Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Videoselektor shaklidagi ushbu majlisda vazirlik masʼullari, Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallari rahbarlari, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari bosh shifokorlari hamda “103” xizmati xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, bemorlar hayoti va sogʻligini asrab qolish, ularga shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishda “Tez yordam”ning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan keyingi yillarda bu yoʻnalish butunlay transformatsiya qilindi. Sohaning moddiy texnik bazasi yangilanib, kadrlar salohiyati oshirilmoqda.
Buning natijasida hozirga kelib, “Tez yordam”da kechikishlar soni keskin qisqardi. “V” toifali zamonaviy reanimobillar soni 24 tadan 541 taga koʻpaytirildi. Toshkent shahrida tez tibbiy yordam yagona tizimga birlashtirilib, ayni paytda bu ishlar hududlar kesimida olib borilmoqda. Biroq sohada hal etilishi lozim boʻlgan masalalar yoʻq emas.
Yigʻilishda vazir tomonidan soʻnggi paytlarda “103” avtomashinalari ishtirokida tez-tez yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlayotgani, bunga ayrim haydovchilarning maxsus avtotransport vositalarini boshqarishdagi malakasi yetishmayotgani sabab boʻlayotgani taʼkidlandi. Shu bois ularning malakasini oshirish boʻyicha alohida kurslar ochish va maxsus avtodromlar tashkil etish lozimligi aytib oʻtildi.
Qolaversa, tizimda korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymaslik, xususan, “Tez yordam” xizmatiga haydovchilarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish kerakligi alohida qayd etildi. Bu borada kamchilikka yoʻlga qoʻygan tizim va qator avtokorxona masʼullariga nisbatan tegishli jazo choralari tayinlandi.
Shu bilan birga, sohada faoliyat yuritayotgan haydovchilar hamda avtokorxona xodimlarining oylik maoshlarini qayta koʻrib chiqish, transport vositalari uchun zarur ehtiyot qismlar xarid qilishni soddalashtirish, tumanlarda tez tibbiy yordam xizmati avtomashinalari uchun mini yoqilgʻi quyish shoxobchalarini tashkil etish boʻyicha takliflar oʻrtaga tashlandi.
Yigʻilish davomida vazir A.Inoyatov “103” xizmatida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari, dispetcherlik xizmati mutaxassislari, ayniqsa haydovchilar bilan alohida muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikrlarini tingladi. Bu boradagi mavjud muammolarni tezkor va samarali hal etish yuzasidan masʼullarga zarur koʻrsatmalar berdi.