Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko'rilayotganiga qaramay, koronavirusga chalinish holatlari keskin oshayotgani sir emas. Bugungi kunda barcha davlatlar bu kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini, ya'ni profilaktika, davolash va reabilitatsiya ishlarini amalga oshirmoqda. Afsuski, koronavirusdan to'liq tuzatadigan dori vositasi hali ishlab chiqilgani yo'q. Hozircha yagona imkoniyat vaktsina bo'lib turibdi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida xalqimizni ogohlikka, befarq bo'lmaslikka va emlanishda faolroq bo'lishga chaqirib: “Vaktsinasiya, vaktsinasiya va yana bir marotaba vaktsinasiya! Juda katta mashaqqatlar bilan biz vaktsinalarni olib kelyapmiz. Befarq bo'lmaylik, ko'rinmas dushman yonimizda yuribdi!”, dedi.
Ma'lumki, ko'pgina rivojlangan mamlakatlarda, jumladan, respublikamizda ham koronavirusga qarshi vaktsina qabul qilish ishlari boshlab yuborilgan. Afsuski, vaktsinalarning sifati va samaradorligiga ishonchsizlik bilan qarayotganlar ham yo'q emas. Xo'sh, vaktsinasiya haqida hamma ham to'liq tushunchaga egami?
Vaktsinasiya — bu kasallik profilaktikasi uchun qo'llaniladigan usul bo'lib, emlashdan maqsad — infektsiyani, ya'ni koronavirus tarqalishini to'xtatish va bu infektsiya natijasida kelib chiqadigan inson organizmidagi asorat hamda o'lim holatlarni kamaytirishdan ibrat. Bu tibbiyot tilida infektsiya tarqalishi nazorati yoki likvidatsiyasi ham deyiladi. Bunday natijaga erishish uchun esa 70-80 foiz aholi vaktsinasiya qilinishi kerak. Ana shunda biz ommaviy immunitet hosil qilishimiz mumkin.
Bugungi kunda koronavirusga qarshi dunyo bo'yicha 200 xildan ortiq vaktsina ishlab chiqilgan va JSST ro'yxatiga kiritilgan. Lekin favqulodda holatlarda ommaviy foydalanish uchun JSST talablariga mos keluvchi vaktsina turi sanoqli. Dunyo bo'yicha aholini emlashda eng xavfsiz va ishonchli sanalgan vaktsinalardan foydalanilmoqda. Albatta, ular turi o'z samaradorligi va xavfsizligi ko'rsatkichlari bo'yicha yanada ko'payib va mukammallashib boraveradi.
Bugungi kunda ishlab chiqilgan vaktsinalar epidemiya davrida, favqulodda holatlarda emlash uchun ruxsat etilgan. Bolalar va homilador ayollar uchun esa maxsus vaktsinalar ishlab chiqilmoqda. Bu xildagi vaktsinalar ham ommabop emlash uchun tavsiya etilganidan so'ng yurtimizga olib kelinadi. Shunda mamlakatimiz aholisining 70-80 foizini bosqichma-bosqich emlab, koronavirus infektsiyasini nazorat qilish imkoniyati tug'iladi. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda 7 milliondan ortiq vaktsina qo'llanildi.
Ba'zan vaktsina bilan emlangandan keyin dastlabki 3 kunlikda vaqtinchalik nojo'ya ta'sirlar, ya'ni tana haroratining 38° darajagacha ko'tarilishi, vaktsina olgan joyda qizarish, salgina og'riq yoki bo'rtib chiqish, ba'zilarda esa, 2-3 kunda o'tib ketuvchi engil shamollash alomatlari, tanadagi mushaklar yoki bo'g'imlarda 12 kunlik og'riqlar kuzatilmoqda. Bu vaktsina olganlarda kuzatilishi mumkin bo'lgan tabiiy holat.
Ba'zilarda esa, ya'ni oldindan asabruhiy o'zgarishlari bor bo'lganlarda vahima va qo'rquv ta'sirida nafas etishmaslik alomatlari kuzatilmoqda. Ular tinchlantiruvchi vositalarni qabul qilishi bilan bu holat o'tib ketyapti. Bu vaktsina bilan bog'liq bo'lmagan holatdir. Alohida ta'kidlash kerakki, vaktsina bilan bog'liq bo'lgan o'lim holati qayd etilgani yo'q.
Barcha emlanishga kelganlar shifokor tekshiruvi, zarur holatda klinik va laborator tekshiruvlaridan o'tkaziladi. Salomatligi to'liq o'rganilib, vaktsinasiya qilish uchun ko'rsatmalarga mos kelsagina emlashga ruxsat beriladi.
