Tashabbuskor xalq vakillari
“Volontyor” fransuzcha “volontaire” soʻzidan olingan boʻlib, “ixtiyoriy”, “oʻz xohishiga koʻra ish qiluvchi” maʼnolarini anglatadi. Bugungi kunda koʻngillilar harakati butun dunyoda xayrli maqsadlarni amalga oshiruvchi tuzilma sifatida shakllangan va rivojlanib kelmoqda. Hozir dunyo boʻyicha volontyorlar soni 1 milliarddan ortiq. Ularning taxminan 70 foizi norasmiy ravishda koʻngilli boʻlib odamlarga bevosita yordam beradi, 30 foizi esa rasmiy tashkilotlar orqali turli tadbirlarda ishtirok etadi. Oʻzbekistonda 100 mingdan ortiq koʻngilli oʻz xohishi bilan xayrli ishlarga bosh qoʻshyapti. 2030-yilga qadar ularning sonini 2 million nafarga yetkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, ijtimoiy, taʼlim va rivojlanish, inklyuziv, atrof-muhit va ekologik loyihalar, raqamli va media, onlayn volontyorlik koʻlami kengayib boradi. Harakatning asosiy missiyasi jamiyatdagi ijtimoiy keskinlashishni kamaytirish, insonlar hayotini yaxshilash va eng muhim muammolarga yechim topilishiga koʻmaklashishdir.
2019-yil 2-dekabrdagi “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun bu boradagi munosabatlarni tartibga solishda muhim hujjat boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzgalar taqdiriga befarq boʻlmagan, har qanday holda ham yordamga shay insonlarni birlashtirish, ularni yaxshilikka yoʻnaltirish jamiyatda mehr-oqibat muhitini yaratadi, moddiy emas, maʼnaviy qiymatlarga asoslangan munosabatlarni kuchaytiradi. Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi faoliyati ana shu ezgu amalni oʻzida ifoda etmoqda.
— Hech qaysi jamiyat kutilmagan vaziyatlardan himoyalanmagan, — deydi assotsiatsiya rahbari Shirin Obidova. — Ayrim hollarda davlat individual yondasha olmasligi mumkin. Shunday paytlarda volontyorlar, yaʼni tashabbuskor xalq vakillari davlat uchun yaqin koʻmakchiga aylana oladi. Bunga yaqqol misol qilib butun dunyoni qamrab olgan pandemiya davrini yodga olish kifoya. Koʻngillilar xalqimizga sinovli damlardan oʻtib olishga yordam berdi. Volontyorlik davlat, biznes hamda jamoatchilik sektorini ezgulik yoʻlida birlashtiruvchi ijtimoiy sherikchilikning koʻprigi sifatida oʻzini koʻrsatdi.
Ayni paytda yurtimizda 62 mingdan ziyod faol fuqaroni qamrab olgan 160 dan ortiq volontyorlik guruhi 26 ta yoʻnalishda faoliyat yuritadi. Ijtimoiy va huquqiy himoya, madaniyat, sport, ekologiya, sogʻliqni saqlash kabi koʻplab sohalarda bugun koʻngillilar faolligini kuzatish mumkin.
Tizimning bir boʻlagi sifatida ishlayotgan volontyorlar maktabi barcha hududlarda koʻngillilik istagidagi insonlarga ushbu tizimning qonun-qoidalarini oʻrgatadi. Volontyorlar maktabida oʻqitilgan yuzdan ortiq mentor oʻz ixtiyori bilan minglab insonlarga koʻngillilik harakati haqida maʼlumot berishyapti.
Mehr va ishonch koʻprigi
Oʻzbek xalqi eʼtiborga, yordamga muhtoj insonlarga befarq qaray olmaydi. Alohida eʼtibor talab etiladigan yurtdoshlarimizga beminnat yordam qoʻlini uzatish, yaxshilik ilinish, buni xolis bajarish istagidagi insonlar koʻpligi quvonarli. Bugun ana shu xayrli maqsadga otlangan, ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etayotgan koʻngillilar soni 11 mingdan ortgan. Hozirgacha ular kam taʼminlangan, boshpanasiz, bemor, nogironligi boʻlgan 50 mingdan ortiq shaxs, yoshi katta otaxon-onaxonlarga koʻmak koʻrsatdi.
Bu ezgu harakat tinchlik va ezgulik yoʻlida barchani birlashtiradi, odamlar oʻrtasida mehr va ishonch koʻprigi barpo etiladi. Harakat bilan har bir xonadon, mahallada yaxshilikka yoʻgʻrilgan qadriyatlar yanada boʻy koʻrsatadi. Insonni oʻz uyi, mahallasi, qolaversa, dunyo miqyosida ezgu ishlarga undaydi. Koʻngillilarning bir-biriga mehri oshadi, doʻstlik rishtasi mustahkamlanadi. Volontyorlikda yoshning ahamiyati yoʻq, ezgu maydonda barchaning rasman birlashishi jamiyatda hamjihatlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlaydi.
— Oʻtgan yil fevralda ayrim hududlarda “Inson” volontyorlik harakatini boshlagandik, — deydi Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi eksperti Jamoliddin Imomnazarov. — Shu kunlarda mamlakatimizning 208 ta tuman va shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida ushbu tizimni yoʻlga qoʻyish ustida ishlanyapti. Bunda koʻngillilar ijtimoiy himoyaga muhtojlarga markaz faoliyati, qanday koʻmak koʻrsatilishi boʻyicha maʼlumot berishadi. Yoshlar muayyan tajribaga ega boʻlganidan keyin alohida parvarish talab etiladigan insonlarga koʻmak koʻrsatadi.
Harakat missiyasida ekologiya alohida oʻrin tutadi. Bugun 14 mingdan ortiq ekovolontyor atrof-muhitni muhofaza qilishga bel bogʻlagan. 258 ta ekomaktab, 121 ta yoshlar bogʻi tashkil etildi. Joriy yilda ular tomonidan ekilgan 300 mingdan ortiq daraxt niholi yurt obodligiga hissa boʻlib qoʻshildi. Koʻngillilarning tabiatga nisbatan masʼuliyatli munosabatda boʻlishga qaratilgan bu saʼy-harakatlari resurslarni tejash, muhofaza qilish, jamoatchilikda ekologik madaniyatni yanada shakllantirishga koʻmalashmoqda.
Yaxshilik masofa tanlamaydi
Butun dunyoda koʻngillilarga ehtiyoj kundan kunga ortib bormoqda. Har bir jabhada, har bir yoʻnalishda volontyorlarning beminnat xizmatiga talab sezilyapti. Soha rivojlanyapti. Bu esa, oʻz navbatida, xalqaro tajribani oʻrganish, eng ilgʻor usullarni tatbiq etish, birgalikda rivojlanish zaruratini yuzaga keltiradi.
Yaqinda poytaxtimiz oʻtkazilgan “Biz birgamiz!” xalqaro koʻngillilar festivali ana shu xayrli maqsadni oʻzida mujassam etdi. Festival Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligi koʻmagida, Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi hamda MDHga aʼzo davlatlarning gumanitar hamkorlik boʻyicha davlatlararo jamgʻarmasi hamkorligida oʻtkazildi.
Bir-biriga yordam berish madaniyati odamlarda mehr-shafqat, masʼuliyat, hamjihatlik kabi insoniy fazilatlarni kamol toptiradi. Koʻngillilar odamlarni birlashtiradi, bu fuqarolik jamiyati rivojiga turtki beradi. Harakat davlat va mahalliy hokimiyat bilan birgalikda koʻp ijobiy oʻzgarishlar qilishi mumkin. Yangilanishlardan odamlarning ruhi koʻtariladi, bir-biriga ishonchi ortadi, mushkulliklari ariydi. Oʻsha hududda tinchlik, barqarorlik mustahkamlanadi.
Volontyorlar bajargan xizmatlar jamiyat uchun katta mablagʻni tejaydi. Davlatga tushadigan iqtisodiy yukni yengillashtiradi. Yoshlarda ijtimoiy vazifalarni hal etishda jamiyatga koʻmaklashish, vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalashda koʻngillilik harakatining oʻrni beqiyos.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri











