Bular qatoriga yana Mustaqillik, Xotira, Gʻalaba maydonlari, Adiblar xiyoboni va majmualarini, tarixiy qadamjolar, istirohat bogʻlari, maktab va oliy oʻquv yurtlaridagi katta-kichik kutubxonalar, badiiy toʻgaraklar, muzeylarni qoʻshish mumkin. Ular orasida mahobati va salobati bilan alohida mavqe kasb etayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi majmuasi esa qisqa muddatda dunyoni oʻziga rom etdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Hozir dunyo miqyosida muhim geosiyosiy jarayonlar kechayotgan bir paytda Prezidentimiz ilgari surayotgan “Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish” gʻoyasi jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinmoqda. Maz­kur tashabbus koʻplab ekspertlar eʼtirof etganidek, insoniyat taraqqiyotining yangi tamaddun modeli sifatida yuqori baholanyapti.

Yangi davr tasodifan shakllanmaydi. Avvalo, u inson shuurida uygʻonib, keyin hayotimizda namoyon boʻladi. Tamaddunlarning yuzaga kelishi uchun insonlarni birlashti­radigan, ularning intilishini taraqqiyotga yoʻnaltira oladigan ulkan va ilgʻor gʻoyalar tugʻilishi shart. Bunday gʻoyalar odamzod ta­fakkurini, ilm-fan, madaniyat, iqtisodiyot va texnologiyalar rivojini tubdan oʻzgarti­ra oladi. Ana shunday gʻoyalar mevasi boʻlgan mazkur ulkan va noyob loyiha Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qaro­riga binoan boshlanib, 2018-yili Ramazon hayiti kuni poydevor qoʻyilgan edi.

Davlatimiz rahbari maʼruzalaridan bi­rida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilinishidan asosiy maqsad xalqimizning bunyodkorlik dahosi bilan barpo etilgan ana shunday noyob me­rosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit ta­savvur uygʻotish, ular bilan aholi va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, inson qalbi va ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish ekanini taʼkidlagan edi.

Prezidentimiz loyihaning amalga oshi­rilishi jarayonini muntazam kuzatib bordi. Tamal toshini qoʻyishdan boshlab qurilish va bunyodkorlikning har bir bosqichida qu­rilish maydoniga tashrif buyurib, ishlar­ning borishini koʻzdan kechirishni kanda qilmadi. Tanishish jarayonida kerakli maslahatlar berdi, mutaxassislar ishtiro­kida majmua tarhiga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritdi, takomillashtirdi.

Qiyosi yoʻq megaloyiha

Maʼrifat, ilm-fan va taʼlim Uchinchi Re­nessans sari dadil qadam qoʻyayotgan mamlaka­timizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi­ga aylandi. Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan, innovatsion texnologiyalar va ilgʻor kashfi­yotlar barchamiz orzu qilgan uygʻonish davri sari ruhlantirmoqda. Ajdodlarimizning maʼnaviy merosi esa zamonaviy davlatchi­ligimiz taraqqiyotida mustahkam hamda mu­nosib ifodasini topayotir.

Mahobatli inshoot qadimgi meʼmo­riy obidalarimiz shaklida bunyod etilgan. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlar­ning ajoyib uygʻunligi unga alohida koʻrk bagʻishlagan. Majmuaning toʻrt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, oʻrtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Markazning eng asosiy qismidan Qurʼoni karim zali joy olgan. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi — qadi­miy Usmon Musʼhafi joylashtirildi. Shu­ningdek, muqaddas kitobning somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, Oʻzbekxon, te­muriylar va boshqa tarixiy sulolalar dav­rida bitilgan nusxalari hamda eski oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimalari qoʻyildi. Qurʼoni karimning jahondagi eng nodir qoʻlyozmalaridan namunalar ham oʻrin oldi.

Markazda 460 oʻrinli anjumanlar zali bor. Bu yerda turli xalqaro uchrashuvlar, anjumanlar oʻtkazish uchun zarur sharoit yaratilgan, eng soʻnggi rusumdagi texnika vositalari bilan oʻrnatilgan. Oʻtgan yili avgustda majmua bilan tanishish asnosida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ulugʻ ta­rixga ega mamlakatligi, buyuk ajdodlari­mizning ilmiy-madaniy merosi insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgani, dunyo ham­jamiyatini undan xabardor qilishda ushbu markazning oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlagan edi.

