Mana shunday korxonaning O'zbekistonda barpo etilishi vatandoshlarimiz qalbini faxr-iftixorga to'ldiradi.
Yangi O'zbekiston bilan tengdosh, yelkadosh bo'lgan ushbu loyiha doirasidagi ishlar yakuniga etmoqda. Tabiiy gazni chuqur qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytiradigan, uglevodorodlar importini keskin kamaytiradigan ushbu majmuaning qurilishi hal qiluvchi bosqichga kirgan. Bu yerda eng zamonaviy markadagi aviakerosin, dizel yonilg'isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.
Dunyo uchun o'ta murakkab va sinovli kechgan koronavirus pandemiyasi sharoitida bunyod etilayotgan sanoat giganti yangi O'zbekistonning chinakam iqtisodiy salohiyati, ulkan bunyodkorlik g'oyasi va yorqin istiqbolini o'zida mujassam etadi.
Sahrodagi betakror sanoat mo'jizasi
Jahon energetika tarmog'idagi eng yirik loyihalardan biriga Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “Sho'rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilg'i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan start berilgan edi. Davlatimiz rahbari bu ulkan loyiha tashabbuskori sifatida unga bo'lgan e'tiborini bir zum esa-da susaytirmadi. O'tgan yillar mobaynida bu erga bir necha bor keldi, o'zgarish va yangilanishlarni ko'zdan kechirib, mutasaddilarga muhim topshiriqlar berdi.
“GTL”da ilk kunlardanoq bunyodkorlik ishlari shiddat bilan boshlandi. Kunlar tunga, kuzlar qishga ulansa-da, ish sur'ati aslo pasaymadi. Hatto 2020-yildagi pandemiya ham bunyodkorlarning shahdini so'ndira olmadi. Ayni damda loyihaning bajarilish hajmi 96 foizga yetdi. Bugungi kunda qurilish-montaj ishlari bilan bir paytda zavodni ishga tushirish va sozlash jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xalqaro konsultant Saravanan Suvermani uch yildan buyon mazkur qurilishda ishtirok etmoqda. Ekspertning so'zlariga ko'ra, Qashqadaryoda bunyod bo'layotgan sanoat majmuasi dunyodagi GTL loyihalari ichida eng ulkani.
— O'zbekiston Prezidenti zavod qurilayotgan maydonga bir necha bor tashrif buyurdi, — deydi Saravanan Suvermani — Zero, bu tashabbus ortida yangicha tafakkur, texnologiyalar, yangi istiqbol va eksportning yangi imkoniyatlari mujassam. Mamlakat rahbariyati loyihani hayotga tatbiq etishga katta e'tibor qaratib kelyapti. Bizni qo'llab-quvvatlab, yuzaga keladigan har qanday masala va muammoni hal etib beryapti. CHunki bu mamlakat uchun ulkan iqtisodiy istiqbollarni belgilaydigan yirik quvvat. Zavod ishga tushgach, sanoat va qishloq xo'jaligi uchun zarur barcha yoqilg'i turlari ishlab chiqariladi. Tabiiyki, mamlakatning iqtisodiy rivojiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Bu kabi ulkan quvvatlarni ishga tushirish orqali qisqa fursat ichida aqlbovar qilmas iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin.
1 milliard dollarlik neft xomashyosi
importiga chek qo'yiladi
Xo'sh, nima uchun “Uzbekistan GTL” zavodini sanoat giganti sifatida ta'riflayapmiz? Birgina qiyos. Qatarda GTL texnologiyasi asosida faoliyat ko'rsatuvchi zavodda bir yilda 1 million 200 ming tonna suyuq sintetik yonilg'i ishlab chiqariladi. Nigeriyadagi GTL zavodi 1 million 300 ming tonna shunday yonilg'i ishlab chiqarish quvvatiga ega. “Uzbekistan GTL” ishga tushgach, bu ko'rsatkich 1,5 million tonna bo'ladi.
O'zbekiston bozori uchun yangi, shu bilan birga, yuqori sifatli neft` mahsulotlari — 724,6 ming tonna dizel` yonilg'isi, 437,3 ming tonna nafta, 307,3 ming tonna aviakerosin, qolaversa, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Bu — yiliga neft xomashyosi importi uchun sarflanayotgan 1 milliard dollargacha valyuta iqtisod qilinadi, degani.
— Loyihada neft hamda tabiiy gazni qayta ishlash zavodlari uyg'unlashgan, — deydi “Uzbekistan GTL” kompaniyasi bo'lim boshlig'i Nosir Zokirjonov. — Ya'ni zavodning yarmi gazni, qolgan qismi neftni qayta ishlaydi. Loyihaning noyobligi shunda. Zavod uchun eksklyuziv tayyorlangan Fisher-Tropsh reaktorlari yordamida metan gazi molekulyar darajada parchalanadi. Bu jarayonda sintetik gaz olinadi. Undan istalgan neft mahsulotini tayyorlash mumkin. Zavodimiz ishga tushsa, O'zbekiston iqtisodiyotiga juda katta hissa qo'shishiga ishonaman.
