Hujjatda yangi “Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini birgalikda amalga oshirish, jumladan, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish, ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, yo‘lovchilar tashish, jumladan, tranzit oqimini ko‘paytirish, yangi aviakompaniyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
 
“Biz dunyodagi eng yaxshi aeroportlardan biri, shunigdek, eng yirik xalqaro xablardan birini yaratgan kompaniyaning yangi poytaxt aeroporti loyihasiga qiziqishini olqishlaymiz. Toshkent qulay geografik joylashuvga ega ekanligini hisobga olsak, mamlakatimizda xuddi shunday konsepsiyalarni amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, "Changi" — bu ilg‘or texnologiyalar, aeroport faoliyatidagi katta tajriba, dunyo tomonidan tan olingan loyiha. Bunday hamkor bilan ishlash biz uchun katta sharaf ”, — deya izoh berdi "Changi Airports International" boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Birinchi bosqichda (6 oy) bitim doirasida "Changi Airports International" kompaniyasini davlat-xususiy sheriklik loyihasiga xususiy sherik sifatida jalb etish imkoniyati bilan birgalikda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollarigacha yetishi kutilmoqda.

Changi aeroporti — Osiyodagi aviasiya markazlaridan biri va Singapurdagi yagona xalqaro aeroport. 1981 yilda ochilganidan buyon aeroport aviasiya sanoatida etalonga aylandi va 1987 yildan 2007 yilgacha yigirma yil davomida 280dan ortiq mukofotga sazovor bo‘ldi. 2019 yilda Singapurning "Changi" aeroportida 68,3 million yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan va bu aeroportni xalqaro yo‘lovchilar soni bo‘yicha dunyodagi 7-o‘ringa olib chiqqan.