Bu yerga kirgan kishi asrlar davomida ilm-fan, maʼnaviyat, maʼrifat va madaniyat y oʻ l i ­da qilingan beqiyos ishlarga guvoh boʻladi. Jum­ladan, Imom Buxoriy, Mo­turidiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Burhoniddin Margʻinoniy, Mahmud Zamax­shariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlar ziyoratchilarni ezgulik, insonparvarlik va hidoyatga chorlaydi.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivi­lizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “Oʻzbekiston XX asrda”, “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renes­sans” kabi boʻlimlar tashkil etilgan. Maz­kur davrlar tarixi turli ashyolar, qoʻlyozma manbalar, suratlar va multimediali vosi­talar orqali namoyish etilgan. Tarixdagi yetuk ulamolarning islom maʼrifatiga qoʻsh­gan hissasi atroflicha yoritilgan.

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xon­zodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbe­gim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan ayol­larning ilm-maʼrifat homiysi sifatidagi faoliyati ham ifodalangan.

* * *

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va uning tevaragida qilingan bunyodkorlik ishlari hamda oʻzgarishlar har qanday odamni mahliyo etadi. Poytaxtning tarixiy Qorasaroy, unga tutash Zarqaynar koʻchalarini bugun tanish qiyin. Qorasa­roy koʻchasida avtomobillar uchun qurilgan yer osti yoʻli, ikki chekkada mumtoz usulda qad rostlagan mehmonxonalar, savdo rasta­lari, Zarqaynarning Eski joʻva bozoriga olib chiqadigan tor va uzun koʻchasidagi qadimiy uslubdagi taʼmirlash ishlaridan hayratga tushadi kishi. Ayniqsa, majmua, yondosh inshoot va tutash hududlar oqshom pallasi chiroqlar nurida alohida fusun kasb etadi.

Euronews telekanali Oʻzbekistondagi Is­lom sivilizatsiyasi markaziga bagʻishlangan, uning noyob meʼmoriy yechimlarini yorituvchi maxsus reportajlarini bir necha kun efirga uzatdi.

“Vatan haqida qoʻshiq”

Ancha yillar avval, kasbimning sir-asro­rini toʻliq anglamagan davrimda bir gazeta­da xuddi shunday sarlavhali maqola beril­gandi. Muallifi yodimda yoʻq, lekin taniqli shoir yoki yozuvchi emasdi. “Vatan haqida qoʻ­shiq” biror sheʼr yoki qoʻshiq tahlili boʻlsa kerak degan oʻy bilan maqolani oʻqishga ki­rishganim yodimda. Matnda nazm, ohang, kuy va ijro haqida hech qanday gap yoʻq, lekin u sheʼr kabi ravon oʻqilar, rostdan ham qoʻshiq misoli oʻzidan ohang taratar edi. Muallif maqolada Vatani, yurti, tabiati, urf-oda­tiyu odamlarini madh etgan edi.

Bugun Toshkentning Eski shahar qismiga yoʻli tushgan odam borki, hayratini yashira olmayapti. Oʻzbekistondagi Islom sivili­zatsiyasi markazidagi bunyodkorlik ishlari oddiy sayyohni ham, nufuzli delegatsiya va­killariyu davlat rahbarlarini ham ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz taassuroti bilan oʻrtoqlashishga undamoqda. Ushbu dil izhorlarini esa ular­dagi harorat va taft tufayli Vatan haqida qoʻshiq, bizning Vatanimiz haqida qoʻshiq sifatida qabul qilish mumkin.

Aleksandr VUCHICH,

Serbiya Prezidenti:

— Men avvalroq Oʻzbekistonga kelmay, katta xatoga yoʻl qoʻyganman. Bu mamlakatga, albatta, keling! Men bu mamlakatga avvalroq kelmasdan juda katta xatoga yoʻl qoʻyganman. Imkoningiz boʻldimi, bu mamlakatni koʻrga­ni, albatta, keling.

Santyago PENYA,

Paragvay Respublikasi Prezidenti:

— Oʻzbekiston tarixi haqiqatan beqi­yos. U besh ming yillik taraqqiyotni qamrab olgan ulkan sivilizatsiyadir. Bir millatni anglash uchun uning tarixini bilish kerak. Bu yerda esa tarix juda boy. Insoniyat tamad­duniga ulkan hissa qoʻshgan koʻplab ilmiy va madaniy yutuqlar aynan shu zamindan kelib chiqqan. Oʻzbekistonning eng katta boyligi tarixiy merosi, ilmiy yutuqlari va mada­niy sivilizatsiyasidir. Masalan, algebra yoki tibbiyot sohasidagi ilk mukammal il­miy asoslar shu yurtdan kelib chiqqanini koʻpchilik bilmaydi. Men bu tashrifdan juda ruhlandim. Paragvay Oʻzbekiston bi­lan kelgusidagi istiqbolli hamkorlikka tayyor.

Rana Ihsaan AFZAL,

Pokiston Bosh vaziri devonida savdo boʻyicha koordinator:

— Bunday markazni dunyoning hech bir joyida koʻrmaganman. Bu yerga kirgan odam ta­rixning turli davrlarida sayohat qilgandek boʻladi. 3D sahnalar, multimediali taqdi­motlar va ilmiy izohlar oʻtmishni aynan koʻz oldingizda jonlantiradi. Oʻzbekiston necha ming yillik ilm-fan merosini bir joyga jamlab, zamonaviy talqinda namoyish eta olgani — juda katta yutuq.

Oʻzbekiston — Pokiston aloqalari ayni paytda yangi bosqichga koʻtarilgan. Savdo, transport va diplomatik hamkorlik koʻla­mi yil sayin kengaymoqda. Ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aviareyslar yoʻlga qoʻyilgani ham bu hamkorlikka yorqin misol­dir.

Mita TANJUNG,

Indoneziya musulmon haj tashkilotchi­lari assotsiatsiyasi raisi:

— Bu markaz Oʻzbekiston sivilizatsiyasi, tarixi, donishmandligi va maʼnaviyatining butun jozibasini oʻzida jamlagan. Har bir boʻlimdagi eksponatlar juda qimmatli. Ma­jmuadagi barcha goʻzallik, ajoyib maʼlu­motlar, tarixiy boyliklarni koʻrish — men uchun katta baxt. Oʻzbekistonda qadimdan to hozirgacha boʻlgan butun sivilizatsiya mujas­samligiga guvoh boʻldim. Vizual zal, ayniq­sa, Kaʼba kisvasi namoyish etilgan boʻlim katta taassurot qoldirdi. Bu maskan indo­neziyalik musulmon sayyohlar uchun ham juda muhim. Kelgusida biz ham Oʻzbekistonning buyuk sivilizatsiyasi, tarixi va madaniya­tini yanada koʻp odam kelib koʻrishiga hissa qoʻshamiz.

Muhammad GAZALI,

Indoneziya umra va haj sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasining min­taqalar raisi:

— Bu markaz nihoyatda chiroyli, qa­dimgi sivilizatsiya merosi zamonaviy va ilgʻor texnologiyalar bilan uygʻunlashti­rilgani juda hayratlanarli. Unga kirga­ningizda goʻyo oʻsha davrga tushib qolgandek, tarix sahifalari qatida sayr qilayotgan­dek boʻlasiz.

Markaz muzeyida Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi Oʻzbekiston davrlari shukuhi bor. Menimcha, bu juda qiziqarli va oʻziga xos tajriba. Shu sababli Indone­ziyadagi yurtdoshlarimizni ham bu maskanga kelib, tosh davridan islom dinining kirib kelishigacha boʻlgan taraqqiyotni oʻz koʻzi bi­lan koʻrishga chorlayman.

Tahir FAROOQ,

“Daily Ittehad” media guruhi bosh muharriri:

— Oʻzbekiston oʻz tarixini nafaqat saqlab qolgan, balki uni yangi avlod uchun eng zamonaviy uslubda jonlantirib bera olyapti. Har bir zalda ilm bor, har bir eks­pozitsiya oʻtmishning yangi sahifasini ochadi. Sunʼiy intellekt va multimediali tex­nologiyalarning bunday uygʻunligi tarixni yanada chuqur anglashga yordam beradi.

Qurʼon zalidagi noyob qoʻlyozmalar, buyuk allomalar merosi, markaz konsepsiyasi­ning izchil ilmiy asoslangani va maʼri­fiy ruhini alohida eʼtirof etish lozim. Islom sivilizatsiyasi markazi — “tarixni jonlantirgan, ilm va texnologiyani uygʻun­lashtirgan noyob xazina” boʻlib, uni dunyo miqyosida keng targʻib qilish zarur.

