Uy-joy va sanoat korxonalarini qanday tuproqli yerga qurish mumkin emas?

    Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizdagi 4,2 million gektar sugʻoriladigan yerning qariyb 1,8 million gektari turli darajada shoʻrlangan.

    Keyingi yillarda butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini xavfsiz va sifatli mahsulotlar bilan barqaror taʼminlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Buning boisi aniq: isteʼmol koʻpayib boryapti, yer va suv resurslari esa cheklangan. Yangi Oʻzbekistonda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻliq taʼminlashga erishish uchun mamlakatda qishloq xoʻjaligi imkoniyatini innovatsion rivojlantirish maqsad qilingan. Ushbu strategik maqsad va vazifalarga erishish esa bevosita tuproqning holatiga bogʻliq. Yaʼni hosildor tuproqni saqlab qolish uchun siyosat va ragʻbat zarur.

    Shu jihatdan olganda, bundan bir yil avval qabul qilingan “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qonunda tabiiy ekologik tizimlarni muhofaza qilish, tuproqdan samarali va ehtiyotkorlik bilan foydalanish, sifatini saqlash, salbiy taʼsirlardan himoya qilish kabi dolzarb masalalar belgilab qoʻyilgan. Eng asosiysi, qonunga binoan tuproqqa rasmiy huquqiy maqom berildi. Chunki ushbu qonunning butun mazmun-mohiyati Oʻzbekiston hududida barqaror tuproq sifatiga erishish va saqlashga qaratilgan.

    Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22-yanvardagi “Tuproq monitoringini amalga oshirish hamda tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham mazkur qonunning mantiqiy davomi sifatida qator zarur va ustuvor vazifalar qayd etildi. Masalan, unga koʻra, Tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida hamda Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Tuproq monitoringini amalga oshirish toʻgʻrisida mulohaza yuritsak, avvalo, tup­roq monitoringining oʻzi nima va nima uchun kerak, degan savollarga oydinlik kiritib olishimiz zarur.

    Aslida, monitoring kutilmagan oqibatlarni aniqlash uchun erta ogohlantirish tizimi, degani. Tuproq monitoringi esa tuproqni tiklash borasidagi saʼy-harakatlar samaradorligini baholashga yordam beradi. Bu chora nomaqbul tendensiyalarni erta aniqlash va zarar yetkazilishining oldini olishda qoʻl keladi. Umuman olganda, yerdan foydalanish uchun asosli qarorlar qabul qilishda monitoringning ahamiyati katta.

    Olimlarimiz tomonidan tuproq monitoringi boʻyicha tadqiqot ishlari 2000-yildan buyon oʻtkazib kelinadi. Bunda sugʻoriladigan, yaylov va lalmi yerlarda tabiiy sharoitda yoki inson faoliyati taʼsirida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar xarakteri, jadalligi hamda yoʻnalishi muntazam kuzatiladi.

    Hozir respublikamiz boʻyicha jami 210 ta (shundan 105 ta sugʻoriladigan, 65 ta lalmi va 40 ta yaylov) yerdagi kalit maydonlarda tuproq doimiy monitoring qilib kelinmoqda. Tahlillarga koʻra, yangi oʻzlashtirilayotgan yer hisobiga bu kabi kalit maydonlar sonini yanada oshirish zarur. Aytaylik, birgina Orol dengizining qurigan tubida 4 million gektardan ortiq yer mavjud boʻlib, turli iqlim va geo­morfologik rayonlarda joylashgan. Ana shu yerlarda ham tuproq monitoringining oʻrni va ahamiyati katta.

    Qarorga asosan, endi tuproqshunos olimlar tomonidan mulkchilik shaklidan va yer fondi toifasidan qatʼi nazar, shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv, foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun tuproqning unumdor qatlami boʻyicha tadqiqot ishlari bajariladi. Bundan koʻzlangan maqsad qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan yerning unumdor qatlami yoʻqolib ketishining oldini olishdir. Yaʼni bunday tuproqli yerlarda uy-joy qurilishi yoki shaharchalar paydo boʻlishi, sanoat korxonalari tashkil etilishi mumkin emas.

    Oʻtgan yildan boshlab tajriba tariqasida mamlakatimizning 13 ta tumanida tuproq unumdorligini oshirish uchun maqsadli subsidiya ajratish tizimi joriy etildi. Shundan kelib chiqib, ushbu tumanlar paxta maydonida gumifikatsiya va degumifikatsiya jarayoni tahlil qilindi. Bunda gumus miqdori kam boʻlgan tuproqlar aniqlanib, shunga oid xaritalar ishlab chiqildi. Tuproqlarda sodir boʻlayotgan gumifikatsiya va degumifikatsiya jarayoni tahlili boʻyicha qoʻllanma ishlab chiqildi.

    “Agrosubsidiya” platformasi orqali 2521 nafar yerdan foydalanuvchining arizasi koʻrib chiqilib, 2417 tasi ijobiy qanoatlantirildi. Mamlakat boʻyicha 80 ming gektar yerga subsidiya ajratilib, moliyalashtirildi.

    Hozir qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan yer resurslariga tabiiy va antropogen taʼsirlar kuchayib bormoqda. Natijada ekinlar rivojlanishi susayib, unumdorlik va hosildorlik pasaymoqda. Suv taqchilligi tobora kuchaymoqda. Bunday sharoitda yerni asrash, tuproq unumdorligini oshirish davr talabiga aylanadi.

    Bugun mamlakatimizda tuproqning shoʻrlanishi muammosi, ayniqsa, keskin. Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizdagi 4,2 million gektar sugʻoriladigan yerning qariyb 1,8 million gektari turli darajada shoʻrlangan. Bu muammo qishloq xoʻjaligida hosildorlikni pasaytiradi, yerning degradatsiyaga uchrashiga olib keladi. Yurtimizda sugʻorish va suv resurs­larini boshqarish tizimini yaxshilash, tuproqni boshqarishning yangi usullari, texnologik innovatsiyalar hamda qoʻllab-quvvatlovchi chora-tadbirlar koʻrilayotgani ana shunday holatlarning oldini olishga qaratilgan.

    Yer va tuproq resurslari — hamma sohaning tayanchi, asosiy ishlab chiqarish vositasi. Iqtisodiyotimiz, agrar sektorning rivojlanishi shunga bogʻliq. Shu bois, unumdor tuproq barqarorligi va holatini saqlash zaruratdir.

    Shuhrat BOBOMURODOV,

    Tuproqshunoslik va agrokimyoviy

    tadqiqotlar instituti direktori,

    biologiya fanlari doktori