“Har zamonda bir zamon”, deydi dono xalqimiz. Bugungi zamon oʻzining nihoyatda shiddatli taraqqiyoti, yaqin-yaqingacha xayolga sigʻmas texnologik yuksalishi bilan kishi aqlini shoshirib qoʻymoqda. Oʻz navbatida, insoniyat dunyoda roʻy berayotgan turli tahlikalar qurshovida qolayotgandek. Davlatlar oʻrtasida ziddiyatlar oddiy holatga aylanayotgan hozirgi davrda dunyoning koʻp nuqtalarida urush va mojarolar avj olmoqda. Jahon xaritasiga qarasak, tinch-osoyishta hayot koʻpchilik uchun orzu boʻlib qolmoqda. Ana shunday jadal tamaddun va tahlikalar qurshovida bugun har bir yurt, xonadon uchun tinchlik, osoyishtalik tushunchalari eng katta boylik, har narsadan ustun qadriyatga aylandi. Aslida, hamma vaqt ham shunday boʻlgan.
Yaratganga ming shukrki, jonajon yurtimiz tinch va osoyishta. Bu kunlarning qadriga yetish esa har birimiz uchun hayot qonuniyatiga aylanmogʻi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni oʻtgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishda qatnashar ekanman, xayolimdan shu kabi fikrlar oʻta boshladi.
Yigʻilishda aytilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbus va takliflar bilan tanishib, faxr tuygʻusini his etdim. Harbiy mashqlar aks etgan tasvirlarni kuzatib, qalbimda soʻz bilan ifodalash mushkul boʻlgan yorugʻ tuygʻular bosh koʻtardi. Ertangi kunga qatʼiy ishonchni tuydim. Shu bilan birga, bugun xalqaro maydondagi holat, ziddiyatlar birma-bir koʻz oldimdan oʻtdi. Bunday oʻylar koʻplab savollar tugʻdiradi, ularga asosli javob topishga undaydi. Beixtiyor koʻnglimda tugʻilgan savollarga javob izlay boshladim. Ularning barchasi bitta oʻqildiz atrofida birlashdi. BU — VATANSEVARLIK!
Vatanni sevmoq — dunyoda sira oʻzgarmas, jami tiriklikka tanish boʻlgan yagona tuygʻu! Ana shu tuygʻu sabab minglab chaqirim olisga ketgan qaldirgʻoch bahorda yana oʻz uyasini topib keladi. Insoniyat borki, oʻz hududini chegaralaydi, qoʻriqlaydi. Shu yoʻsin ajdodlarimiz oʻz uyiga yomon qarash qilganlarning baloga yoʻliqishini uqtiradi.
Darhaqiqat, insoniylik mezoni shaxsning qanchalik vatanparvar ekani bilan oʻlchanadi. Zero, yurtini sevadigan shaxs butun borliqqa yaxshilik qila oladi. Har bir tirik jonni aziz sanab, tinchlikni qadrlaydi.
Sir emas, biz vatanparvarlik tuygʻusi jiddiy sinovdan oʻtayotgan davrda yashayapmiz. Hozir turli ziddiyatlar kengayib, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va diplomatiya zaiflashib bormoqda. Qolaversa, mamlakatlarga hujum shakllari ham tubdan oʻzgardi. Buni davlatimiz rahbari ham taʼkidlab, shunday dedi: “Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan oʻzgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib gʻalaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda”.
Davrning oʻzi ana shunday xatarlarga doim tayyor turishni talab etmoqda. Bu hozirlik, avvalo, inson qalbida, yurtga mehr timsolida ildiz otib, soʻng amaliy harakatga aylanadi. Yaʼni yoshlar yurtga sadoqat bilan eng qimmat boyligimiz boʻlgan tinchlik va xotirjamlikni asrash, uni qadrlash ruhida oʻsishi kerak. Ana shu ruhiyat, kayfiyat birlashib amaliy harakatga, bugun izchil davom etib, barqaror saqlab turilgan mamlakat mudofaasini yanada mustahkamlaydi.
Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilishda bu borada aniq vazifalar belgilab olindi. Birgina misol, harbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishga jiddiy eʼtibor berildi. Bu, oʻz oʻrnida, armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Barcha soha bevosita inson kapitali bilan yuksalishi hech kimga sir emas. Yangi Oʻzbekistondagi inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlar tub zamiridagi maqsadlardan biri ham inson kapitalini oshirishdir.
Keling, buni soddaroq tushuntirsak. Tarixda kam sonli askarlar bilan katta qoʻshinlarni magʻlub etganlar haqida misollar koʻp. Ularning gʻalaba qilishida ikkita umumiylik bor, nazarimda. Bular jasurlik va boshqalar kutmagan, yangi reja asosida ish koʻrish. Jasurlik ham xuddi bilim kabi egallanadigan koʻnikma. Bu haqida keyinroq toʻxtalamiz. Xuddi shuningdek, yangi reja ishlab chiqish ham bilim darajasi, tafakkur kengligi bilan bogʻliq. Ha, bugun yondashuvlar, taʼsir kuchlari, hujum turlari oʻzgardi. Shunga yarasha himoya vositalari va yoʻllari ham turlicha. Ammo bu himoyaning oʻqildizi, asl mohiyati oʻzgargani yoʻq.
Shu bois, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida “Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qatʼiyati, oʻziga boʻlgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”, deya ayni haqiqatni aytdi.
Yuqorida jasurlik ham xuddi bilim kabi egallanadigan koʻnikma ekanini aytdik. Insonning bilimi koʻpayib, imkoniyatlari kengayib boraversa, oʻziga boʻlgan ishonchi yanada mustahkamlanadi. Ayni dam uning jasurligi ham oshib boradi. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar inson tafakkurini yuksaltirish, keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Islohotlarning ilk kunlaridan boshlanib, bugungacha izchil davom etayotgan yangilanishlar fikrimiz dalilidir. Jumladan, taʼlim tubdan isloh qilindi. Kitobxonlik davlat siyosati darajasida targʻib etila boshlandi. Tadbirkorlik real imtiyoz va imkoniyatlar sohasiga aylandi. Ijtimoiy koʻmak bilan birga iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun kasb-hunar oʻrgatishga jiddiy eʼtibor berildi. Tan olaylik, bularning barchasi ijobiy kayfiyat uygʻotdi. Ertangi kunga ishonchni mustahkamladi. Bunday ishonch, kayfiyat jasurlik degan tuygʻuni kamol toptiradi. Vatanparvarlikni mustahkamlaydi.
Quvonarlisi, ushbu islohotlar yangi bosqichda, davr talabiga mos tarzda milliy armiyamizda ham izchil davom etmoqda. Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida muddatli harbiy xizmat faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam oʻrnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi. Unga koʻra, endi armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi boʻlib chiqadi. Buning uchun harbiy qismlardagi yoʻnalish va mutaxassisliklar asosida askarlarni kasbga tayyorlash boʻyicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan oʻtkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.
Eʼtiborlisi, askarlar “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida oʻqitiladi. Buning uchun har yili 5 ming askar saralab olinadi. Yana bir yangilik, askarlar muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan paytda oliygohga oʻqishga kirishi mumkin. Buning uchun harbiy qismning oʻzida imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Talabalikka qabul qilingan askar xizmatni yakunlashi bilan oʻqishni boshlaydi. Shu yoʻsin vaqtdan yutadi. Harbiy xizmat tom maʼnoda imkoniyatlar eshigiga aylanadi. Bular, oʻz oʻrnida, milliy armiyamizning salohiyatini oshirishi ayni haqiqat.
Kichik bir mulohaza. Yaqin-yaqingacha biz dasturlashni, umuman, AT sohasini kelajak kasblari roʻyxatida koʻrardik. Bugun ular eng dolzarb, hozirning oʻzida puxta egallanishi shart boʻlgan bilimga aylandi. Shu maʼnoda, askarlarning “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida oʻqitilishi ertangi kunimizni belgilab beradigan vositalardan biri deyish mumkin.