Muhammad bin SULAYEM,

Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) prezidenti:

— Oʻzbekiston hukumati va shaxsan Pre­zidentiga bu markazni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish imkonini bergani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu yerda ilgari oʻzim bilmagan koʻplab maʼlumotlarni koʻr­dim. Menimcha, bu Oʻzbekistonning yashirin xazinasi. Bu yurt dunyoga yoygan ilmiy meros haqida koʻpchilik hali ham yetarlicha xabar­dor emas. Qurʼonga bagʻishlangan zalda asl qoʻlyozmalarni koʻrganim, yoʻqolib ketgan yoki turli yoʻllar bilan boshqa mamlakatlarga oʻtib ketgan nodir manbalarni qayta jam­lash boʻyicha Prezidentning shaxsiy tashab­busi haqida eshitganim meni chuqur hayajon­ga soldi.

Bu maskan dunyo miqyosida yanada keng targʻib qilinishi kerak. Muhammad Xo­razmiy, Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk shaxslarning ilmiy merosini global miqyosda namoyish etish — bizning ham burchimiz. Oʻzbekistonning islomdan avvalgi davrdan bugungacha boʻlgan taraqqiyoti, islom madaniyatiga qoʻshgan ulkan hissasi — bularning barchasi meni hay­ratga soldi. Eng muhimi, bu maskan odam­ni asl haqiqatga qaytaradi: tarixdan sa­boq olib, dadil olgʻa yurish kerak degan gʻoyani beradi.

Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xoraz­miy, Abu Nasr Forobiy, Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino kabi ulugʻ zotlar jahon taraqqiyotining poydevoriga aylangan ilmiy yutuqlarni yaratgan boʻl­sa-da, bugun dunyoning koʻplab mamlakatlari­da ular haqida yetarli bilim mavjud emas. Markaz faoliyati tarixiy merosni global miqyosda targʻib qilish yoʻlidagi nihoyatda muhim tashabbusdir.

Jalya AZIZOVA,

Xalqaro Qizil Yarim oy jamiyatining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mam­lakatlari boʻyicha mintaqaviy koordina­tori:

— Markazning meʼmoriy yechimi, zal va yoʻlaklar konsepsiyasi, tarixiy davrlarning bosqichma-bosqich ochib berilishi — juda taʼsirli. Islomdan avvalgi yodgorliklardan tortib, Sharq uygʻonish davrlarigacha boʻlgan jarayonning bunday professional yoritili­shi meni juda ilhomlantirdi.

Julian ANANDA,

Indoneziya “Halal Tour” sayyohlik agentligi aʼzosi:

— Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiya­si markazi — nihoyatda ajoyib maskan. Bu yerda zulmat davridan boshlab oltin davrga­cha, yaʼni islom sivilizatsiyasi shakllangan davrgacha boʻlgan boy tarix mujassam.

Mazkur ulkan majmua Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbu­si bilan barpo etilgan boʻlib, uning ar­xitekturasi, dizayni va mazmuni bilan kelgan har bir kishini hayratga soladi. Oʻzbekistonga kelgan mehmonlar, albatta, bu maskanda boʻlishi kerak. Chunki bu majmua nafaqat goʻzal, balki chuqur maʼnaviy va tarixiy mazmunga ega.

Biljana MILOSEVICH,

Xalqaro Qizil Yarim oy jamiyatining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy dele­gatsiyasi rahbari:

— Bu markazga ilk bor kelyapmiz va chin dildan aytishim kerak: men bu yerda koʻrgan­larimdan hayratdaman. Ekspozitsiyalar na­faqat ilmiy asoslangan, balki juda zamona­viy va taʼsirli tarzda yasalgan. Interaktiv boʻlimlar orqali tarix qaʼriga tushgandek boʻlasiz.

Eng muhimi bu maskanning insoniyat merosi qadrini yuksaltiruvchi, tinchlik va oʻzaro hurmat gʻoyalarini tarannum etuvchi tabarruk joy ekanida. Oʻzbekiston xalqiga va Prezidentiga bunday ulkan loyiha uchun minnatdorlik bildiraman.

* * *

Bu kabi kuy va ohangga aylanuvchi sami­miy bitiklar kishining koʻngil tubidan chiqadi. Zero, markazning markaziy maʼri­fat markazi oldiga qoʻyilgan muhim vazifa­lardan koʻzlangan maqsad ham shu — milliy tariximizning yangilangan timsolini yara­tish va yosh avlod qalbida yurtimiz alloma­larining oʻlmas merosiga yuksak muhabbat uygʻotishdir. Oʻz Vatanini sevgan, tarixi va qadriyatlarini ulugʻlagan insonlargina munosib kelajak davomchilari boʻla oladi. Ularni tarbiyalashda esa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining oʻrni beqiyos.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri