Uy-joylardan foydalanishda keng imkoniyatlar yaratiladi

    Mamlakatimizda 13 May 2022 1059

    2022-yil 13-mayda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ekspertlar guruhi majlisida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi koʻrib chiqildi.

    Senatorlar tomonidan 1998-yil qabul qilingan amaldagi Uy-joy kodeksning normalari hozirgi zamon talablariga toʻliq javob bermasligi taʼkidlandi. Xususan, uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimining mavjud emasligi davlat tomonidan izchil uy-joy siyosatini amalga oshirishni murakkablashtiryapti. Bu esa oʻz navbatida, uy-joy sohasidagi davlat boshqaruvini qayta koʻrib chiqishni, uy-joy siyosatini tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etishni talab qiladi.

    Amaliyotda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hamda aholining ehtiyojlari va zamon talablariga javob bermaydigan normalarni bekor qilish, uy-joy munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarni toʻgʻridan-toʻgʻri Uy-joy kodeksida aks ettirish zarurati mavjud.

    Shu munosabat bilan yangi tahrirdagi Kodeksda uy-joy sohasidagi munosabatlar tartibga solinib, uning fuqarolik qonunchiligi bilan chegarasi aniq belgilanadi.

    Bundan tashqari, turar joyga boʻlgan mulk huquqi barcha turdagi fuqarolik-huquqiy bitimlar orqali vujudga kelishi, turar joyga boʻlgan mulk huquqini amalga oshirish va u bilan bogʻliq cheklovlar nazarda tutiladi.

    Shuningdek, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni hisobga olish va hisobdan chiqarish, hisobga olishni rad etish asoslari, turar joy masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyati hamda turar joy bilan taʼminlashga oid qoidalar aniq qilib belgilanadi.

    Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Uy-joy kodeksini qabul qilinishi natijasida uy-joy toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi taʼminlanadi, ushbu sohadagi davlat nazorati oʻrnatiladi, davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtiriladi, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi masʼuliyati oshadi, uy-joy obyektlarini qurishga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilinishiga erishiladi.

    Majlis yakunida ekspertlarning ushbu Qonun boʻyicha tavsiyalari tayyorlanib, ular Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.