Megaloyihani ishga tushirishdek eng mas'uliyatli ishda bosh-qosh bo'layotgan yosh mutaxassisdan “Zavodni odamlar o'z hayotida his qiladimi?” deb so'raymiz.
— Albatta, his qiladi, — deydi qat'iy ishonch bilan Nosir Zokirjonov. — Eng avvalo, bozorda yuqori sifatli yangi mahsulotlar paydo bo'ladi. Loyiha ishga tushsa, uglevodorod xomashyosini import qilishga hojat qolmaydi. Zavodimiz bir kun ertaroq ishga tushishi ham iqtisodiyotimizga katta daromad olib keladi. Shu jihatdan qurilish jarayonidagi har bir daqiqamiz, har bir kunimiz hisobli.
Xomashyo qiymati kamida ikki barobar oshadi
Umumiy qiymati 3,6 milliard dollardan ziyodni tashkil etadigan bu majmua o'z miqyosiga ko'ra nafaqat O'zbekistonda, balki butun mintaqadagi eng yirik investitsion loyihalardan biridir.
— Bu biyobonlarda yoshligimiz o'tgan, — deydi g'uzorlik mehnat faxriysi Xalil Soatov. — Qaqrab yotgan cho'l edi. Mana shunday ulkan inshoot qurilyaptiki, uni qurish ham har qanday davlatning, har qanday davlat rahbarining qo'lidan kelavermaydi. Buning uchun ham jasorat kerak, ishonch kerak. Yangi O'zbekistonning yana bir zabardast qadami, desak ham bo'ladi. Bu zavod kelajakni ko'zlab qilinayotgan ish, Prezidentimizning yetti o'lchab, bir kesib, shu yurt, shu el uchun qilayotgan ulkan ishlaridan biri.
Megaloyihaning yana bir ahamiyatli jihati uning jahon bozorida eng arzon hisoblangan metan gazini qimmatbaho neft` mahsulotiga aylantirish imkoniyatidadir. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, GTL texnologiyasi asosida qayta ishlangan uglevodorod xomashyosining qiymati kamida 2 barobar oshadi.
— O'zim iqtisodchi olimman, — deydi Xalil ota. — Biz gazni xorijga eksport qilardik. Qayta ishlash, qo'shimcha qiymat yo'q edi. Huzurini chet elliklar ko'rardi. Xuddi paxtachilikdagi kabi. Mana, klasterlar joriy etilib, dehqonning ham kosasi oqardi. Yangi zavod iqtisodiy samaradorligining ham cheki yo'q.
Zavod uchun foydalanilgan metall konstruktsiyalardan
4 ta Eyfel minorasi qurish mumkin
Loyiha chin ma'noda gigant. Majmuaga jahonning eng oldi texnologiyalariga asoslangan zamonaviy uskunalar o'rnatilgan. Hisob-kitob qilinsa, ushbu uskunalar og'irligi 40 000 tonnadan oshib ketadi.
Tasavvur qilish uchun aytish kerakki, mana shunday og'irlikdagi metall konstruktsiyalarga Frantsiyadagi mashhur Eyfel minorasidan 4 ta qurish mumkin.
— Uglevodorodni parchalab, undan umuman boshqa neft mahsuloti hosil qilish uchun, albatta, juda chuqur qayta ishlash texnologiyasi talab etiladi, — deydi Nosir Zokirjonov. — Bu zavod 3 ta litsenziar - Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol”, Daniyaning “Haldor Topsoe” va AQSHning “Chevron” kompaniyalari texnologiyasi asosida qurilgan. Majmuada havoni tarkibiy kismlarga ajratadigan, haroratni avtomatik tarzda nazorat qiladigan dunyodagi eng oldi texnologiya va reaktorlar o'rnatilgan. Bunday tarixiy, ulkan loyihalarda ishtirok etish har bir yoshning orzusi deb o'ylayman. Albatta, men ham bu qurilishga o'z hissamni qo'shayotganimdan faxrlanaman.
Toshkent davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori A'zamjon Zokirovning qayd etishicha, GTL zavodini qurishda 24 ta davlatdagi 129 ta korxonada ishlab chiqariladigan eng zamonaviy texnologik uskunalardan foydanilgan. Bu yirik majmua O'zbekiston iqtisodiyotidagi boshqa sektorlarning rivojlanishiga va yangilari ochilishiga turtki beradi.
Mahsulotlar “yevro 6” standartiga
javob beradi
Xo'sh, gigant va noyob deya ta'riflanayotgan zavodda ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining sifati qanday bo'ladi? Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda neft mahsulotlariga “yevro 5” standarti talab etiladi. Tahlillar shuni ko'rsatyaptiki, “Uzbekistan GTL” zavodida tayyorlanadigan neft mahsulotlari hatto “yevro 6” mezonlariga ham to'la javob beradi.
