Xalq salomatligi — pirovard maqsadimiz

    Davlatimiz rahbari ayni vaqtgacha amal qilgan order tizimidan mutlaqo voz kechib, yangi, zamonaviy navbat tizimini joriy etish bo'yicha qat'iy topshiriq berdi. Bu jarayonda inson omilidan butkul voz kechilib, elektron navbat tizimi joriy etiladi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasiga yuksak eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, yurtimizdagi barcha onkologiya shifoxonalaridagi shartsharoit, davolash sifati oʻrganilgan.

    Onkologik kasalliklar boʻyicha eng koʻp murojaat Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallariga toʻgʻri kelgan. Yaʼni ularda barcha bemorlarning qariyb 37 foizi davolangan. Shundan kelib chiqib, Toshkent shahri va viloyati shifoxonalarini yagona muassasa sifatida birlashtirish taklifi bildirildi. Buning natijasida salohiyatli mutaxassislar va yuqori texnologik uskunalar bir joyda jamlanib, davolash sifati oshiriladi. Bemorlar sarson boʻlishining oldi olinadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazining yangi binosi barpo etiladi. Undan xalqaro talablarga javob beradigan 650 oʻrinli statsionar, eng muhimi, zamonaviy apparatlar bilan jihozlangan radioterapiya boʻlimlari oʻrin oladi.

    Yangi markazda pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirishlar, zanjir reaksiyali analizatorlar, magnit rezonansli tomografiya, angiografiya uchun zamonaviy uskunalar oʻrnatiladi. Immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nurli terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi. Biz bir guruh mutaxassislar bilan birga Janubiy Koreyaning qator tibbiyot muassasalari, onkologiya markazlarini koʻrib keldik. Oʻylaymanki, orttirgan tajribamiz Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazining yangi binosini ishga tushirishda asqotadi.

    Prezidentimiz huzurida oʻtkazilgan taqdimotda tibbiyotdagi eng muammoli masalalardan biri koʻtarildi. Bu gematologiya sohasida xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash bilan bogʻliq. Buning uchun davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan ikkita yangi qurilgan bino gematologiya xizmati ixtiyoriga foydalanish uchun topshirildi.

    Taqdimot asnosida qisqa vaqtda, bir-bir yarim oyda u yerga Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi bemorlarni koʻchirish masalasi muhokama qilindi. Muloqot davomida Prezidentimiz u yerda ishlayotgan tibbiyot xodimlari — rahbardan tortib xoʻjalik bekasigacha — yangi sharoitda ishlashga oʻrgatilgan va munosib mutaxassislar boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

    Hozir respublika miqyosidagi va hududiy ixtisoslashgan koʻplab markazlarda bemorlarning davolanishi uchun order berish tizimi mavjud. Afsuski, bu borada korrupsiya holatlari kuzatilyapti. Shu bois, davlatimiz rahbari ayni vaqtgacha amal qilgan order tizimidan mutlaqo voz kechib, yangi, zamonaviy navbat tizimini joriy etish boʻyicha qatʼiy topshiriq berdi. Bu jarayonda inson omilidan butkul voz kechilib, elektron navbat tizimi joriy etiladi. Hech qanday korrupsiyaga oʻrin qolmaydi. Bemorlar uchun belgilangan vaqtda shifoxonada yotib davolanish imkoniyati yaratiladi.

    Bundan tashqari, taqdimotda gematologiya va onkologiya shifoxonalarini dori-darmon bilan toʻliq taʼminlash haqida ham soʻz yuritildi. Buning uchun davlat byudjetidan qoʻshimcha 65 milliard soʻm ajratiladi. Endi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazining yangi binoga oʻtkaziladigan bemorlari davlat tomonidan dori-darmon bilan toʻliq taʼminlanadi. Biz, tibbiyot xodimlari taqdimotda belgilangan vazifalarni xuddi Prezidentimiz aytganidek bajarishni zimmamizga oldik va buni masʼuliyat bilan ado etamiz.

    Abduhakim HOJIBOYEV,

    sogʻliqni saqlash vaziri