Koʻrib chiqilayotgan davrda birjada roʻyxatdan oʻtgan yangi mijozlarning soni oʻtgan yilga nisbatan deyarli toʻrt marotabaga oʻsib 33,6 mingta savdo ishtirokchisini tashkil qildi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlarning bozor tamoyillariga asoslangan zamonaviy va shaffof savdo turlariga boʻlgan qiziqishlari ortganligidan dalolat beradi.
.jpg)
Birjada mahsulotlar uchun haqiqiy bozor narxlarining shakllanishi natijasida sotuvchi korxonalar qariyb 3,0 trln soʻmlik qoʻshimcha daromad olishdi va bu 2021-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 2,8 marotabaga koʻpdir. Mazkur mablagʻlar sotuvchi korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilishi mumkin.
Oʻtkazilgan ochiq va shaffof birja savdolari tadbirkorlarning tovar resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi hamda tovar bozorlarida bozor narxlarining shakllanishi va sogʻlom raqobatning rivojlanishiga xizmat qildi.
Xususan, 2022-yil yanvar-mart oylarida oʻtkazilgan birja savdolari natijasida shakllangan oʻrtacha narxlar ichki tovar bozorlarida yuzaga kelgan talab va taklifdan kelib chiqib, oʻsish va pasayish holatlarini namoyon etdi.
Misol uchun, joriy yilning boshidan buyon AI-91 markali avtomobil benzinining birjada shakllangan oʻrtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 12 075,6 ming soʻmdan 10 422,3 ming soʻmgacha, yaʼni 14% ga pasaygan.
Shuningdek, joriy yilning yanvar-mart oylarida birja kotirovkalari oʻzining yuqori darajasidan sulfat ammoniy boʻyicha 88% ga, koʻmir – 49% ga, texnik chigit – 43% ga, polietilen – 22% ga, oʻsimlik yogʻi va paxta linti – 14% ga, omuxta yem – 12% ga va qora metall – 10% ga pasaygan.
Shu bilan birga, birja bozorining ayrim tovar segmentilarida oʻsish holatlari ham kuzatildi. Misol uchun, joriy yilning 1-17-mart kunlari davomida shakarning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 11 921,9 ming soʻmgacha koʻtarildi. Biroq keyingi kunlarda birja savdolariga qoʻyilayotgan shakar hajmining sotuvchi korxonalar tomonidan sezilarli darajada oshirilishi evaziga shakar narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 8 981,6 ming soʻmgacha, yaʼni 25% ga pasaygan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida xorijiy mamlakatlarda tashkil qilingan birjaning 19 ta savdo maydonchalari orqali 127,0 mln AQSH dollarlik mahsulotlar xarid qilindi. Xususan, birja orqali 276,7 ming tonna bugʻdoy import qilingan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 39% ga koʻpdir.
.jpg)
2022-yil yanvar-mart oylarida davlat xaridlari boʻyicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2021-yilning mos davriga nisbatan uch marotabaga oshib, qariyb 4,2 trln soʻmni tashkil qildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablagʻlarining tejalishi ham uch marotabaga oʻsib, 879,2 mlrd soʻmga teng boʻldi.
2022-yil yanvar-mart oylarida avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali 86,7 mlrd soʻmlik 40,0 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi oʻtgan yilga nisbatan son jihatdan 27% ga, hajmi boʻyicha – 40% ga oʻsdi. Sotilgan avtoraqamlarning oʻrtacha boshlangʻich va sotuv narxlari oʻrtasidagi tafovut 47% ni tashkil qildi.
.jpg)
Eslatib oʻtamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablagʻlarning 80% – Oʻzbekiston Davlat byudjetiga, 20% – Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.