Aholining katta qismi ilgarigi kuzatuvchilik maqomidan bugungi jadal tarixiy yangilanishlar jarayoni ishtirokchisi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, axboriy, innovatsion-texnologik sohalarning faoli boʻlishga intilmoqda.
Bu tabiiy hol, albatta. Dono xalqimizning “Ming marta gap uqtirgandan koʻra bir marta amalda koʻrsat” hikmati amalda namoyon boʻlayotir. Yangilanish hamda oʻzgarishlarga tomon qoʻyilgan ulkan qadamlar va ularning yaqqol samarasi fuqarolarda ham aks sado bermoqda. Ilgarigi boqimandalik, shart-sharoitlar yaratilishi hamda yaxshilanishini kutish, kuzatuvchilik va shunga oʻxshash salbiy illatlar oʻrniga yurtimizda kechayotgan har bir jarayonga daxldorlik hissi shakllangani, oʻzining shu yurt kelajagi uchun masʼulligini anglash darajasi birmuncha oʻsganini qayd etish lozim.
Prezidentimizning shu yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida qayd etilganidek, yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha sakkiz yil oldin boshlangan keng koʻlamli islohotlarimiz tufayli jamiyatimizning ijtimoiy¬-siyosiy manzarasi butunlay oʻzgarib bormoqda.
Dastlabki bosqichda xalq bilan muloqotdan boshlanib, yangicha ijtimoiy himoya tizimi barpo etilishigacha boʻlgan soʻnggi 8 yilda Oʻzbekistonda davlatning asl funksiya va vazifalarini amalda tatbiq etishga kirishildi. Normativ-huquqiy asoslari mustahkamlangan ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni amalga oshirish uchun bugungi kunda davlatning katta resurslari yoʻnaltirilgani va bu boradagi ulkan saʼy-harakatlar oʻz samarasini berib, aholida mamnunlik hamda rozilik kayfiyati shakllanishiga, bu esa pirovard natijada ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorlashuviga olib kelyapti.
Dunyoning koʻplab nuqtalarida savdo urushlari va oʻzaro nizolar, jangu jadallar roʻy berayotgan hozirgi paytda, afsuski, oʻsha voqealar kechayotgan beqaror mamlakatlarda oʻziga xos ijtimoiy-maʼnaviy muhit shakllanganini ham taʼkidlash lozim. Bunday murakkab sharoitda ularning aksarida fuqarolar ongi, tafakkuri va shuurida oʻch olish, faqat oʻzini haq deb bilish, muloqotdan, murosayu madoradan qochish kabi salbiy illatlar ustuvordek, nazarimizda.
Shu sababli bugungi kunda yurtimizdagi bunyodkorlik ruhiga tayangan ulkan oʻzgarish va yangilanishlar qadriga yetgan holda buning natijasida jamiyatimizda shakllangan oʻziga xos barqaror, ijobiy, yangilangan ijtimoiy-maʼnaviy muhitni his etishimiz lozim. Nafaqat his etish, balki uni asrab-avaylash, davomiyligi hamda takomillashuviga erishish, unga hissa qoʻshish va samarasidan bahramand boʻlish har bir insonning burchi, vazifasi boʻlishi shart.
Albatta, keyingi yillarda shakllangan yangicha ijtimoiy-maʼnaviy muhit oʻz-oʻzidan yuzaga kelib qolgani yoʻq. Avvalo, mazkur masalaga qarash va yondashuvlar tamomila oʻzgargani, davlat idoralarining eng quyi pogʻonagacha tushib, mavjud vaziyatning chuqur tahlili asnosida taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, davlat byudjetining 60 foizdan ortiq qismi bevosita ijtimoiy masalalarga, bu borada istiqbolli deya -eʼtirof etilgan loyihalarga yoʻnaltirilayotgani oʻz samarasini bermoqda.
Tinch mamlakatda, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitda fuqarolarning oʻz salohiyatini toʻlaqonli realizatsiya qilish, imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga xohish va intilishi ham birmuncha oʻsdi. Ayniqsa, aholining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlarda hayotga, kechayotgan jarayonlarga qarash, ularni qabul qilish va munosabat bildirish, mazkur jarayonlarning faol ishtirokchisi boʻlish darajasi ancha yuksaldi.
Joriy yil 30-iyunda Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yurtimizdagi yangilanishlar jarayonida yoshlarimiz alohida faollik koʻrsatganini taʼkidlab, bu oʻgʻil-qizlarimizning vatanimiz taqdiri va kelajagiga yuksak daxldorlik tuygʻusi bilan yashayotgani, siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga yangicha ruh va mazmun olib kirayotganidan dalolat berishini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ayni paytda bunday faol munosabat butun xalqimiz qatori yoshlarimiz bilan ham doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyib, fikr va istaklarini eshitayotganimiz, barcha dastur va rejalarimizni amalga oshirishda oʻgʻil-qizlarimizni keng jalb etib, ularga ishonch bildirayotganimiz natijasi, desak toʻgʻri boʻladi, degan edi davlatimiz rahbari.
Ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan ushbu uchrashuvda yoshlarning oʻz fikr va qarashlari, taklif va tashabbuslarini dadil bayon etishidan koʻrish mumkinki, mamlakatimizda yangicha qarashga ega, zamon ruhiyatini teran anglagan va yuksak maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy qadriyatlarga tayanuvchi ijtimoiy qatlam shakllanmoqda. Mazkur ijtimoiy qatlam — yoshlarning fikrlashi, xatti-harakatlari va orzu-istaklaridan kelgusida ular jamiyatimizdagi ijtimoiy munosabatlarning yetakchi kuchiga aylanishini, boshqa ijtimoiy qatlamlar bilan boʻladigan aloqalarga taʼsir koʻrsata olishini va oʻz navbatida, ijtimoiy-maʼnaviy muhit yangilanishi, takomillashuviga turtki berishini kutish mumkin.
Uchinchi Renessans poydevori qoʻyilayotgan ayni pallada jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit qay holatda ekani, xususan, yoshlarning kayfiyati, maʼnaviy-ruhiy barkamolligi, marra va moʻljalni qanday olayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Buni oʻrganish, tahlil etish va tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqish borasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutida oʻziga xos tajriba shakllangan. Institutimiz faoliyatini quyidagi uch yoʻnalishda amalga oshiryapti.
Birinchidan, ijtimoiy-maʼnaviy muhit, uning ilmiy-metodologik va nazariy-amaliy jihatlari yuzasidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, turli loyiha va davlat grantlari doirasida bajarilayotgan ishlar, shuningdek, respublika miqyosida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ilmiy-amaliy konferensiya hamda anjumanlarni koʻrsatib oʻtish oʻrinli boʻladi.
Ikkinchidan, institutimiz tomonidan ijtimoiy-maʼnaviy yangilanishlar jarayonining borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitning holati hamda mavzuga aloqador masalalar yuzasidan aholi orasida oʻrganishlar olib borilayotgani, turli soʻrovnomalar oʻtkazilayotganini ham alohida qayd etish zarur. Mazkur oʻrganish va soʻrovnomalar jamiyatimizdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitning oʻziga xos barometri sifatida maydonga chiqmoqda hamda aholi kayfiyati, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlar jarayoniga nisbatan daxldorlik hamda rozilik hissini aniqlashda muhim vosita boʻlmoqda.
Uchinchidan, jamoamiz tizimdagi boshqa tashkilotlar hamda yurtimizdagi ziyolilar, maʼnaviyat-maʼrifat sohasi fidoyilari bilan birgalikda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning holati, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishning dolzarb masalalari yuzasidan mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan turli targʻibot tadbirlari, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarda faol ishtirok etmoqda.
Kelgusida ham ijtimoiy-maʼnaviy muhitni doimiy monitoring qilib borish, oʻrganish hamda tizimli tahlilga tayangan xulosalar chiqarish dolzarb ahamiyatga ega masala sifatida soha mutaxassislari, ekspertlar va ilmiy doira vakillari ¬eʼtiborida boʻlishi lozim. Zero, mamlakatimizdagi ulkan oʻzgarishlar natijasida shakllangan tamomila yangicha ijtimoiy-maʼnaviy muhitni asrab-avaylash, takomiliga yetkazish muhim vazifalarimizdan boʻlib qolaveradi.
Rustam RASHIDOV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi