Oʻtgan bir necha oʻn yillar mobaynida Saudiya Arabistonining milliy, madaniy va iqtisodiy kuch asosi faqatgina neft eksporti va energetika sohasi boʻlib keldi. Uglevodorod eksporti umumiy eksportning 85 foizigacha boʻlgan qismini hamda davlat daromadlarining katta qismini tashkil qilar edi. Hozirgi vaqtda neft YAIMning atigi 30-40 foizini tashkil qilsa-da, davlat iqtisodiy tarmoqlarining katta qismi neftga bogʻliqligi, mamlakat hayotida neftning taʼsiri hamon yuqoridir.

2019-yil maʼlumotlariga koʻra, mamlakat aholisi 33,4 million boʻlib, aholining oʻrtacha yoshi 25 ga teng[1] va bu jihatdan Saudiya “bugungi kun” haqida emas, koʻproq kelajak haqida oʻylashga majburdir. Shu bois, qirollik oilasi kelajakda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish, uzoq muddatli daromad manbalarini yaratish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish, iqtisodiy paradigmalarni oʻzgartirish, mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirish yoʻlidagi zarur chora-tabdirlarni boshlagan. 2016-yili shahzoda Muhammad bin Salmon Abdulaziz al-Saud jahon iqtisodiyotida yangi tarmoqlar rivojlanib, taraqqiyotning anʼanaviy usullari oʻz kuchini yoʻqotib borayotganini hisobga olib, Saudiya Arabistoni uchun yangi taraqqiyot yoʻnalishini belgiladi.

“Vision 2030” (Nigoh 2030) nomi bilan maʼlum boʻlgan mazkur dasturda 2030-yilgacha Saudiya Arabistonini misli koʻrilmagan darajada rivojlantirish, uni Yaqin Sharqning mustahkam va mutloq birinchi moliyaviy markaziga aylantirish, arab-musulmon dunyosida yetakchilik maqomini mustahkamlash va shu orqali jahonda yetakchi iqtisodiy kuch markazlaridan biri maqomiga erishish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan. “Vision 2030”ning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

Saudiya Arabistonini jahonning rivojlangan 19- davlatidan iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan 15-mamlakati darajasiga olib chiqish;

Mamlakatda xususiy sektor ulushini YAIMning 40 foizidan 65 foizigacha oʻstirish;

Neftga bogʻliq boʻlmagan eksport ulushini 16 foizdan 50 foizgacha koʻtarish;

Davlatning neftga bogʻliq boʻlmagan daromadlarini 163 milliard Saudiya rialidan 1 trillion Saudiya rialigacha oshirish;

Makka va Madinaga keluvchi ziyoratchilar sonining yillik 8 millionlik koʻrsatkichini 30 milliongacha oshirish;

2030-yilga kelib, harbiy texnik harajatlarning 50 foizidan ortigʻini mahalliylashtirish;

Neft va gaz sohasidagi milliylashtirishni 40 foizdan 75 foizgacha koʻtarish;

Davlat investitsiya jamgʻarmasi aktivlarini 600 milliarddan 7 trillion Saudiya rialigacha oshirish.

Saudiya qirollik oilasi, xususan, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon oʻz malakatining 2030-yilga kelib, jahondagi yetakchi kuch markazlaridan biriga aylanishida uch asosiy ustuvorlik mavjud deb hisoblaydi, ular: arab-musulmon dunyosining markazi sifatidagi yetakchilik maqomi, investitsion salohiyati hamda strategik qulay oʻrnidan foydalanib, xalqaro savdoning boshqaruvchilaridan biri boʻlish va shu orqali Afrika, Osiyo hamda Yevropani birlashtiruvchi kuch sifatida oʻz-oʻzini namoyon qilish.

