Milliy va xalqaro tajribadan kelib chiqib, jamiyatimizni tubdan isloh etish, inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yoʻlida chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xal­qiga yoʻllagan Murojaatnomasida yurt ravnaqini yuksaltirishga xizmat qilayotgan ushbu saʼy-hara­katlarning natijasi xususida toʻxtalar ekan, “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik. Buning tasdigʻini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bogʻcha va shifoxonalar, obod koʻcha va mahal­lalar, transport-logistika tizimi, raqamli xiz­matlar misolida yaqqol koʻrish mumkin”, dedi.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda jamiyat ta­raqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida belgilangan strategik vazifalar oʻz vaqtida roʻyob­ga chiqarilishi natijasida turli sohalarda tub oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dol­lardan oshdi. 2025-yil iqtisodiyotimizga jalb qi­lingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 mil­liard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tash­kil etdi. Bu esa iqtisodiyotimiz kelgusi yillarda ham yuqori surʼatlar bilan barqaror oʻsib borishi uchun zamin boʻladi.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi oʻrni tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlaka­timizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pogʻonasiga koʻtardi. Shuningdek, Jahon banki eʼlon qilib boradigan Davlatlarning texno­logik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqori koʻtarilib, dunyoning TOP-10 ta mamlaka­ti qatoridan joy oldi.

Bunday fakt va raqamlar yurtimizdagi islo­hotlar samaralarini nafaqat xalqimiz, balki dunyoning koʻplab rivojlangan davlatlari eks­pertlari ham eʼtirof etayotganining yaqqol isbo­tidir. Zero, bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qa­ramay, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar nafaqat milliy va mintaqaviy, balki global miqyosda dolzarb masalalar yechimida ham oʻrganish va ibrat olishga arzirli tajribadir.

Bu jarayonda davlat siyosatining ustuvor yoʻ­nalishlaridan biri sifatida davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etish, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, vakillik organlari nazoratining samarali va taʼsirchan mexanizmla­rini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirilgan chora-tadbir­larning ham ahamiyati beqiyos. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos boʻlmoqda.

Xususan, u respublika darajasidagi hokimiyat­lar boʻlinishi va oʻzaro tiyib turish prinsipining mahalliy darajada ham mavjud boʻlishi uchun huqu­qiy zamin yaratdi. Joylarda hokimlar va mahalliy kengashlar vakolati ajratildi. Bu chora-tadbirlar jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, bugungi hayotimiz va ertangi taqdirimizga daxldor har bir masalani xalqimiz bilan bamaslahat hal etishda muhim omil boʻlmoqda.

Joylardagi xalq vakillari bu borada yaratil­gan sharoitlar va berilgan vakolatlardan qanday foydalanmoqda? Mahalliy kengashlarni chinakam xalq ovoziga aylantirish borasidagi vazifalar toʻla roʻyobga chiqyaptimi?

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari rais­laridan ayrimlarining shu xususdagi fikrlari bilan qiziqdik.

Bamaslahat qilingan har bir ishning natijasi xayrli boʻladi

Oltiboy RAJABOV, Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi raisi:

— Prezidentimiz parlament va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida yurt taraqqiyoti va el farovonligini oshirish borasida muhim ta­shabbuslarni ilgari surdi. Xususan, 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinib, mahal­lalar obodligini taʼminlash boʻyicha ustuvor va­zifalar belgilab berildi.

Aytish joizki, mamlakatimizda kechayotgan ana shunday joʻshqin islohotlar jarayonida inson hu­quq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼ­minlash orqali inson qadrini yuksaltirishga alo­hida eʼtibor qaratilayotgani jamiyatimizda eri­shilayotgan yutuqlarning muhim omili boʻlayotir. Ayniqsa, xalqimiz irodasi bilan qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyamiz yurtimizda inson qadri tamoyili qaror topishida mustahkam zamin boʻlmoqda, islohotlarga hayotiy kuch bagʻishlayapti.

