2022-yilning birinchi choragida UzAuto Motors 619,6 mlrd soʻm sof foyda oldi, bu 2021-yilning shu davriga nisbatan qariyb 75 foizga koʻpdir. Kompaniyaning choraklik moliyaviy hisobotida mazkur maʼlumotlar oʻrin olgan.

Yanvar-mart oylarida UzAuto Motors daromadi 8,6 trln soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga (4,4 tlrn soʻm) nisbatan deyarli ikki barobar koʻpdir.

Ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 2021 va 2022-yillarga nisbatan ikki baravar oshdi: 3,55 trln soʻmdan 7,2 trln soʻmga. Biroq kompaniyaning yalpi foydasi 1 trln 470 mlrd soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 64 foizga oshgan.

Kompaniyaning yanvar-mart oylaridagi xarajatlari 7,6 trln soʻmni tashkil etdi. 143 mlrd soʻm daromad soligʻi toʻlangan va bu 2021-yilning birinchi choragiga nisbatan 2,15 barobarga koʻpdir.

Birinchi chorakda UzAuto Motors sof foydasi 619,6 mlrd soʻmga yetdi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 75 foiz kamroq — 352,29 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

Uch oy davomida avtokonsern chiqaruvchisi 68 746 dona avtomobil ishlab chiqargan. 2021-yilda jami 236 667 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida birinchi yarim yillikda ishlab chiqarishni 160 mingtaga, yil oxiriga qadar esa ishlab chiqarishni 275 ming donaga yetkazish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston birinchi chorakda 43,8 mln dollarlik avtomobillar eksport qildi, bu 2021-yilning yanvar-mart oylaridagi koʻrsatkichning atigi 45,4 foizini tashkil etadi.