Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining uzoq muddatli kuzatuvchisi Linden Yoxanna hamda qisqa muddatli kuzatuvchisi Ramaska Rikardas Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 9- Surxondaryo okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi. Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan qiziqdi. Suhbat chogʻida 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi Salohiddin Sattorov xalqaro kuzatuvchilarga shu haqda atroflicha maʼlumot berdi.
Okrug hududida tashkil etilgan 860 ta saylov uchastkasida joriy yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta hozirlik koʻrilmoqda. Milliy qonunchiligimizga koʻra, saylovni ochiq va shaffof oʻtkazish uchun okrug saylov komissiyasi aʼzolari uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etishga yaqindan koʻmaklashayotir.
Markazlashgan holda tayyorlangan barcha namunadagi banner, stend va peshlavhalar uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, yangi chop etilgan oʻquv qoʻllanmalari, saylovga oid qonun hujjatlari toʻplami va huquqiy axborot materiallari, saylovga oid plakatlar bilan taʼminlandi.
Shu kunlarda barcha saylov uchastkalari Saylov kodeksi asosida jihozlanib, saylovchilarga qulay sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari aʼzolari uyma-uy yurib, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarni xatlovdan oʻtkazayotir. Nogironligi boʻlgan saylovchilar va saylovlarda ilk marta qatnashadigan yoshlar aniqlanmoqda.
Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar nogironligi boʻlgan saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar, pandemiya paytida ovoz berishni karantin qoidalari asosida tashkil etish, Afgʻonistonda yuz bergan soʻnggi voqealarning saylov jarayoniga taʼsiri boʻlish yoki boʻlmasligi, uchastka saylov komissiyalarini shakllantirish va tarkibda xotin-qizlar ishtiroki, saylovga oid murojaat va shikoyatlarni koʻrib chiqish masalalari bilan ham qiziqdi.
Linden Yoxanna samimiy suhbat uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi Salohiddin Sattorovga minnatdorlik bildirdi.