Umumiy quvvati 90 MVtgacha boʻlgan elektr energiyasini ishlab chiqarish qurilmasining ishga tushirilishi bilan yaqin kunlarda GTL zavodi nafaqat oʻzining ishlashi uchun zarur boʻlgan elektr energiyasini ishlab chiqarishni, balki respublika milliy elektr tarmogʻiga qoʻshimcha 45 MVtgacha boʻlgan hajmda elektr energiyasini yetkazib berishni ham boshlaydi.

Qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlar Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Shoʻrtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlar, jumladan, turar-joy binolari va tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini yaratadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ ishchi guruh tashrifi doirasida Boshqaruv Raisi asosiy neft-gaz korxonalarini, jumladan, gaz konlarida oʻrnatilgan kompressor stansiyalarini GTL zavodi ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi negizida yagona avtonom tarmoqqa ulash imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha topshiriq berdi.

Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining energetika tizimining barqarorligini oshirish va asosiy ishlab chiqarish obyektlarini, birinchi navbatda, neft va gaz qazib olish obyektlarini avtonom elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha topshiriqlarini bajarish doirasida amalga oshiriladi.

Qayd etish joizki, GTL zavodida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini avtonom ishlab chiqarish ekologik jihatdan xavfsiz boʻlib, texnologik jarayon davomida hosil boʻladigan ortiqcha bugʻ hisobiga amalga oshiriladi. Umuman olganda, GTL zavodida quvvati 90 MVtgacha boʻlgan elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkita bugʻ turbinali generator oʻrnatilgan.