Vyetnamning “ROX Group” kompaniyasi Oʻzbekistonda loyihalar amalga oshirmoqchi

    Joriy yil 14-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vyetnamning “ROX Group” kompaniyasi asoschisi Tuan Chan bilan uchrashdi.

    Maʼlumot uchun: “ROX Group” 1996-yilda tashkil topgan. Faoliyatining asosiy yoʻnalishlari: koʻchmas mulk, texnologiya, mehmondoʻstlik va moliyaviy xizmatlar. Kompaniya 2023-yilda 2,4 milliard dollar daromad koʻrgan. Kompaniyada 2000 dan ortiq xodimlar ishlaydi. U xalqaro bozorlarda, jumladan, Yevropada oʻz ishtirokini faol ravishda kengaytirib boryapti.

    Uchrashuvda Tuan Chan mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni, shuningdek, xorijiy investorlar uchun juda jozibador mexanizm boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarda tayyor, yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish tizimi samaradorligini yuqori baholadi.

    Xususan, “ROX Group” Oʻzbekiston hududlarida uy-joy qurilishi va rekreatsion turizmni rivojlantirish yoʻnalishlarida loyihalarni amalga oshirishga sarmoya kiritmoqchi.

    Muzokaralar yakunida hamkorlikning muhokama etilgan yoʻnalishlari doirasida navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi va loyihalarni amalga oshirish jarayonida kompaniyani doimiy qoʻllab-quvvatlash uchun alohida investitsiya menejeri biriktirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.