Uchrashuvda mamlakatimiz IT eksportini oshirish va IT taʼlimni rivojlantirishga VEON guruhi eʼtiborini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilgan “Veon” direktorlar kuzatuv kengashining yigʻilishi doirasida boʻlib oʻtdi.
Vazir bilan uchrashuvda direktorlar kengashi raisi Gunnar Xolt, bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu, xolding bosh maslahatchisi Boris Tadich va Beeline Uzbekistan bosh direktori Anjey Malinovski ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish bozorini yanada rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari va eng yangi mobil texnologiyalarni joriy etish masalalari hamda kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikrlar almashildi.
Oʻz navbatida, “Veon” kompaniyasi vakillari xorijiy yirik kompaniyalar ham Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochishga qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, uchrashuvda ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yoʻnalishlar, jumladan, AKT masalalarida keng qamrovli hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama etildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.