Xalq taʼlimi vaziri tomonidan tizimida oxirgi yillarda ijobiy oʻzgarishlar boʻlib, taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarni jamiyatdagi mavqeini oshirish, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash yoʻnalishlarida katta islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Jumladan, 2020-yilda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarning 23 foizi bu yilgi maktab bitiruvchilari boʻlib, ular davlat granti kvotasining 50 foizini (2019-yilda – 30 %) egalladi.

Umuman bitiruvchisi oliy taʼlim muassasalariga kirmagan maktablar soni 3 baravarga (2019-yilda - 2126 ta, 2020-yilda - 692 ta) kamaydi. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10–11-sinflarda 12 ta yoʻnalish boʻyicha variativ oʻquv rejalar joriy qilindi.

Soʻnggi yillarda tizimdagi pedagog-kadrlarning sifat tarkibi yaxshilandi. Xususan, oliy toifali oʻqituvchilar soni 9,4 %ga, birinchi toifali oʻqituvchilar soni 6%ga oshgan.

Yigʻilishda taʼlimdagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatlarida qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Xalq taʼlimi vazirligi bir qator vazifalar belgilab olingani qayd etildi.

Malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni (shu jumladan, Finlyandiyaning malakali mutaxassislarini) jalb qilgan holda Milliy oʻquv dasturi ishlab chiqish va 2021-2022 oʻquv yilidan tajriba-sinov tariqasida joriy etish.

Taʼlim sifati past maktablarda taʼlim sifatini oshirish va ijobiy tajribani keng tarqatish maqsadida pedagog-oʻqituvchilarni muddatli shartnoma asosida boshqa tuman va viloyatlarga mehnat faoliyatini olib borish uchun yuborish, bunda malakali oʻqituvchilar tanlov asosida tanlab olinib, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish koʻzda tutilganligi qayd etildi.

Xalq taʼlimi vaziri kelgusida tizimda amalga oshiriladigan islohotlarni samarali tashkil etishda Oliy majlis Senatining yordami zarurligini qayd etdi.

Jumladan, umumtaʼlim muassasalariga jonkuyar, masʼuliyatli rahbarlarni tayinlashning shaffof va adolatli tizmini yaratish, mahalliy hokimliklar tomonidan maktablarda taʼlim olish uchun sharoitlar yaratilishiga qoʻshimcha mablagʻlar jalb etish, jumladan isitish tizimlarini taʼmirlash, qoʻshimcha jihozlash va boshqalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.