Maʼlumotlarga koʻra, hozirda dunyo boʻylab qariyb 46 million nafarga yaqin odamlar qullikning turli tuzoqlariga tushib keladi. Jabirdiydalarning aksariyati ayollar, ishsiz va taʼlim koʻrmagan insonlardan iborat.

Umuman, odam savdosi juda yirik daromad keltiradigan soha boʻlib, yiliga taxminan 150 milliard dollar miqdoridagi noqonuniy foyda keltiradi. Aslida, bu giyohvand moddalar savdosidan tashqari global uyushgan jinoyatchilarning eng katta daromad manbayidir.

Maʼlumki, mamlakatimizda ham odam savdosi dolzarb muammolardan biri. Yaʼni, odam savdosi qurboniga aylanuvchi toifa vakillari, xususan doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan insonlar soni nisbatan bizda yuqori. Qolaversa, oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichi ham past. 2020-yil hisobi boʻyicha qamrov 25 foizdan oshishi kutilmoqda. 2030-yilgacha esa, qamrab olish koʻlami 50 foizga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Biroq rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan boʻlsak, bu koʻrsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 2020-2021 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat yoʻnalishiga 1 484 085 nafar abituriyentlar roʻyxatdan oʻtgan. Shundan joriy yil bitiruvchilar 536 144 nafar yoki hujjat topshirganlarning 36,13 foizni tashkil qiladi. Qabul kvotasi esa, umumiy hisobda (kunduzgi, kechki, sirtqi) 139 950 ta. Hisob-kitob qilinsa bir milliondan ortiq abituriyentlar afsuski talaba boʻla olmaydi. Toʻgʻri, abituriyentlar orasida doimiy ish oʻrniga ega boʻlganlari ham bor. Lekin ularning soni u qadar ham katta miqdorni tashkil etmaydi. Demak, oʻz oʻzidan ayonki oliy oʻquv yurtiga kira olmagan qariyb bir millionga yaqin abituriyentlar turli yot va buzgʻunchi gʻoyalar, jumladan odam savdosi qurboniga aylanish ehtimoli yuqori. Chunki ularning koʻpchiligi imtihonlardan keyin bir muddat ruhiy tushkunlikka tushadi. Odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar uchun bu kabi holatlar ayni muddaodir. Bunday vaziyatdan foydalanuvchi “odamfurush” kimsalar tushkun kayfiyatdagi yoshlarga moʻmay daromadli ish takliflarini berib oʻz sirtmogʻiga ilintiradi.

Demak, bizda oʻsha bir millionga yaqin yoshlar bilan nima qilinadi, degan haqli savol bor. Afsuski, bu boʻyicha aniq javob va biror dastur yoʻq.

Xalqimizda kasalni davolagandan uning oldini olish afzal ekanligi taʼkidlanadi. Mazkur iboradan kelib chiqib odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslarni qidirishga barcha kuch va resurslarni sarflashdan koʻra, koʻproq odam savdosi qurboniga aylanishga moyil boʻlgan yuqoridagi toifa vakillari bilan tizimli va manzilli ishlash samaraliroq. Yaʼni, birinchi navbatda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, hududlarimiz salohiyatidan kelib chiqib yoshlarni yashash joyiga mos kasb-hunar egallashlariga yetarli sharoit yaratish lozim. Oʻylashimcha, buning uchun bor resurs va imkoniyatlarni faqatgina bir tashkilotga ishonib topshirmaslik joiz. Yaʼni, yoshlar masalalari bilan bevosita shugʻullanuvchi tashkilotlar soni va salmogʻi ortishi maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, bu kabi tashkilotlar faqatgina iqtidorli yoshlar bilan ishlab emas, balki birlamchi vazifa sifatida ishsiz hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlashlari kerak. Kuzatishlarim boʻyicha bu borada soʻnggi vaqtlar oldinga siljishlar kuzatilmoqda.

Masalan, yaqinda IT-Park direksiyaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali “Sen Oʻzbekistonga keraksan!” sarlavhali xabarga koʻzim tushdi. Xabarda yoshlarning oliy taʼlim muassasasiga kira olmasa qaygʻurmasligi, qayergadir “surish” yoki ogʻir ishlarda ishlash zarur emasligi bayon etilgan. Buning oʻrniga oliy taʼlim muassasasining oʻrnini bosuvchi boshqa narsa, yaʼni IT borligi va IT-Park bu borada eng kerakli bilimlarni bera olishi, mutaxassis qila olishi, natijada esa jahon bozoriga chiqish va yaxshigina pul ishlash mumkinligi taʼkidlanadi. Eʼtiborli jihati IT-Parkning rasmiy saytiga kirilsa dasturlash borasidagi juda koʻp foydali resurslar bepul joylashtirilgan. Tahlilchi sifatida ayta olamanki, ochigʻi bu kabi yoshlarni ruhlantirishga qaratilgan xabarlar va loyihalar eʼtirofga loyiq.

Qolaversa, 2019-yilning noyabr oyida ilk marta bir qator tashkilotlar tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasiga start berilgan edi. Oʻylashimcha, mazkur loyihani ham bemalol yoshlar uchun eng kerakli va umidli loyihalar sirasiga kiritish mumkin. Boisi, ushbu loyiha oxirgi yillar hisobida talaba boʻla olmayotgan bir millionga yaqin abituriyentlarga “kelajak kasbi” hisoblangan dasturchilikni egallashi uchun katta imkoniyat taqdim eta oladi.

Albatta yuqoridagi loyihalar respublika yoshlarini birdek qamrab ololmaydi. Chunki, hududlarda internet tarmogʻi va elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolar mavjud. Bir soʻz bilan aytganda, hali oldinda qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻp.

Ammo ishonch bilan aytish mumkinki, biz bugun amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilab oldik, endi ularni bajarish uchun buzib boʻlmas tamoyillarni ham belgilab olsak yaxshi boʻlardi. Chunki, chiqarilayotgan yangidan yangi qarorlar ijrosi mahalliy darajaga tushganida oqsayapti. Yaʼni, quyi boʻgʻinda hamma bir xil emasligi bilinib qolmoqda. Shuning uchun hammamizni birlashtirib turuvchi tamoyillar aniq boʻlishi kerak. Shundagina, nafaqat odam savdosi kabi illatlar, balki boshqa muammolar ham oʻz vaqtida va samarali hal etiladi.

Nurillo Toʻxtasinov