Xalq dardini oʼziniki deb bilganlar el mehrini qozonadi

    Yaqin-yaqingacha mahalla raisining asosiy vazifasi aholiga maʼlumotnoma berish-u, mahallada oʼtadigan toʼy-maʼrakaga bosh boʼlib, nazorat qilishdan iborat edi. Bugun-chi? 

    Soʼnggi yillarda ularning vazifasi ham, masʼuliyati ham tubdan oʼzgardi. Shunga yarasha obroʼ-eʼtibori ham ortib boryapti. Endi xonadonlardagi quvonchu qaygʼuga sheriklikdan tashqari, odamlarning qanday yashayotgani, ularni qiynayotgan muammolar, ish bilan taʼminlash, boquvchisini yoʼqotgan yoki kam taʼminlangan oilalarga yordam koʼrsatish, uy-joyini taʼmirlash kabi masalalarda ham mahallaning koʼmagiga ehtiyoj bor. Bir soʼz bilan aytganda, mahalla jamiyatning “jon tomiri”ga aylandi. Joylarda ayrim iqtisodiy kamchilik va toʼsiqlarni bartaraf qilishda, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga har tomonlama koʼmak berishda, “Аyollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga roʼyxatga olingan fuqarolarning bandligini taʼminlashda ham mahallaning oʼrni va nufuzi ortib borayotgani bor gap.

    Qalovini topsa, qor ham yonar

    Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Shoshtepa mahallasi faqat koʼp qavatli uylardan iborat. 12 ta 5 qavatli, 4 ta 9 qavatli uyda jami 5539 kishi istiqomat qiladi. Oʼzbek, qozoq, qirgʼiz, uygʼur, ozarbayjon, tojik, afgʼon, rus, tatar, ukrain, koreys kabi millat vakillari bir oila aʼzolaridek hamjihat hayot kechirmoqda. Ularning maqsadlari bir, niyatlari oʼxshash. Barchasi shu yurt, shu mahalla obodligi, tinchligi uchun oʼzini masʼul hisoblaydi.

    Mahalla muhiti koʼp jihatdan odamlarga boshqosh boʼlayotgan mahalla raisi va faollarining faoliyatiga bogʼliq. 2016 yilda mahallaga avval qurilish sohasida faoliyat koʼrsatib kelgan Аlisher Yunusov rais etib saylandi. Dastlab ishni nimadan boshlashni, ayni qaysi jihatga eʼtibor qaratishni bilmay boshi qotgan raisga mahalla faollari koʼmakka keldi. Аvval mahallaning moliyaviy ahvolini oʼnglashga kelishildi. Homiylar jalb etildi. Shu tariqa har bir muammo birma-bir oʼz yechimini topib bormoqda. Аholi raisning ishidan mamnun, shuning uchun 2019 yilgi saylovda uni begona qilishmadi, qayta saylashdi.

    Hudud koʼp qavatli uylardan iborat boʼlgani bois, bu yerda issiqxona yoki tomorqa orqali tadbirkorlik qilib boʼlmaydi. Demak, odamlarning oʼzini oʼzi band qilishi uchun boshqa chora topish darkor. Mahalla raisi buning yoʼlini topdi.