Jumladan, Bosh qonunimizda mahalliy dav­lat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuv­chi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani hokimiyatlar boʻlinishiga oid kons­titutsiyaviy tamoyil ijrosini mahalliy dara­jada taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

Mahalliy kengashlarning nazorat faoliyati­ni kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat or­ganlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari kengashlarining nazorat funksiyalarini kengay­tirish maqsadida ularga qoʻshimcha vakolatlar be­rildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash or­ganlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.

Oʻtgan yili bu jabhadagi ishlar yanada kengay­di. Soʻnggi yillarda mahalliy kengashlarning demokratik qiyofasi tubdan yangilandi. Muhim institutsional va konseptual oʻzgarishlar yuz berdi. Ularning qonunchilik bazasi mustah­kamlandi, vakolatlari kengaydi.

Avval deputatlar kun tartibiga faqat hokim­ning hisoboti kiritilgan boʻlsa, hozirgi kunda mahalliy darajadagi 60 dan ortiq tashkilot­ning hisobot va axborotlari deputatlar tomo­nidan eshitilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar hu­dudlarni yanada samarali boshqarish va barqaror rivojlantirish uchun sharoit yaratmoqda. Zero, fuqarolar qarorlar qabul qilishda ishtirok eti­shi demokratiya hamda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda ham muhim rol oʻynaydi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar)lar kengashlari tomonidan oʻtgan yilda oʻtkazilgan sessiyalarda hududlar ijtimoiy-iqtisodiy ri­vojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan masʼul rahbarlarning mingdan ortiq hisobot va axboroti eshitildi. Shuningdek, muhokama qilish, nazorat-tahlil tadbirlari oʻtkazish, va­kolat doirasidagi va boshqa masalalar koʻrib chi­qilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar)lar kengashlari deputatlari tomonidan oʻtkazilgan 2400 uchrashuvda bir yarim mingga yaqin muammo aniqlanib, aksariyati joyida hal etildi. Shu­ningdek, xalq vakillari saylovchilar bilan oʻt­kazgan uchrashuvlar davomida joylardagi muam­moli masalalar boʻyicha deputat soʻrovlari yubo­rildi va ularning natijalari toʻgʻrisida tegish­li javob xatlari olindi. Ushbu masalalarning baʼzilari sessiyalarda muhokama qilindi.

Murojaatlardan aholini koʻproq yoʻl, suv, elektr va gaz taʼminotidagi kamchiliklar bezov­ta qilayotgani maʼlum boʻlmoqda. Qolaversa, ma­halla infratuzilmasini yaxshilash, tibbiy-ij­timoiy koʻmakka muhtojlarga yordam koʻrsatishni ham doimiy nazoratga olishga toʻgʻri keladi. Bun­dan tashqari, bandlik va tadbirkorlikni rivoj­lantirishga oid loyihalarni jonlantirishda aholi va tadbirkorlarga doimiy koʻmak berish lozim. Bu boradagi murojaat va soʻrovlarning ijrosini taʼminlash maqsadida xalq vakilla­rining tegishli idora va tashkilotlar, jumla­dan, mahalla faollari bilan doimiy hamkorli­gi muhim samara bermoqda.

Bu ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida hu­dudlarni rivojlantirishga qaratilgan dastur­lar ijrosini samarali nazorat qilish hamda mahallalardagi muammolarni hal etishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida viloyatdagi barcha deputatlar mahallalarga biriktirilgan. “Mahalla yettiligi” bilan birgalikda qabullar tashkil etilib, aholining muammoli masalalari eshitildi. Bundan tashqari, fuqarolar qabullari, mahallalar faoliyatini va dasturlarga kiritil­gan loyihalarni oʻrganish natijasida aniqlangan muammolarni “Mahalla yettiligi” bilan birga­likda hal etish choralari koʻrilmoqda.

Faoliyatimizning yana bir yoʻnalishi qonun lo­yihalari muhokamasi jarayonida ishtirok etish­dir. Prezidentimiz Oliy Majlis Senatining 2024-yil 19-noyabr kuni boʻlib oʻtgan birinchi majlisidagi nutqida bu xususda toʻxtalib, Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizm­larni joriy etishi zarurligi, ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlagan edi.

Bu fikrlar bejiz ilgari surilmadi. Chunki hududlarning oʻziga xos xususiyat va imkoniyatla­ri hisobga olinmagan qonunlar quyi boʻgʻinda sa­marali ishlamaydi. Shu bois, qonunlarda hudu­diy va umumdavlat manfaatlari uygʻun boʻlishiga erishish uchun ularni ishlab chiqishda xalqimiz bilan bamaslahat ish tutish ayni muddaodir.

Sir emas, avvallari mahalliy kengashning qarorlarini hech qayerda koʻrmas edik. “E-qaror” elektron tizimi yaratilishi bu borada muhim tarixiy voqea boʻldi. Endilikda “E-qaror” elektron tizimini chetlab oʻtgan holda mahalliy dav­lat hokimiyati organlarining tegishli qarorla­rini qabul qilish (chiqarish)ga yoʻl qoʻyilmasli­gi, bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emasligi hamda u qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmas­ligi belgilab qoʻyildi.

Bu ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik tamo­yillarini kuchaytirish, mahalliy davlat hoki­miyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga zamin yaratmoqda. Bun­dan tashqari, vakillik organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, mahalliy kengash deputatlari bilan fuqarolar oʻrtasida elektron muloqot maydonini yaratish maqsadida “kengash.gov.uz” platformasi ishlab chiqilib, barcha mahalliy vakillik organlari faoliyatiga joriy etildi. Bugungi kunda mahalliy kengash­larga oid barcha axborotni ushbu platformadan olish imkoniyati yaratilgan.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchayti­rishda ommaviy axborot vositalari bilan ham­korlikning ahamiyati beqiyos. Shu maqsadda Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar)lar kengashlari sessiyalari OAVda keng yoritilyapti. Bu jarayonni yanada takomillashtirish, ochiqlik tamoyillari­ni kuchaytirish maqsadida sessiya yigʻilishlari­ni onlayn tarzda efirga uzatish yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar)lar kengashlari faoliyati ommaviy axbo­rot vositalarida keng yoritilmoqda.

Qonunchiligimizda kengash soʻrovi va kengash tekshiruvi institutlari joriy etilishi demokratik taraqqiyot yoʻlidagi yana bir dadil qadam boʻldi. Kengash soʻrovi instituti mahalliy ken­gash raisi yoki deputatlarga aholini qiziqtirgan masalalar boʻyicha turli davlat organlari, muas­sasalari va tashkilotlariga rasmiy soʻrovlarni shakllantirish imkonini beruvchi mexanizmdir. Ushbu vosita fuqarolarning aniq murojaatlari­ga javoban kerakli maʼlumotlarni, tushuntirish­larni olish yoki choralar koʻrishga qaratilgan.

Bu institut deputatlarga dolzarb muammolar­ni hal qilish uchun tezkor maʼlumot va manbalar­ni olish imkoniyatini berish orqali mahalliy ijro hokimiyati organlari va davlat idoralari oʻrtasida ochiq muloqotni osonlashtirib, aholi manfaatlarini faol ravishda himoya qilish im­koniyatini bermoqda. Fuqarolar murojaatlari asosida soʻrovlar amalga oshirilishi imkoniyati, oʻz oʻrnida, deputatlarga aholi fikrini yaxshiroq oʻrganish va ularni qaror qabul qilish jarayonla­riga faol jalb qilishga yoʻl ochdi.

Kengash tekshiruvi instituti ham mahalliy boshqaruv sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Bu aholini qiynayotgan muammo­larni chuqurroq va sinchkovlik bilan oʻrganish, tahlil qilish, mahalliy hokimiyat organlari ishidagi muammo va kamchiliklarni aniqlashda oʻz samarasini bermoqda.

Mazkur mexanizmlar mahalliy ijro hoki­miyati organlari faoliyatida shaffoflikni taʼ­minlab, aholi manfaatlarini himoya qilishda muhim omil boʻlmoqda.

