Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi huzurida tashkil etilgan “Agro Exchange” MCHJning quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:
— aholi xoʻjaliklarida, shuningdek dehqon va fermer xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erkin bozor narxlarida sotish imkonini beruvchi “Uzex Agro” elektron savdo maydonchasining uzluksiz ishlashini taʼminlash;
— platformaning texnik qoʻllab-quvvatlanishini va bozor tamoyillari asosida koʻrsatilayotgan xizmatlarni doimiy takomillashtirishni taʼminlash;
— hududlarda qishloq xoʻjaligini yuritish uchun moʻljallangan boʻsh yerlarni kengaytirish orqali zamonaviy agrokomplekslarni tashkil etish;
— agrokomplekslar atrofida jozibador investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish.
2025-yil 1-yanvargacha platforma orqali mahsulot sotish uchun aholi, fermer va dehqon xoʻjaliklaridan vositachilik haqi olinmaydi.
Qaror bilan “Uzex Agro” elektron savdo maydonchasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
— platformada savdo ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
— operator va platforma ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari;
— eʼlonlarni joylashtirish va savdolarni oʻtkazish tartibi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 8-oktyabrdan kuchga kirdi.