Mamlakat daxlsizligini saqlashda iqtisodiy quvvat, harbiy salohiyat qancha muhim boʻlsa, jamiyat birdamligi, inson kapitali ham shuncha dolzarb. Tarixdan ham, bugungi siyosiy jarayonlardan ham bilyapmizki, ichidan yemirilgan jamiyatlarni parokanda qilish oson. Shu bois, biz doimgidan ham koʻra koʻproq vatanparvar boʻlishimiz kerak. Farzandlarimizni ilmli qilish bilan birga ularning tafakkuri, dunyoqarashi bilan ham qiziqishimiz shart. Ular nima haqida oʻylayapti, kimlar, qanday fikrlar taʼsirida yuribdi degan savollarga aniq javobimiz boʻlishi zarur.
Shu oʻrinda yana bir muhim jihat. 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlandi. Xoʻsh, jamiyat qachon yuksaladi? Qanday rivoj topadi? Avvalo, jamiyatda sogʻlom fikr ustuvorlik kasb etishi kerak. Chunki ezgu niyat sogʻlom fikrga zamin yaratadi. Ezgu fikr esa ezgu amal sari boshlaydi. Turli ziddiyatlarga qarshi tura olish uchun jamiyat bitta gʻoya atrofida birlashishi kerak. Ana shu birdamlik turfa fikr va qarashlarni oʻzida jamlagan yagona tushuncha, Vatanni sevish, unga xizmat qilish degan gʻoyani oʻrtaga tashlaydi.
Boʻlayotgan jarayonlar, bizni oʻylantirayotgan masalalar milliy kontent masalasi hech qachon dolzarbligini yoʻqotmasligini ham anglatyapti. Shu haqida oʻylaganimda, beixtiyor Navoiy bobomiz dahosi koʻz oldimga keldi. Navoiy bor ijodini tinchlikka, insoniylikni ulugʻlashga sarf etdi. Bizga insonga insonday munosabatda boʻlish kerakligi haqida saboq beradi. Bu dahoning oʻzi ham bunga ogʻishmay amal qildi. Bugun insoniyatga ezgulik fanidan saboq bergan bunday daholarga doimgidan ham koʻra koʻproq ehtiyoj bor. Ana shu ehtiyojni aynan ziyolilar, jamoat faollari qoplashi kerak boʻladi. Buning uchun ulugʻlarning insonparvarlik gʻoyasini jamiyatda kengroq targʻib etishimiz kerak. Ularni sodda, hammaga tushunarli soʻzlar bilan yetkazish zarur. Hazrat Navoiy bobomiz:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish,
degan edi. Bundan tashqari, Hazrat Navoiyning ana shu gʻoyani targʻib etadigan yana koʻplab hikmatlari bor. Ularni bugungi kun oʻquvchisiga tushunarli qilib, taʼsirchan holda yetkazib berish zarur. Bunday hikmatlarni tushunish, anglash birinchi bosqich boʻlsa, ularga amal qilish eng muhim vazifadir.
Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarning ilk kunlaridanoq aynan shunga qaratilgan islohotlar boshlangan edi. Endi mazkur yangilanish armiyamizga ham chuqur kirib boradigan boʻldi. Shu maqsadda harbiy xizmatchilar orasida kitobxonlikni keng targʻib etishning yangi bosqichi boshlandi. Yaʼni joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadigan boʻldi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yoʻnaltirilgan maktab-litsey oʻquvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar oʻrtasida Oliy Bosh Qoʻmondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yoʻlga qoʻyiladi. Okrug, qoʻmondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qoʻmondon tanlovlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.
Tan olish kerak, shu vaqtgacha ham harbiylarni kitobxon qilish borasida qator ishlar bajarilgan. Oddiy misol, oʻzimiz ham jurnalist, kitobxon sifatida harbiylarimiz bilan koʻrishganmiz. Kitobxonlikni targʻib etadigan tadbirlarda qatnashganmiz. Boshlangan oʻzgarishlar buni yangi bosqichga olib chiqadi. Yuqorida aytganimiz, insonparvarlik gʻoyasini anglab, unga ogʻishmay amal qilishda yoʻlchi yulduz boʻladi.
Bilamizki, alplar, xalq qahramonlari aqlini taniy boshlaganida ularga eng kuchli ustozlar saboq berishni boshlagan. Ular ilm-fan, adabiyot va sanʼat bilan birga harbiy mashqlarni ham puxta oʻzlashtirgan. Ana shunday saboq sabab ular har jihatdan komil inson boʻlib ulgʻaygan. Vatanni himoya qiladigan alp boʻlib tarbiya topgan.