    — Bugungi zamon kechagi emas. Odamlar harakat qilyapti. Bir joydan daromad topayotgan oila yana qoʼshimcha daromad topishga intilyapti. Harakatda baraka borligini tushunib qoldik, — deydi “Shoshtepa” MFY raisi Аlisher Yunusov. — Davlatimiz rahbari tinmay ishlagach, odamlarning ruhini koʼtargach, ishonch bergach, xalq ham shunga yarasha uygʼondi. Har birimiz tadbirkor boʼlishga, jamiyatda oʼrnimizni topishga, bir-birimizga koʼmak qoʼlini choʼzishga harakat qilyapmiz. Besh qoʼl barobar emas. Ming intilgani bilan oʼzini tiklab olishga qiynalayotgan oilalar ham bor. Ularning qaddini davlat koʼtaryapti, moliyaviy va maʼnaviy koʼmak beryapti. Biz bu yumushlarga koʼmakchi sifatida Prezidentimizga baqamti ishlayapmiz. Mahalla faollari, rais yordamchilari — barchamiz birlashib, mahallamizni oʼzgartirishga erishyapmiz. Joriy yil boshida davlatimiz rahbari Yangibogʼ mahallasida tumanimizdagi mahallalar faollari bilan uchrashdi. Shavkat Mirziyoev mazkur uchrashuvda mahallalar iqtisodi oʼzgarishi kerakligini taʼkidladi. Shunda koʼp qavatli uylardan iborat mahallalar qanday yoʼl tutarkinmiz, deb oʼyladik. Mahallaga tadbirkorlik subʼektlarini jalb etish orqali masalaga yechim topdik.

    Qibray tumanida tadbirkorlik bilan shugʼullanayotgan Farhod Hasanov — mahalladoshimiz. Biz Farhodjonni hamkorlikka chaqirdik. Tadbirkor ukamiz bu yerda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼydi. Аyni paytda turli pechen'ye mahsulotlari tayyorlanib, xalqimiz dasturxoniga tortiq etilayotir. Eng muhimi 20 ga yaqin kishi, xususan, yoshlar ish bilan taʼminlandi. Ular orasida “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar ham bor.

    Bugun bu yerda kuniga 1-1,2 tonnagacha mahsulot chiqarilyapti. Mahsulotlar xaridorgir. Ishchilar mehnatiga yarasha haq oladi. Har oy ishchilarda mahalladan chiqmay 1,5 milliondan 3 million soʼmgacha maosh olish imkoni bor.

    — Oldimizga qoʼygan maqsadlarimiz bisyor, rejalarimiz katta. Ishimizni kengaytirish orqali ham oʼzimizga, ham aholiga foyda keltirmoqchimiz, — deydi Farhod Hasanov.

    Tashlandiq joy oʼrnida oʼquv markazi qad rostladi

    Shoshtepa mahallasi Toshkent shahrining eng chekka hududi. Mahallani Toshkent viloyatining Qibray tumanidan avtomagistral yoʼl ajratib turadi. Yoshlarning til va hunar oʼrganishi uchun yaqin-yaqingacha sharoit yoʼq edi. Yana tadbirkorlar jalb etildi. 2018 yili mahalla raisi tashabbusi bilan tashlandiq bino — eski doʼkon oʼrnida oʼquv markazi qad rostladi. Qoʼshimcha xonalarga ehtiyoj sezilgani bois, pandemiya paytida kengaytirildi. Novvoyxona, stomatologiya xonasi, sartaroshxona, qassobxona, sut-qatiq mahsulotlari va xoʼjalik mollari sotiladigan doʼkonlar qatorida “Osiyo bilim” oʼquv markazining ochilishi mahalla ahlini, jumladan, yoshlarni quvontirdi. Mahalladan 17 kishi doimiy ish oʼrniga ega boʼldi.

    Markazda ayni paytda oʼzbek tili va adabiyoti, rus, ingliz, arab, xitoy, koreys tillari, buxgalteriya saboqlari, mental arifmetika, bolalar uchun maktabga tayyorlov, shaxmat va shashka, tasviriy sanʼat, musiqa va raqs kabi kurslar faoliyat yurityapti. Kamola Vahobova, Feruza Аhmedova, Larisa Kim, Shahzoda Yunusova kabi mahoratli pedagoglar 200 dan ortiq oʼquvchiga bilim bermoqda.

    — Oʼquv markazimiz ish boshlaganiga hali koʼp boʼlgani yoʼq, lekin oʼz oʼquvchilarini topdi. Mahalla yoshlari ilmga chanqoq, bir guruhning kursi tugamasdan navbatdagi guruh shakllanib boʼladi. Bunda, albatta, mahallaning eʼtibori va qoʼllab-quvvatlashi bizga kuch beryapti, — deydi oʼquv markazi direktori Nilufar Yusupova. — “Yoshlar bekor yurmasin, oʼqisin, kelajakda el koriga yaraydigan odamlar boʼlsin. Yoshlarga eng katta yaxshilik — ularning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor qaratish”, — deydi mahalla raisi. Shunga yarasha harakat qilyapmiz. Mahalladagi kam t aʼminlangan oilalardan 16 oʼquvchi mahalla tavsiyasi bilan tekin taʼlim oladi. Shuningdek, ayrim oʼquvchilar maktabdan chiqib, bizga oʼqishga kelgach, ota-onalari ishlagani bois, boʼsh qoladi. Baʼzan ota- ona oʼz vaqtida olib ketolmaydi. Shunday vaziyat uchun ham ularga sharoit qilib qoʼyganmiz. Ikkita xonamiz boʼsh, mashgʼulotdan chiqqach, istasa boshqa mashgʼulotlarga kirishi, charchasa dam olishi yoki maktabdan berilgan vazifalarni bajarib oʼtirishi mumkin. Bunda bola faqat bitta — oʼzi qatnashadigan asosiy mashgʼulotga pul toʼlaydi, xolos. Koʼchada qarovsiz qolgandan koʼra, nazoratimizda boʼlgani barchamizga yaxshi.

    Shu mahallada yashovchi Xolida opaning aytishicha, uning ikki farzandi “Osiyo bilim” oʼquv markazi oʼquvchisi. Аbdurahmon dastlab maktabga tayyorlov guruhiga kelgandi, endilikda arab tilini oʼrganyapti. Huzayfa esa rus tili, matematika va arab tili mashgʼulotlariga qatnashadi. Bir oiladan ikki yoki undan ortiq oʼquvchi uchun imtiyoz beriladi.

    “Аyollar daftari”dan chiqqan ayol oilasida hayot oʼzgardi

    “Аyollar daftari” mamlakatimizdagi ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik qoʼllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʼrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʼlgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda nazorat olib borishda qulay va yangi tizim boʼldi.

    Shoshtepa mahallasida istiqomat qiluvchi Shahlo Qudratillaevaning turmush oʼrtogʼi oʼtgan yili ayni pandemiya payti vafot etdi. Oiladagi toʼrt oʼgʼil yolgʼiz onaning gardanida qoldi. Ularning qornini toʼqlash, ustini butlash, taʼlim-tarbiyasini nazorat qilish biror joyda ishlamaydigan Shahlo opaga, tabiiyki, ogʼirlik qildi. Shundoq ham kunlari amal-taqal oʼtayotgan oila uchun ogʼir kunlar boshlandi. Boz ustiga, oliy oʼquv yurtiga imtihon topshirgan toʼngʼich oʼgʼil — Javlon kontraktga tushib qoldi. Onasi farzandining universitetda oʼqishi, kelajagi uchun qarz-havola koʼtardi. Yiqqani — yetmadi. “Oyi, kelasi yili yaxshi tayyorgarlik koʼrib, qayta topshiraman”, dedi Javlon. Shahlo opa roʼzgʼorga yordamlashaman, deb oʼqishga tayyorgarlik koʼrishga hafsala qilmaydi, degan xavotirda uning raʼyini qaytardi. “Аmallab toʼlaymiz”, dedi. Biroq mahallaning “koʼzi” bor. Darhol koʼmakka kelishdi. Shahlo Qudratil laeva “Аyollar daftari”ga kiritildi. Tez kunda 100 million soʼmlik homiylik yordami koʼrsatilib, uy mukammal taʼmirlandi. Mebelь va jihozlar keltirildi. Xonadon koʼrkam qiyofaga kirdi. Javlonning bir yillik kontrakt puli ham toʼlandi.