Koronavirus infektsiyasiga qarshi vaktsina bir qator holatlarda tavsiya etilmaydi. Jumladan, homiladorlar, 18 yoshgacha bo'lgan bolalar, OITS (OIV) infektsiyasi bilan kasallanganlar, vaktsinaning tarkibiy qismidagi vositalarga allergiyasi bo'lgan odamlar, surunkali kasalliklarning avj olgan davri, boshqa infektsion kasalliklarning o'tkir davri bo'lganlar emlanmaydi.
Vaktsinadan keyingi 3 kunlikda koronavirusga qarshi emlanganlar salomatligi shifokorlar va patronaj hamshiralar tomonidan nazorat qilinadi.
Afsuski, bugungi kunda vaktsina olayotganlarning ba'zilarida emlashdan keyin koronavirus infektsiyasi bilan kasallanish holatlari kuzatilmoqda, lekin buning asosli sabablari bor. Avvalambor, ommaviy vaktsinasiya boshlangan — 2021 yil aprel` oyidan buyon shu vaqtgacha davlatimizda mavjud “AstraZeneca”, “ZFUZVAC 2001”, “Sputnik V” vaktsinalarini o'z vaqtida olganlar organizmida immun himoya tanachalari ishlab chiqilgan va bu jarayon davom etmoqda. Shuningdek, O'zbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan “ZFUZVAC 2001” vaktsinasi yurtimizga olib kelinayotgan barcha vaktsinalar qatorida ushbu vositaning ham sifati va samaradorligi mutaxassislar tomonidan to'liq isbotlangan.
Emlanganlarda immun himoyaning to'liq ishlab chiqilishi va maksimal himoya ko'rsatkichiga 4–5 oydan keyin erishiladi. Shu davrda to'liq emlanib ulgurmaganlar, to'laqonli immun himoyasi yo'q bo'lsada, karantin qoidalariga rioya qilmagani uchun kasallanib qolmoqda.
Hozirda kasallik keng va tez tarqalayotgani tufayli vaktsina bilan qamrab olish kontingenti yanada kengaytirilyapti. Shu bois, yuzaga kelgan sharoitdan kelib chiqqan holda, barcha aholining vaktsina olishi maqsadga muvofiq. Ya'ni 18 yosh va undan kattalarning barchasi emlanishi mumkinligi belgilab qo'yildi.
Eslatib o'tamiz, aholi orasida karantin qoidalariga to'liq rioya qilmay vaktsina olayotgan vaqtda organizmga virus tushsa, unda kasallikning yashirin davri ketayotgan yoki ba'zilar kasallikni simptomlarsiz o'tkazayotgan ham bo'lishi mumkin.
Aynan shu vaqtda vaktsina olishi bilan, kasallik yuzaga kelib chiqishi va PTSRtestda bu tasdiqlanishi kuzatilmoqda. Bunday holatlar vaktsina olish vaqtida yoki olingunga qadar organizmga koronavirus tushgani uchun, vaktsina olgandan keyin organizm himoya hujayralarini ishlab chiqishga ulgurmay kasallanadi. Bunday holatlarda go'yo vaktsina olish kasallanishga sabab bo'lib qoladi. Aslida esa, vaktsina bu kasallikning yuzaga chiqadigan davriga to'g'ri kelib qolgan bo'ladi, xolos.
Vaktsina organizmga tushganida, xususan, “AstraZeneca” va “Sputnik V” vektorli vaktsina bo'lgani bois, organizmda engil O'RVI ko'rinishida kasallik chaqirishi mumkinligi ushbu dorilar ko'rsatmalarida ham qayd etilgan. Emlashdan keyin birlamchi immun himoya tanachalari ikki haftada ishlab chiqilishi tasdiqlangan. Vaktsinasiyadan keyingi davrda engil O'RVI kasalligini kechirish jarayonida himoyalanmagan kontakt, ya'ni karantin qoidalariga rioya qilmaslik koronavirusning yana organizmga kelib tushishiga sabab bo'ladi. Bu kabi holatlarning asl sababini tushunmaganlarda vaktsinaga bo'lgan ishonch sizlikni keltirib chiqarmoqda.
Koronavirus juda keng tarqalayotgan hozirgi vaqtda bemorlar holati tahlili hamda ayrimlarda kasallikning og'ir kechishi o'rganilganda, emlanganlarda esa kasallik engil va o'rta og'ir darajada o'tmoqda. Vaktsina olmaganlarda esa kasallik qisqa muddatlarda jadal rivojlanib og'ir va o'ta og'ir ahvolga tushishiga sabab bo'lyapti. Shunday ekan, koronavirusga qarshi emlanish salomatligimiz muhofazasi ekanini har birimiz anglashimiz, mamlakatimizda aholi salomatligi muhofazasiga qaratilayotgan chora-tadbirlarga hurmat bilan qarashimiz lozim. Zero, vaktsinasiya — salomatligimizni himoya qilishning ishonchli vositasi.