Elektron jamoaviy murojaat yoʻllash mumkin

Ismigul XUSHMURODOVA, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi raisi:

— Ushbu maqsadga erishishda mahalliy kengashlarning roli katta. Shu bois, demokratik taraqqiyot yoʻlini tanlagan har bir davlat mahalliy kengashlar fao­liyatini rivojlantirish uchun keng im­koniyatlar yaratadi. Dunyoga ochiq, ijti­moiy va iqtisodiy rivojlangan davlat barpo etishni maqsad qilgan mamlakati­miz uchun ham bu vazifa islohotlarning ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan va bu yoʻnalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti.

Jumladan, konstitutsiyaviy islohot­lar doirasida viloyat hokimlari va ma­halliy kengashlar raislari lavozimla­ri bir-biridan ajratilgan edi. Endi bu tizim shu yil 1-yanvardan 208 ta tuman va shaharda ham yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi­da bu xususda toʻxtalar ekan, ayni paytda ushbu jiddiy siyosiy islohot — hokim­lar va ijro idoralaridan kengashlarga munosabatni mutlaqo oʻzgartirishni talab qilishini alohida taʼkidladi. Bundan buyon deputat soʻrovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkash­likka yoʻl qoʻyilgan holatlar boʻyicha prokuraturaga taqdimnoma kiritili­shi aytib oʻtildi. Albatta, bu xalq va­killari faoliyatiga bildirilgan yuk­sak ishonchdir.

Xalq vakillarining har biri buni chuqur anglagan holda oʻz ishini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etishga ki­rishdi. Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hoki­miyati organlari faoliyatining sama­radorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda. Hujjatga koʻra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organ­larining faoliyati ustidan xalq depu­tatlari kengashlarining nazorat funk­siyalari kengaytirilib, oʻndan ortiq qoʻshimcha vakolat berildi. Oʻzbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida yangi model — “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbus­kor hokim” tamoyili joriy etildi.

Bugun kengashimiz jamiyat va dav­lat hayotining muhim masalalarini hal etish hamda ana shu yoʻnalishda yaratil­gan imkoniyatlar hamda xalqning bevo­sita ixtiyori asosida qaror qabul qilish talab etiladigan vakolatlardan foy­dalanayotir. Bu borada viloyatimizdagi 17 ta mahalliy kengash samarali ish­layapti. Xususan, deputatlar oʻzi say­langan okrugdagi mahallalarga birik­tirildi hamda tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlarini jalb etgan holda hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar, chora-tadbirlar, loyihalar toʻliq xatlovdan oʻtkazildi.

Bu jarayonda strategik ahamiyatga ega hujjatlarda belgilangan vazifalar­ning joylardagi ijro holati ham doimiy oʻrganib borilyapti. 2025-yilda bu borada viloyat hokimi oʻrinbosarlari­ning hisobotlari eshitildi. Shuning­dek, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari tomonidan sessiya yigʻilishlari oʻtkazildi.

Hududlarni rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal etishda mahal­liy kengashlar deputatlarining “mahal­la yettiligi” bilan oʻzaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Oliy Majlis Se­nati kengashining hududlarni rivoj­lantirish hamda aholi muammolarini hal etishda mahalliy kengashlar depu­tatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼmin­lash maqsadida tizimli ishlar qilindi. Jumladan, tuman va shaharlar boʻyicha 1400 ga yaqin loyihaga mahalliy kengash deputatlari biriktirildi.

Xalq vakillari har oyda oʻzlari say­langan okruglariga chiqib, loyihalar ijrosi hamda joylarda mavjud muammolarni oʻrganyapti, aniqlangan kamchi­lik va muammolarni bartaraf etish yuza­sidan mutasaddilarga soʻrovlar yubor­moqda. Oʻtgan yilda deputatlar “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda 1300 dan ziyod qabul tashkil etib, aholi bilan muloqot uyushtirdi. Bu jarayonda aniq­langan toʻrt mingdan ortiq muammoning aksariyati mahalla faollari va hokim­liklar ishtirokida ijobiy hal etildi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivoj­lantirish, investitsiya dasturlari loyi­halarini dastlab mahalliy kengashlar­da muhokama qilish, ularda belgilangan har bir vazifaning oʻz vaqtida va sifat­li bajarilishi ustidan samarali depu­tatlik nazorati yoʻlga qoʻyilgan.

