Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida bu kabi xalqaro tadbirlarning oʻtkazilishi anʼanaga aylanib bormoqda.

Tadbir mehnat munosabatlarini, birinchi navbatda, munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish jarayonlarida xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirishda yangi taklif va gʻoyalarni ishlab chiqishda salmoqli hissa qoʻshdi.

Yuqori darajada oʻtkazilgan ushbu xalqaro tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder, uning oʻrinbosari X.Koller, BMT, YETTB, Yevropa ittifoqi va qator xalqaro tashkilotlardan 100 ga yaqin mutaxassislar va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan dolzarb masalalar, yaʼni aholi bandligini taʼminlash, munosib ishga ega boʻlish va mehnat sharoitlarini yaratish hamda bu sohada mamlakatning salohiyatini mustahkamlash, inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash masalalari xalqaro konferensiyaning muhimligidan dalolat berib turibdi.

Toshkent forumi, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan taklif va tashabbuslarining amaliy ifodasi boʻldi.

Xususan, Davlatimiz Rahbari BMTning yuksak minbaridan turib, 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni koʻzda tutadigan “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini taʼkidlagan edi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva soʻzga chiqib, mamlakatimizda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar singari, mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli oʻzgarishlar boʻlgani, sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli tizimli ishlar olib borilayotganligini taʼkidladi.

Taʼkidlanganidek, tadbirning dolzarbligi soʻnggi yillarda mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimida amalga oshirilgan va erishilgan natijalar bilan ham bogʻliq. Jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar, sohaga bozor tamoyillarining keng tatbiq etilishi, mehnat qonunchiligi ustidan samarali nazorat va mustaqil monitoringning amalga oshirilishi paxtachilik sohasida tizimli majburiy mehnat holatlarining toʻliq bartaraf etishga xizmat qildi.

Bunday natijaga erishishda Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev boshchiligida majburiy mehnatga barham berish va paxtachilik tarmogʻini isloh qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar asosiy omil boʻlganligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarining amaliyotga tatbiq etilishida 2019-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda samarali faoliyat yuritayotgan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy va hududiy komissiyalari aʼzolari ham munosib hissa qoʻshib kelayotganligi qayd etildi.

Mazkur yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon Banki, AQSH Davlat departamenti va Mehnat vazirligi, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi kabi tashkilotlar tomonidan bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va ijrosi taʼminlandi.

Ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi institutining taʼsis etilganligi sohada amalga oshirilayotgan ishlarni, mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qator takliflarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik oʻrnatilganligi, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasida majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan 2014-2016-yillarga moʻljallangan va keyinchalik 2020-yilga qadar uzaytirilgan Oʻzbekistonda munosib mehnat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning toʻliq ijrosi taʼminlanganligi, ushbu hamkorlikni izchil davom ettirish maqsadida 2021-yilning sentyabr oyida Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan yangi Mamlakat dasturi qabul qilinganligi tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Mazkur dasturda asosiy eʼtibor munosib mehnat sharoitlarini yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish kabi masalalarga qaratilganligi alohida eʼtirof etildi.

Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan yangi Mamlakat dasturi BMTning Oʻzbekiston uchun barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida hamkorlik dasturiga toʻliq mos keladi va Oʻzbekiston dunyodagi bunday dasturni qabul qilgan birinchi mamlakat hisoblanadi, – dedi Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder.

Yangi Mamlakat dasturining qabul qilinishi oʻzaro manfaatli munosabatlarimizning natijasi boʻlib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi, – deb taʼkidladi Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller.

Shu bilan birga, munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda Oʻzbekiston erishgan yutuqlar, ayniqsa, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi hamda mehnat munosabatlari tizimi jahon andozasi darajasida ekanligi eʼtirof etildi.

Tadbirda ijtimoiy himoya, bandlik sohasida samarali davlat boshqaruvi, mehnat sohasidagi ijtimoiy muloqot mavzulariga bagʻishlangan sessiya yigʻilishlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Moliya vazirligi hamda qator xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillarining fikrlari eshitildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekistonda munosib mehnat tamoyillarini yanada rivojlantirish yuzasidan yangi loyihalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.