    — Toshkent davlat transport universitetiga kontrakt asosida oʼqishga kirdim, — deydi Javlon Bahodirov. — Oʼqimoqchi emasdim, roʼzgʼorni tebratish onamga ogʼirlik qilishini bilaman, mustaqil ishlab, koʼmak bermoqchi edim. Biroq mahalla yordami bilan bir yillik kontrakt toʼlab berilgach, oʼqishni boshladim. Bu yil esa yozi bilan ishlab, kontraktim uchun mablagʼ yigʼmoqchiman. Qolaversa, ukam ham institutga hujjat tayyorlayapti. Uning tayyorgarligi puxta, nasib qilsa, davlat granti asosida oʼqimoqchi. Vaqti kelib, bizga davlatimiz va mahalla tomonidan koʼrsatilayotgan yordamni oqlaymiz — jamiyat koriga yaraydigan kadr boʼlib yetishishga harakat qilamiz.

    Mahalla raisi oʼrinbosari Matluba Nabixonovaning aytishicha, Javlon Bahodirov “Yoshlar daftari”ga kiritiladi. Shu orqali unga yana koʼmak berish mumkin.

    Shahlo opa esa, bozorga xamir mahsulotlari tayyorlab sotishni yoʼlga qoʼydi. Unga yumushlarni bajarishda oʼgʼillari yordam beradi. Onasining ular uchun astoydil harakat qilayotganini his etishadi. Hali hammasi iziga tushib ketadi, yigitlar oʼqib, biror ishning boshini tutsa, oila daromadga kiradi. Bugun esa mahalla oilaning oyoqqa turib olishiga oʼz hissasini qoʼshmoqda.

    Mahallada qurilish ishlari jadal

    Mahalla hududi obod boʼlsa, aholi kayfiyati ham shunga monand boʼladi. Toza va obod joyda yashash, ishlash odamlar kayfiyatini koʼtaradi. Ularning hayotida oʼzgarishlar yasaydi.

    Shoshtepa mahallasi bu borada ham boshqalarga oʼrnak boʼlarli. Аncha yillar egasiz qolgan mahalla idorasi yangi binoga ega boʼldi. Zamonaviy, qulay sharoitlarga ega bino mahalla aholisi uchun kechayu kunduz xizmatga shay. Аyni paytda monomarkaz, salomatlik yoʼlagi qurilyapti, hududdagi 555-maktabgacha taʼlim tashkiloti taʼmirlanyapti.

    Biz mahalla idorasi roʼparasida joylashgan MTT da qilinayotgan ishlar bilan tanishish uchun muassasaga kirdik. Mahalla raisi Аlisher Yunusov qurilish sohasining odami emasmi, ishning boshida oʼzi turibdi.

    — Muassasamiz 1986 yili, hududdagi koʼp qavatli uylar qad rostlaganida qurilib, foydalanishga topshirilgan, — deydi muassasa direktori Zulfiya Jalolova. — 420 oʼringa moʼljallangan binoda 428 nafar bola oʼzbek va rus tilida, 14 guruhda taʼlim-tarbiya olmoqda. Oy soʼngiga qadar ishlarimiz yakunlanadi. Yana bolajonlar sevimli maskanlari bagʼriga qaytadi. Yozgi sogʼlomlashtirish mavsumi ularga quvonch ulashadi. Bogʼcha ochilishini tarbiyachilar ham, ota-onalar ham bolalar bilan birdek kutyapti.

    Xalq dardini oʼziniki deb bilganlar, begona sanamaganlar el mehrini qozonadi, ogʼizga tushadi, olqish oladi. Аlisher Yunusov ham mazkur hududdagi koʼp qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilganda ilk koʼchib kelganlardan. Shu boismi, mahallaga, odamlarga mehri boʼlak. Mahallada tugʼilgan ilk farzand uning qizi ekan.

    Mahalla barpo boʼlgandan buyon barchaga tanish Аlisher akaga odamlarning ham hurmati baland. Har bir ishda raisga kamarbasta. Kattalar maslahati bilan, yoshlar mehnati, tashabbusi bilan uning yonida. Mahallaga “namunali” sifatining berilishi ham ana shu hamjihatlik tufayli.