“Bilib qoʻyinglar, davlatning har bir soʻmi boʻyicha taʼsirchan nazorat oʻrnatiladi. Javobgarlik muqarrar, jazo qattiq boʻladi!”, – dedi Prezidentimiz.

Shu bois, yaqinda Administratsiya va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Qisqa muddatda byudjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar boʻyicha 53 trillion soʻm va tashqi savdo operatsiyada 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangani oʻta ayanchli holat ekani qayd etildi.

Korrupsiyaviy sxemalar boʻyicha 4,2 trillion soʻm zarar aniqlanib, 1,3 trillion soʻmi undirildi, 55 nafar shaxs qamoqqa olindi.

Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard soʻm byudjet mablagʻi oʻzlashtirilgani aniqlanib, vazir oʻrinbosari B.Abdullayev va departament boshligʻi R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Umuman, davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun masʼullar faoliyatini ham tanqidiy qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani qayd etildi.

«Bizga yuqori kasbiy kompetensiyalarga ega, talabchan yosh rahbarlar korpusi kerak», – dedi Prezidentimiz.

Huquq-tartibot tizimida xizmat oʻtash chegarasi polkovniklar uchun 55 yosh, generallar uchun 60 yosh boʻlsada, hozir bu yoshdan oshgan 300 dan ortiq xodim rahbarlik lavozimida ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Vaholanki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida rahbar kadrlarning barchasining yoshi 50 yoshdan kichik.

Rahbarlikka yosh kadrlarni qoʻyish, pensiya yoshidagilarning tajribasidan murabbiy va oʻqituvchi sifatida foydalanish yoki mahallada yoshlarga ustozlik qiladigan tizim yaratish muhimligi qayd etildi.