UzAuto Motors avtomobillar sotuvini toʻliq onlayn shaklga oʻtkazmoqchi

    Sanoat 1 Dekabr 2023 1268

    UzAuto Motors shartnoma berish jarayonini toʻliq onlayn tarzda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

    «Joriy yil avgust oyidan boshlab UzAuto Motors avtomobillar uchun navbatni kamaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar qabul qilgan edi. Bu ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek, avtomobillarni ishlab chiqarish jadvali asosida sotish navbatlarini 3 barobarga, kutish muddatini esa oʻrtacha 1-3 oyga qisqartirish imkonini berdi.

    Ammo kutish muddatlari bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish boʻyicha qilingan yechimlar, dilerlik markazlarida ommaviy avtomobillar uchun shartnomalarni olishdagi keskinlikni kamaytirmadi, bu esa haqli ravishda isteʼmolchilar noroziligi kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

    Bundan avvalgi kontraktatsiyada, dasturiy taʼminotda yuqori yuklanish tufayli yuzaga kelgan texnik nosozliklar uni sezilarli darajada yangilash zarurligini koʻrsatdi.

    Shu munosabat bilan, UzAuto Motors kompaniyasi Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda UzAutoSavdo tizimini modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, tizimning texnik jihozlanishini kuchaytirish boʻyicha samarali ishlar qilinmoqda», deyiladi xabarda.

    Onlayn sotuv boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning yakunlanishi va onlayn savdoga toʻliq oʻtish vaqti kompaniyaning rasmiy kanallarida qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinishi qayd etilgan.

    Avtomobilni onlayn xarid qilish boʻyicha shartnoma tuzish uchun mijozlar quyidagilarni amalga oshirishlari lozim:

    1. OneID tizimidan roʻyxatdan oʻtish;
    2. Telefonga “UzAvtoSavdo” ilovasini yuklab olish (iOS/Android), avdo.uzavtosanoat.uz saytiga kirishi kerak;
    3. OneIDdagi parol yoki login yordamida sayt/ilovadan roʻyxatdan oʻtish;
    4. Avtomobil modeli, rangi va komplektatsiyasi hamda maʼqul kelgan dilerlik markazini tanlagan holda shartnoma tuzish kerak boʻladi.