Joriy yilning 21-aprel kuni Rossiyaning Vladivostok shahrida joylashgan Anton Chexov nomidagi markaziy kutubxonada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan chop etilgan “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobining taqdimoti oʻtkazildi. Tadbir mamlakatimizning ushbu shahardagi Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil etildi.
Taqdimotda Vladivostok shahri maʼmuriyati, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi vakolatxonasi, Vladivostok shahrida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar namoyandalari, kutubxona rahbariyati, Ikkinchi jahon urushi qahramonlari, oʻzbek diasporasi va Primorsk oʻlkasi yoshlar harakati vakillari hamda Vladivostok shahridagi oʻrta taʼlim muassasalarining oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Bosh konsul R.Ismoilov tadbirni ochar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan Gʻalaba bogʻining milliy, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga toʻxtaldi. Gʻalaba bogʻining barpo etilishi hamda unga bagʻishlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov yozgan “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobining mazmun-mohiyati, Oʻzbekiston xalqining jang maydonlarida hamda front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati va matonati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Shuningdek, tadbirda Vladivostok shahar hokimi oʻrinbosari D.Stegniy soʻzga chiqib, Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushiga qoʻshgan ulkan hissasini, jumladan, jang maydonida ishtirok etgan 301 nafar oʻzbek harbiysining general unvoniga sazovor boʻlganini yuksak baholadi. U Toshkent shahrida bunyod etilgan Gʻalaba bogʻini Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning navbatdagi yaqqol amaliy samarasi sifatida eʼtirof etdi.
Shu bilan birga, Vladivostok faxriylar kengashi raisi I.Panasyuk yoshlik davri Oʻzbekistonda oʻtgani toʻgʻrisida soʻzladi. Uning fikricha, hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralari va Ikkinchi jahon urushi qahramonlari hamda faxriylarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor alohida diqqatga molikdir.
Tadbir doirasida toshkentlik temirchi usta Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasiga bagʻishlangan “Sen yetim emassan” badiiy filmi namoyish etildi. Film Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekistonga Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan evakuatsiya qilingan yosh bolalar, yetimlar, xususan, leningradlik koʻplb insonlarga boshpana bergan oʻzbek oilalari hayoti misolida tasvirga olingan.
Taqdimot nihoyasida Anton Chexov nomidagi markaziy kutubxona, Vladivostok faxriylar kengashi jamgʻarmasi, Ikkinchi jahon urushi qahramonlari va boshqa ishtirokchilarga “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobining rus tilidagi nashri tuhfa etildi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati