Kecha poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida V yoshlar Para Osiyo oʻyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tantanali tadbir avvalida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining V yoshlar Para Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi.
Shundan soʻng, davlatimiz madhiyasi ijro etildi va rasmiylar tomonidan sportchilar va murabbiylar erishilgan ulkan gʻalaba bilan samimiy tabriklanib, ularning jasorati, matonati va fidoyiligi yuksak eʼtirof etildi.
Mazkur gʻalaba Yangi Oʻzbekiston yoshlarining salohiyati, irodasi va xalqaro sport maydonidagi nufuzini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.