Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi “Buxoro Agroklaster” MCHJ bilan hamkorlikda Vobkent tumani qishloq xoʻjaligida raqamlashtirish tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlarni amalga oshirib kelyapti.

Qishloq xoʻjaligida raqamlashtirish tizimlarini joriy etish maqsadida, tumandagi 14 ta hududlarda “Buxoro Agroklaster” MCHJ tomonidan “Smart map” axborot tizimi joriy etildi.

Tizimning asosiy maqsadi qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, avtomatlashtirish, inson omilini aralashtirmaslik, yuqori samaradorlikka erishish, ekinlar ekilishini va rivojlantirishni nazorat qilish, sunʼiy yoʻldosh hamda aerofotosyomka maʼlumotlariga koʻra konturlardagi kasallangan, zararlangan hududlarni aniqlash va ularni bartaraf etish hisoblanadi.

Shuningdek, tumandagi 4 ta paxtani qabul qilish maskanlarida elektron tarozilar va kuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlib, paxta hosilini qabul qilishda, paxta qabuli koʻrsatkichlari boʻyicha tayyorlanadigan hisobotlar ochiqligini taʼminlashda hamda ushbu jarayonda inson omilini qisqartirish maqsadida “E-CAS” tizimidan foydalanib kelinyapti, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.