiy dargohlarda qilingan maʼruza va chiqishlar parazitologiya sohasining eng murrakab jihatlariga bagʻishlangani bilan diqqatga sazovordir.
Bugun ustozning sehrli nigohidan kuch olgan, oʻgitlariga amal qilib fanda oʻz oʻrniga ega boʻlgan professorlar, yirik olimlar va amaliyotchilar akademik xotirasi oldida hurmatu muhabbat ila bosh egadilar, Zero, ustoz otadek ulugʻ, bobolardek mukarram. Ulugʻ bobomiz mir Alisher Navoiy hazratlari lutf etganidek.
Haq yoʻlinda bir harf oʻqitmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas aning haqin yuz ganj ila
Bahromjon Norqobilov,
Veterinariya fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish qoʻmitasi raisi