Piskentning mirishkor bog'bon-u dehqonlari, ayniqsa, Mingtepaning bog'u rog'lari haqida eshitmagan inson bo'lmasa kerak. Tarixi ikki yarim ming yillar nariga borib taqaladigan tumanimizda o'troq yashagan odamlar yer bilan tillashishda o'ziga xos tajriba, maktab yaratganlar. Ayniqsa, uzumchilikni o'ziga kasb qilgan bog'bonlar avlodlari bugun ham bobolari kasbini davom ettirib kelyapti.
Hozirgi kunda ham tumanning “Mingtepa”, “Bekobod”, “Yangiobod” va “Birlik” mahallalarida deyarli har bir xonadonda tok so'rilarda uzum yetishtiriladi. Piskentliklar qaysi sohada ishlamasin, qanday hayot tarzida yashamasin, bo'sh joy topsa, albatta, ikki tup tok ko'chati o'tqazadi. Mingtepaning ertapishar chillaki, oq chillakilari, shiraga to'lib, qishgacha saqlanadigan xusayni, kadi xusaynilari, g'oyat xushta'm, mayizbop shuvilg'oni (kishmish)lari nafaqat O'zbekiston, hatto, buyog'i Qozog'istonning Chimkentiyu uyog'i Rossiyaning Orenburg bozorlarigacha mashhur, o'z haridorlariga ega. Xullas, ta'mini bilgan borki, unga ishqiboz bo'laveradi.
Kuni kecha Davlatimiz rahbari boshchiligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo'lga qo'yish bo'yicha ustuvor vazifalarga bag'ishlangan selektor yig'ilishida bildirilgan mulohazalarni eshitib, shular xayolimdan o'tdi.
Darhaqiqat, uzumchilik asrlar davomida xalqimizning milliy dehqonchilik madaniyatida o'z o'rniga ega bo'lib kelgan. Uzumchiliknnig ahamiyatini bog'bon qizi bo'lganim uchun yaxshi bilaman.
Men katta bo'lgan Piskentda yoz kunlari tokzor mahallalarga kirib borishingiz bilan ko'chaning ikki betidagi uzumzorlarga qarab, ko'zingiz quvnaydi, bog'larda uzum qo'rigan bolalarning ovozi qulog'ingizga yoqimli chalinadi. Hozir ham Piskentda chillaki g'arq pishgan. Aholi tomorqalarida 200 gektardan ortiq maydonda uzum yetishtiriladi. Tuproq sharoitini hisobga olgan holda oila a'zolari birgalikda etishtirgan sarhil mevalar xonadon ehtiyojini to'la qondirish barobarida, ortgani bozor rastalarini to'ldirmoqda. Ahir, yurtimizda meva-sabzavotlar to'kinligida aholi tomorqalari ham katta manbaga aylanyaptida.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, jahon bozorida uzum savdosi mevalar orasida uchinchi o'rinda ekanligi, tabiatning asl mahsuli bo'lgan O'zbekiston uzumlariga talab va ehtiyojning kattaligi asrlar osha shakllangan bog'bonlik qadriyatimizni katta va halol daromad manbaiga aylantirish imkoniyatini yaratadi. Davlatimiz rahbari bejiz “Xo'raki uzum bo'yicha eksport salohiyatimiz kamida 600 million dollar (bu yil 200 million dollar), mayiz — 500 million dollar (bu yil 130 million dollar) va tabiiy vino 100 million dollarga (bu yil 50 million dollar) teng. Bu biz uchun juda katta imkoniyat, bundan unumli foydalanishimiz kerak”, — deya ta'kidlamadi.
Piskentda ham Prezident islohotlarining ijrosi sifatida tizimli ishlar olib borilmoqda. “Mahallabay” o'rganishlar natijasida aholining aksariyati dehqonchilik va bog'bonlik bilan shug'ullanishi e'tiborga olindi. Ularni rivojlantirish orqali “drayver” sohalar aniqlandi.
Hatto, 19 gektar qishloq xo'jaligida foydalanilmaydigan maydonda ko'p qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan “G'ayrat” mahallasida 40 gektar maydonda uzumchilik xo'jaliklari va issiqxonalar barpo etilib, uzoq muddatli kredit asosida ehtiyojmand fuqarolarga ajratilishi belgilandi. Asosan hovli-joylarda yashab, tomorqadan foydalanishga o'rgangan aholining ehtiyojlariga yordamlashish, tajriba va ko'nikmalaridan foydalanish maqsadida yo'lga qo'yilayotgan bu tajriba asosida ishlar boshlab yuborilgan.
Bundan tashqari, “Oskar Oyl” MCHJ tomonidan 100 gektar maydonda qiymati 8 milliard so'mlik, “G`alaba Cluster” MCHJ tomonidan 70 gektar maydonda qiymati 6 milliard so'mga teng bog'dorchilik tashkil etish loyihalarini amalga oshirish ko'zda tutilgan. Ushbu loyihalar tumanda uzumchilikni rivojlantirish orqali fuqarolarga tanish va tajriba to'plangan sohasida bandligini ta'minlash imkoniyatini yaratadi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, bugungi bozor talabi tahlil qilinganida, uzumchilik sohasida juda katta imkoniyatlar borligi ko'zga tashlanadi. Qayd etilganidek, Yevropada 800 million, Xitoyda 600 million, Rossiyada 300 million, Hindistonda 250 million dollarlik eksport bozori mavjud. Shu vaqtgacha usta bog'bonlarimiz etishtirgan mashhur va sarhil mevalarimiz qayta ishlanmagan, shundoqqina bozor rastalaridan joy olgan. Endi esa ularni qayta ishlash, tayyor, esportbop tovarlar sonini ko'paytirish, respublikamizni esa arzon va sara meva-sabzavot ta'minotchisidan sanoati rivojlangan davlat sifatida dunyoga tanitish yo'lida zalvorli vazifalar sirasiga kiradi. eng muhimi, manzilli moliyaviy ko'mak ko'rsatiladi. Xususan, uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratildi. Tokzorlar barpo etish va eskilarini yangilashni rag'batlantirish maqsadida sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million so'mdan subsidiya beriladi.
Ko'rinib turibdiki, sohaning istiqboli porloq. Bu istiqbolni bunyod etish uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar ham keng. Shunday ekan, endi unga yetishish uchun yanada ko'proq izlanish va mehnat qilish talab etiladi.
Manzura RUSTAMOVA,
Piskent tumani hokimi maslahatchisi