Oʻsha vaqtlarda ot chopish, oʻq uzish, qilichbozlik muhim boʻlgan. Hozir zamonaviy alplarga qoʻyiladigan talab oʻzgargan. Shundan kelib chiqib, harbiy xizmatchilar oʻrtasida joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari boʻyicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi. Bu ham yuqorida bot-bot takrorlaganimiz inson kapitalini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yigʻilishdagi yana bir muhim jihatga toʻxtalishni istardim. Bilamizki, Oʻzbekiston siyosati koʻp qirrali, tinchlikka asoslangan diplomatik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Diplomatiyamizdagi muhim nuqtalardan biri milliy armiyamizning faqat mamlakatimiz uchun xizmat qilishidir. Davlatimiz rahbari yigʻilishda sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997-yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta koʻrib chiqish vaqti kelganini koʻrsatib oʻtdi.
Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizni hech qaysi harbiy blokka qoʻshilmaslik maqomini saqlab qolib, koʻp tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etadi. Uni yangilashdan maqsad yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yoʻnalishida rivojlanishini taʼminlashdir. Bu xalqimizning milliy armiyamizga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Ularning birdamligini taʼminlaydi.
Yana bir mulohaza. Yangi Oʻzbekistonda milliy armiyamiz tom maʼnoda xalqimizga yaqinlashdi. Biz uchun sirli, bir oz olis hisoblangan armiya odamlar orasiga kirib keldi. Yaʼni ommaviy harbiy koʻrgazmali chiqishlar tashkil etilyapti. Yetti yashar oʻquvchi ham, yetmishni qoralagan nuroniylar ham qurollar, harbiy texnikalarni koʻzdan kechirib, mutaxassislardan uning imkoniyatlari haqida soʻrab olyapti. Bunday uchrashuvlar xalq va armiya oʻrtasidagi samimiy munosabatni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur oʻzgarishlar sabab hozir biz armiyamiz haqida aniq tasavvurga egamiz. Ular yurt tinchligini asray olishiga ishonamiz. Aynan shu ishonch bizga kuch baxsh etadi. Xalqning baland ruhi oʻz oʻrnida harbiy xizmatchilarga ham koʻtarinkilik beradi.
Shu oʻrinda Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigidagi quyidagi soʻzlariga eʼtibor qaratmoqchimiz.
“Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya — bir tanu bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq togʻdek tayanch boʻlib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak”.
Ular bu tayanchni real holatda his etishi uchun qator amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishga doir ishlarning samarasi yanada oshiriladi. Ularning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlar kuchaytiriladi. Bu borada davlat va fuqarolik institutlari hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etadi.
Qolaversa, harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash uchun ham qator yangiliklar kutilyapti. Xususan, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga koʻp yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga koʻpaytiriladi. Bundan tashqari, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va boʻlimlarining harbiy boʻlmagan xizmatchilari oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi. Bunday yangiliklarni uzoq sanash mumkin. Demoqchimizki, Qurolli Kuchlarimiz davr talabiga mos tarzda yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Shu oʻrinda bir muqoyasa qilishni oʻrinli deb oʻyladik. Xalqaro huquq qancha zaiflashsa, oʻzaro hurmat ham shunchalik noziklashib boraveradi. Bunday vaqtda hurmatni, taʼbir joiz boʻlsa, haybatni saqlab qolishning bir qancha shartlari bor.
Birinchisi — harbiy salohiyat. Qoʻrgʻon mustahkam boʻlsa, yurt ichidagi islohotlar barqaror davom etadi.
Ikkinchisi — iqtisodiy barqarorlik. Iqtisod qancha mustahkam boʻlsa, boshqalar siz bilan shuncha koʻp hisoblashishiga toʻgʻri keladi.
Uchinchisi — inson kapitali. Qaysi mamlakatda malakali kadrlar koʻp yetishib chiqsa, xalqaro maydonda oʻsha xalq bilan qoʻlini koʻksiga qoʻyib salomlashiladi. Negaki, yuqori malakali kadrlar, avvalo, mamlakat barqarorligini taʼminlaydi. Qolaversa, xalqaro iqtisodiyot, xavfsizlik kabi muhim sohalarda ham tayanch nuqta hisoblanadi. Bunda oʻsha xalqning nufusi koʻp boʻlishi bilan birga yuqori intellektdagi muvozanat juda muhim masaladir.
Toʻrtinchisi — harbiy salohiyatni, barqaror iqtisodiyotni, malakali kadrlar sinfini qamrab olgan vatanparvarlik ruhidir. Vatanparvarlik ruhi kuchli boʻlsa, inson qayerda, qanday sharoitda yashasa ham yurtiga xizmat qilish yoʻlini topadi. Imkon qadar unga naf keltiradi.
Yuqorida yuksak jamiyat, turfa qarashlar Vatansevarlik degan nuqtada birlashishini aytgan edik. Maqolamiz avvalida yurtni yaxshi koʻrish jami tiriklikka begona emasligini ham taʼkidlaganmiz. Inson boshqa jonzotlardan farqli oʻlaroq, bu tuygʻuni ongli ravishda his qiladi. Shu bois, u gohida bu tuygʻuni unutib qoʻyishi ehtimoli bor. Gʻanim bostirib kelayotganda ularga yordam bergan kimsalar gohida jonini saqlab qolishni oʻylagan boʻlsa, baʼzan hayotidan rozi boʻlmagani sabab xatoga yoʻl qoʻygan. Bunga dunyo tarixida istalgancha dalil topiladi. Shu maʼnoda, mamlakatimizdagi odamlarni rozi qilishga qaratilgan islohotlar bizni gʻoyat sevintiradi.
Ayniqsa, keyingi yillardagi yangilanishlar sabab koʻplab ijtimoiy masalalar hal etildi. Kambagʻallik rasman tan olindi va qisqa muddatda keskin qisqartirishga erishdik. Yaxshilik, ezgu amallar koʻp boʻlsa, ularning samarasi ham shunchalik hayotbaxsh boʻladi. Yurtimizda boshlangan islohotlar avval xalqimiz qalbiga, soʻng yon-atrofdagi qoʻshnilarga tarqala boshladi. Mamlakatimiz yetakchisining xalqparvarlik, teng diplomatiyaga asoslangan maʼrifiy siyosati sabab qoʻshnilar bilan ham, dunyoning boshqa mamlakatlari bilan ham aloqalarimiz yuqori darajaga chiqdi.
Avvalo, Markaziy Osiyo ruhi uygʻondi. Yagona mintaqa, bir butun kuchga aylandik. Bunda yangi Oʻzbekistondagi islohotlar, maʼrifiy siyosatimizning oʻrni va ahamiyati muhim ekanini qoʻshnilarimiz ham tan olib eʼtirof etmoqda. Ha, biz kechagiday ichidan zil ketib, parchalanib yotgan xalqlar emasmiz. Markaziy Osiyo bugun bir butun boʻlib yangi kuchga aylanib boryapti. Demak, buni yanada mustahkamlash haqida oʻylashimiz, shunga xizmat qiladigan amallarimizni koʻpaytirish kerak. Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar, joriy yilda jamiyatimizni yuksaltirish borasida bajariladigan ishlar aynan shunga xizmat qilishi shubhasiz.
Prezidentimiz Oʻzbekiston armiyasi xalqimizni, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni himoya qilishga doim tayyor turishi kerakligini, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini taʼkidladi. Darhaqiqat, bugungi oʻzgarishlar zamoni har birimizdan ana shu hushyorlikni, haqiqiy, chin maʼnoda vatansevarlikni talab qilmoqda. Ha, bugungi va ertangi hayotimiz, poydevori mustahkam kelajagimiz oʻzligimizni, milliy taraqqiyotimiz va sarhadlarimiz daxlsizligini mustahkamlash bilan chambarchas bogʻliq hodisadir. Zero, “Tinch elning bogʻi gullar” degan hikmat bejiz aytilmagan. Yangi Oʻzbekiston bogʻi doim gullab, yashnab turaversin!
Salim DONIYOROV,
Oʻzbekiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan jurnalist