Shaffoflikni oshirish maqsadi­da mansabdor shaxslarning hisoboti kengash sessiyasi muhokamasidan soʻng “E-kengash” platformasidagi tegish­li mahalliy kengashlar sahifalarida eʼlon qilib borilyapti. Bugun mahalliy kengash qarorlarini qabul qilish jarayo­ni ochiqligini taʼminlash maqsadida fuqarolarning sessiya ishini bevosita kuzatishga yoʻl ochildi. Endilikda fu­qarolar mahalliy kengashlarga elektron jamoaviy murojaat yoʻllashi mumkin.

Mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quv­vatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini hi­moyalash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglik­ni taʼminlash borasida targʻibot ishla­ri tashkil etilayotir. Aholining kam­bagʻallik darajasini kamaytirish maq­sadida fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga oʻqitish, zamonaviy tex­nika va texnologiyalardan foydalanish boʻyicha kasbiy koʻnikma va malakasini rivojlantirishga eʼtibor qaratilyapti. Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash ham diqqat- eʼtiborimizda.

Viloyatimizda tashqi va ichki turizm uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini koʻpaytirish, hududlar­ni kompleks rivojlantirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshi­rish borasidagi targʻibot ishlari koʻla­mi kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiri oldini olish maqsadida ekologik va­ziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi obodonlashtirish va koʻka­lamzorlashtirish ishlari kengashimiz nazoratida.

Mahalliy kengash deputatlarining ommaviy axborot vositalari va ijti­moiy tarmoqlarda muntazam chiqishlari, hududdagi voqea-hodisalarga nisbatan munosabat bildirib borishi uchun ma­halliy kengash veb-sayti doimiy ra­vishda yangilanyapti. Jamoatchilik bi­lan aloqalar, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash tamoyili asosiy ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab olingan holda deputatlar oʻz saylovchilari bilan uchrashib, deputatlik faoliyati haqida axborot berib borishi yoʻlga qoʻyilgan.

Shu kunlarda yurtimizda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga taraddud koʻrilyapti. Xalq vakillari joylardagi shtablar faoliyatini sama­rali tashkil etish borasidagi ishlarni oʻrganib, roʻyxatga olish jarayonlarini sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish, shtabning moddiy-texnik bazasini yan­gilash, hujjatlar bilan ishlashni yana­da takomillashtirish, ishchi guruh fao­liyatini tizimli yoʻlga qoʻyish borasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, mahalliy boshqaruvning maqbul shakli boʻlgan, xalq vakillari ishtirok etadigan, aho­liga xizmat qiladigan boshqaruvga asos­langan kengashimiz davlat siyosatini mahalliy ehtiyojlarga moslashtirgan holda hukumat va aholi oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarmoqda.

* * *

Darhaqiqat, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam ovoziga aylantirish borasida barcha hudud­larda keng qamrovli islohotlar shu tarzda izchil davom etmoqda. Bu yangilanishlar, oʻz navbatida, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligi, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyati oshishiga zamin yaratdi. Pirovardida hokimliklar faoliyati ustidan kengashlar va jamoatchilik nazorati kuchaymoqda.

Bu esa aholining boshqaruv jarayonida oʻz hududidagi qarorlarni qabul qilishda ishtirok etgan holda jamiyat manfaatlarini ifodalash hamda mahalliy muammolarni hal qilish orqali ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka hissa qoʻshishiga keng imkon yaratyap­ti. Jamiyatimizda kechayotgan bunday muhim yangilanishlar har birimizning hayot tarzimizga chuqur singib, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuksaltirish, kelajak avlodlarga ozod va obod vatan meros qoldirishdek ezgu maqsadlarga erishishda barchamizni bir maqsad yoʻlida birlashtiruvchi kuch boʻlmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA tayyorladi.