Qiziltepada tuman markazidan ancha yiroqda bo‘lgan “Toshrabot” hududida “Toshrabot”, qo‘shni Buxoro viloyati bilan chegara bo‘lgan manzildagi “Arabon” mahalla fuqarolari yig‘inida Davlat xizmatlari markazining “Konsurun” filiallari ish boshladi. Xizmat mohiyatining o‘zi aholini bir hujjatni deb ovora qilmaslik, fuqarolarga qulaylik yaratishdan iborat. Maqsad xalq rozi rizoligini olish.

Qiziltepa tumani Davlat xizmatlari markazi “Konsurun” filialining birinchi mijozi “Arabon” qishlog‘ilik Nargiza Ergasheva bo‘ldi. Farzandlari yosh bo‘lgani uchun markazga borib davlat xizmati olishga imkoni bo‘lmagan fuqaro hovlisida gaz o‘rnatishga ruxsat olish uchun fillialga murojaat qildi. Murojaati qabul qilinganidan xursand bo‘lgan fuqaro o‘zi singari hududdagi 18 ming aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ehtiyoji hech qanday ovoragarchiliksiz qishloqning o‘zida hal bo‘lishini ta'kidladi. 

Toshrabotlik otaxon Bahodir Ismoilovning ta'kidlashicha, markaz filiallari tufayli endi odamlar uzoq yo‘lda mablag‘ yo‘qotmaydilar, ortiqcha vaqt sarflamaydilar. Chunki  “Toshrabot” massivida 8 ta mahallada 35 ming aholi yashaydi.  8 ta maktab va 6 ta qishloq vrachlik punkti mavjud.

Mahalla faollarining fikricha, avval bir hujjatni olish uchun kunni kech qilishga to‘g‘ri kelgan. Endi toshrabotliklar tuman markaziga borish uchun 40 kilometrlik yo‘lni bosishmaydi.

                                                                                                          Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati axborot xizmati