“Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish boʻyicha oldin imzolangan bitimning amalga oshirilishini nazarda tutgan holda, Bankning Oʻzbekistondagi investitsiyaviy faoliyati bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Ushbu kelishuvning amalga oshirilishi mamlakatimiz bank sektoriga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi va ushbu sohani rivojlantirish va transformatsiya qilishga qoʻshimcha turtki boʻladi.
Muloqot chogʻida shartnomaning amaliy jihatlari va shartlari atroflicha koʻrib chiqildi, kun tartibidagi masalalar oʻrganildi, har ikki tomon manfaatlariga javob beradigan oʻzaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi. Vengriyalik investor tomonidan “Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish jarayonini ilgari surish boʻyicha keyingi qadamlar kelishib olindi. Shuningdek, ilgʻor xalqaro bank amaliyoti va standartlari asosida bankni yanada rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi.
Sh.Chani tomonidan nazorat qilinadigan boshqa tuzilmalarning investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish, xususan, agrosanoat sohasidagi loyihalarni amalga oshirish va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida Vengriya texnologiyalarini joriy etish istiqbollari koʻrib chiqildi. Bu, oʻz navbatida, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshiradi hamda yangi istiqbolli eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini yaratadi.
Shuningdek, Sh.Chani Oʻzbekistonda sportni rivojlantirishda, xususan, ixtisoslashgan sport akademiyalarini tashkil etishga sarmoya kiritish orqali ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar yuzasidan kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.