Mazkur dasturda ichki iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar bilan birga mintaqaviy hamda xalqaro miqyosdagi tashqi siyosatga ham alohida urgʻu berilgan. Soʻnggi yillarda mamlakat tashqi siyosat borasida faollik koʻrsatib, oʻzining anʼanaviy hamkor davlatlari geografiyasini kengaytirishga harakat qilmoqda. Shunga koʻra, Saudiya Arabistoni musulmon dunyosidagi yetakchilik maqomini mustahkamlash, rivojlanayotgan musulmon davlatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu bilan birga, istiqbolli bozorlarni izlab topish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasiga eʼtibor qaratmoqda. U mintaqadagi istiqbolli mamlakatlar sifatida Oʻzbekiston va Qozogʻistonni eʼtirof etadi. Soʻnggi uch yilda Saudiya mintaqaga yoʻnaltirgan sarmoyalarining eng katta qismini Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlar, xususan, energetika sohasiga yoʻnaltirdi. Shunga koʻra, aytish mumkinki, yangilanayotgan Saudiya Arabistonining iqtisodiy kelajagi uchun poydevor vazifasini oʻtayotgan “Vision 2030” yangilanayotgan Oʻzbekistonning ham iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Quyida buni bir necha raqamlar tahlili bilan koʻrsatib berishga harakat qilamiz.

Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston munosabatlaridagi iliqlik yangi hodisami?

Arab-oʻzbek munosabatlaridagi hozirgi iliqlik yangi hodisa emas. Zero, Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar oʻtgan asrning 90-yillarida ham mavjud edi. Hozirgi holat koʻproq 90-yillarda arab olami bilan koʻzda tutilgan oʻzaro manfaatli va pragmatik munosabatlarni yangi sharoitlarda qurishni davom ettirish va jarayonning tezlashishidir. 2017-yilgacha boʻlgan bosqichda tomonlar bir-birining imkoniyatlari va salohiyatini chuqur oʻrgangan. Eng avvalo, siyosiy rejimlardagi tafovutlar va Arab hududlaridan radikal gʻoyalar kirib kelishi bilan bogʻliq tahdid ushbu munosabatlar toʻlaqonli rivojlanishiga toʻsiq boʻldi.

2016-yildan Oʻzbekistonda boshlangan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat sharoitida Arab davlatlariga nisbatan qarashlar oʻzgardi. Oʻzbekistonning arab davlatlaridagi tashqi siyosati mintaqa atrofida barqarorlik hamda xavfsizlik belbogʻini barpo etish masalalarini oʻz ichiga olgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilgan asosiy vazifalardan kelib chiqadi. Arab davlatlaridagi yetakchi nashrlardan biri – “Riyadhpost” nashri “soʻnggi yillarda Fors koʻrfazi Arab davlatlari Markaziy Osiyo mintaqasiga oʻz eʼtiborini qaratmoqda” deb yozadi. Nashr xulosasiga koʻra, koʻrfaz Arab davlatlarining bu hamkorligi iqtisodiy manfaatlarni koʻzlagan boʻlib, mintaqa davlatlari iqtisodiyoti rivojlanishiga koʻmaklashish hamda istiqbolli yoʻnalishlarda hamkorlik qilishdan iboratdir.

Yevropaning Markaziy Osiyoga oid tadqiqotlarni eʼlon qilib boruvchi “Novastan” nashri ham Fors koʻrfazi arab davlatlarining mintaqadagi faollashuvini yangi bir hodisa sifatida baholamaydi. Unda yozilishicha, “ular (Saudiya Arabistoni va BAA) bu faollik orqali oʻzlarini yangi mintaqaviy kuch sifatida namoyon etishlarini yana bir bor tasdiqlamoqda. Garchi, asosiy motivlardan biri iqtisodiy manfaatdorlik boʻlsa-da, baribir geosiyosiy masala muhim ahamiyatga ega” – deb yozadi.