— Bunday yirik loyiha qurilishi tarixda ilk marotaba kuzatildi. Zavod kuniga 37 ming barrel suyuq yoqilg'i ishlab chiqaradi. SHu tarzda O'zbekiston dunyo miqyosida mazkur yo'nalishdagi etakchi davlatga aylanadi, — deb hisoblaydi “Sasol” kompaniyasi vakili Yoxan Degenaar.
Shunday kunlar keladiki, mutaxassislarimiz chet elga borib, mana shunday zavodlarni quradi
O'zbekiston iqtisodiy qudratini o'zida ifoda etgan ulkan majmua tom ma'noda mamlakat faxriga aylanadi, desak mubolag'a bo'lmaydi. “Uzbekistan GTL”dagi qizg'in qurilish jarayonlariga guvoh bo'lgan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti professori Oktyabr` Rahimov o'z taassurotlarini bunday ifodalaydi:
“GTL rahbariyati zavodning ishga tushganidan keyingi taqdirini belgilash uchun yaqinda o'zbek olimlari bilan hamkorlik doirasida tanlov e'lon qildi. Tanlovda yaxshi o'rin olgan bo'lsam kerak, suhbatga chaqirishdi. Zavodga borib, to'g'risi, hayron qoldim. Mana buni bunyodkorlik desa bo'ladi.
“Men bilan kim suhbat qilarkan?” deb kutib turdim. Yosh mutaxassislar kelishdi. Hayratim yanada oshdi. Ingliz tilida xorijlik ekspertlar bilan erkin muloqot qilyapti. Ko'zlari yonib turibdi. Hali zavod ishga tushmasdan muammolarga echim izlashyapti: tabiiy gazni qayta ishlagandan keyin chiqindilar hosil bo'ladi. Shu chiqindini takror qayta ishlab, yana qanday mahsulot ishlab chiqsak bo'ladi? “Forsayt” — yuqori texnologiya asosida zavodning 2050-yilgacha bo'lgan strategiyasini bashoratlash haqida gapirishyapti. Yoshlarimiz bunday zamonaviy texnologiyalardan xabardor ekaniga qoyil qoldim. O'z ishini shunday puxta biladiki, haqiqatan ham hayron qolmay ilojimiz yo'q.
Demak, zavod taqdiri ishonchli qo'llarda. Demak, Prezidentimizning yoshlar borasidagi siyosati, O'zbekiston sanoatini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotining kelajagini belgilovchi asosiy omil ekaniga oid fikrlari 100 foiz to'g'riligiga professor olim sifatida tan berdim”.
Haqiqatan, “Uzbekistan GTL” loyihasi yoshlarga xalqaro darajadagi tajriba va bilimlarni o'rganishi uchun katta imkoniyatdir.
— Bu erda eng malakali, yuqori bilimga ega bo'lgan yosh muhandislar jamoasi yig'ilgan, — deydi “Uzbekistan GTL” kompaniyasi bo'lim boshlig'i Nosir Zokirjonov. — Hammasi bilimga chanqoq, tirishqoq, hammasi chet davlatlarda malakasini oshirib kelgan.
— Zavodda ishlayotganimdan faxrlanaman, — deydi ana shunday yosh mutaxassislardan biri Nuriddin Yo'lchiyev. — Ko'rib turgan texnologiyalaringiz dunyoda barmoq bilan sanagulik, mintaqada esa yagona, desak ham bo'ladi.
G'uzorlik mehnat faxriysi Zokir Jumayevning mulohazalari ham e'tiborimizni tortdi.
— Zavod qurilyapti, bu o'z-o'zidan bo'layotgan narsa emas. Bunga juda katta sabr, katta kuch, katta matonat kerak. “Qani edi, men hozir yosh bo'lsam-da, shu zavodga ishga kirsam”, degan fikr o'tdi xayolimdan. Mamlakatimizdagi bunday katta o'zgarishlarni ko'rib, odam yoshargisi va yana ishlagisi kelib ketadi. Niyatimning xolisligi — zavod qurilishida o'g'lim ishtirok etyapti. O'g'lim bilan suhbatlashganimda: “Dada, — deydi, — shunday kunlar keladi, bizning mutaxassislarimiz chet elga borib, mana shunday zavodlarni qurib beradi. Tengdoshlarimning chet eldan kelib ishlaydiganlarga nisbatan ustunlik tomonlari juda ko'p”. Inshaalloh, shu kunlarga ham yetaylik.
“Uzbekistan GTL” mamlakatimiz neft-gaz tarmog'ida yangi davrni boshlab beradi. Bu strategik loyiha bilan mamlakatimiz energetika tarixida ilk bor yuqori sifatli sintetik yonilg'i ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yiladi. Agar buni pulga chaqsak, gigant zavodda yiliga 7,8 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Bu esa iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlaydi, xalqimiz farovonligi uchun muhim zamin bo'lib xizmat qiladi.
Ulug'bek RAHMONQULOV,
jurnalist