Taʼkidlaganimizdek, 2017-yilda xalqaro va ichki vaziyat oʻzgarishi sharoitida mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Arab davlatlariga, xususan, Fors koʻrfazi Arab davlatlariga nisbatan munosabat ham oʻzgardi. Buni Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlarning respublika iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritish borasidagi faolligida koʻrish mumkin. Saudiya Arabistonining Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlarga sarmoyalar kiritishi 2018-2021-yillarda jadal tus oldi va u oʻzaro munosabatlarning butun tarixi davomidagi koʻrsatkichlardan ham oshib ketdi. Shuningdek, “Vision 2030” dasturi doirasida Saudiya Arabistoni Oʻzbekistonga yangicha nigoh bilan qarayotgani hamkorlik aloqalariga faollik tusini bermoqda. Hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida oʻndan ortiq istiqbolli rejalar tayyorlanayotgani hisobga olinsa, Saudiya – Oʻzbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi, deb aytish mumkin.

Saudiya Arabistoni Oʻzbekiston energetika bozorida faollashmoqda

2021-yilning 25-yanvar kuni Oʻzbekistonga tashrifi asnosida Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih energetika sohasidagi shartnomalarni nazarda tutib, “bu shartnomalar ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi”, deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, soʻnggi yillarda Saudiya Arabistonining asosiy sarmoyalari mamlakat energetika tarmoqlariga yoʻnaltirilmoqda. Eng koʻp sarmoyalar birinchi oʻrinda energetika sohasiga, undan soʻng esa qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, fan va taʼlim sohalariga yoʻnaltirilganini koʻrishimiz mumkin.

2020-yildan eʼtiboran, Saudiya Arabistonidagi yetakchi kompaniyalardan biri “ACWA Power” Oʻzbekiston energetika bozoriga eng koʻp sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlardan biri boʻlib turibdi. Yaqin Sharq mintaqasida yirik kompaniya hisoblanadigan “ACWA Power” elektr stansiyalarini, shuningdek, suvni chuchuklashtirishga moʻljallangan sanoat inshootlarini qurish, loyihalash, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Kompaniya xalqaro maydondagi faoliyatini Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 mamlakatda amalga oshiradi. Soʻnggi yillarda u Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda katta loyihalarni amalga oshirishga kirishgan.

2019-yilning 20-sentyabrida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Energetika Investitsion forumi doirasida Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi oʻrtasida quvvati 500 MVtdan 1000 MVtgacha boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha kelishuvga erishildi. 2020-yilning 5-martida esa “ACWA Power” kompaniyasi rahbariyati bilan Sirdaryo viloyatida qiymati 1,2 mlrd dollarga teng issiqlik elektr stansiyasini qurish toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi. Bunday kelishuvlar “ACWA Power” kompaniyasining keng koʻlamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga Oʻzbekiston sarmoyaviy bozorida ishtirokni kengaytirish niyatida ekanini bildirmoqda. Sirdaryo IES qurilishiga start berilgach, Navoiy va Buxoro viloyatlarida mos ravishda umumiy quvvati 1000 MVtlik “Bash” va “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari qurilishi boʻyicha imzolangan investitsiya shartnomalari buning tasdigʻidir. 2024-yilda ishga tushirilishi moʻljallangan mazkur elektr stansiyalari yiliga 3,6 mlrd kVt*s miqdorida arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlaydi. Loyihalarning umumiy qiymati 1,3 mlrd dollarni tashkil etadi.

“ACWA Power” prezidenti Paddy Padmanathan “Strategik darajada ushbu loyiha Saudiya Arabistonining butun jahon boʻylab hukumatlar bilan arzon energiya va suv taʼminotiga boʻlgan talabi ortib borishini taʼminlashga sodiqligining yana bir misolidir. Saudiya Oʻzbekistonning muqobil elektr energiyasidan foydalanishga oʻtish harakatlarini qoʻllab-quvvatlashdan gʻururlanadi” deya taʼkidlaydi. Kompaniya boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan esa “Sirdaryo IES qurilishiga start berilishi, ESK va Oʻzbekistonning past darajali uglevodorod chiqindili resurslardan foydalanishga oʻtishida muhim omil sanaladigan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi “Bash” hamda “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari boʻyicha Investitsiya kelishuvlari imzolanishi bizning energetika tarmogʻini isloh qilish va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirilishini ragʻbatlantirish jarayonidan ilgarilab ketishga boʻlgan intilishimizni ifodalaydi. Bu, shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, Saudiya Arabistoni Qirolligi tashqarisida xorijiy investitsiyalar hajmini yana-da oshirish hisobiga bizning “Vision–2030” loyihasiga rioya qilayotganimizni tasdiqlaydi”, dedi.

2021-yilning 25-yanvarida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid al-Falih Oʻzbekiston respublikasiga tashrifi jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarining joriy holati va istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralarda muqobil energiya manbalari asosida ishlovchi elektr stansiyalarini qurish boʻyicha yangi loyihalarni ishlab chiqish, qolaversa, Oʻzbekiston milliy elektr energiyasi tizimini davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida modernizatsiya qilish orqali energetika sohasidagi Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni aloqalarini yana-da kengaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group” kompaniyasi oʻrtasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan “DirectFN Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi.

2021-yilning 23-yanvarida Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi va Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishida ham hamkorlik aloqalarini kuchaytirish boʻyicha oʻnlab kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Savdo-sanoat palatalari Kengashi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida Qoʻshma tadbirkorlik kengashini tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitim, “Uzbekistan airways” AJ va “Flynas” kompaniyasi oʻrtasida turizmni rivojlantirish toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv Memorandumi hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi oʻrtasida oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Bu loyihalar Oʻzbekiston Hukumatining 2030-yilga borib, shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan elektr energiyasi miqdorini 3 GVt ga yetkazishga qaratilgan mamlakat energiya balansini diversifikatsiyalash dasturiga kiradi. Loyihalarning amalga oshirilishi uglerod chiqindilarini ham yiliga 1,6 mln tonnaga kamaytirishi va shu bilan Oʻzbekiston Hukumati tomonidan 2031-yilgacha energiya quvvatlarining 40%ni qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtkazish boʻyicha maqsadlarga erishishga koʻmaklashishi kutilmoqda.

Kuzatuvlarimiz shuni koʻrsatmoqdaki, Saudiya Arabistoni haqiqatan ham, soʻngi yillarda Oʻzbekiston ishbilarmonlik muhitidagi ishtirokini kengaytirishga urinmoqda. Ammo bu koʻp holatlarda ayrim sohalarnigina qamrab olyapti. Yaʼni yuqorida tahlil qilinganidek, hamkorlik energetika sohasi bilangina cheklanib qolyapti.

Istiqbolli yoʻnalishlar

Saudiya Arabistonining ulkan sarmoyaviy salohiyati “Vision 2030” dasturida nazarda tutilgan yangi va istiqbolli sarmoyaviy bozorlarni topishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, hamkorlik geografiyasini kengaytirish hamda rivojlanayotgan musulmon davlatlarni qoʻllab- quvvatlash tamoyillariga sodiqlikni hisobga olgan holda Saudiya bilan nafaqat energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga, balki uning ulkan salohiyatidan boshqa bir qator tarmoqlarni rivojlantirishda ham foydalanish samarali natijalarga olib keladi.

Xususan, sogʻliqni saqlash, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya sohasi, transport va logistika, fond bozorini rivojlantirish, turizm kabi qator yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish respublikada mazkur sohalar rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Saudiya Arabistoni Oʻzbekistonda qishloq aholisi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish hamda xorijga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini keyinchalik yetkazib berishni tashkil etish asosida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi, parrandachilik va chorvachilik sohasida Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni qoʻshma korxonalarini tashkil etishga katta qiziqishi mavjud va u bu borada aniq dasturlar ishlab chiqilishini kutmoqda.

Shavkat Ikromov,

Yaqin Sharq davlatlari boʻyicha tadqiqotchi,

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining oʻqituvchisi