Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi boʻyicha direktori Xans Klyugening maʼlum qilishicha, koronavirusga qarshi yaratiladigan boʻlajak vaksina pandemiyaga chek qoʻya olmaydi va aholining barcha qatlami uchun birdek samarali boʻlmaydi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
“Men vaksina pandemiyaga chek qoʻyadi, degan gapni doim eshitaman. Albatta, yoʻq! Vaksinaning barcha aholi qatlamiga yordam berishini bilmaymiz. Hozir biz uning bir guruhga yordam berishini, ikkinchisiga esa yordam bermasligini koʻrsatadigan baʼzi belgilarini koʻrmoqdamiz. Pandemiyaning oxiri biz jamoat sifatida ushbu pandemiya bilan yashashni oʻrganganimizda keladi. Bu bizga bogʻliq”, — dedi Klyuge.
Shuningdek, JSST Yevropa mamlakatlarida oktyabr oyining boshida koronavirus kasalligidan oʻlim sonining koʻpayishini kutmoqda.
“Vaziyat yana-da murakkablashmoqda. Oktyabr va noyabr oylarida biz koʻproq oʻlimni koʻrishimiz mumkin”, — deb qoʻshimcha qildi Klyuge.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻlim sonining koʻpayishi kasallanish sonining koʻpayishi bilan bogʻliq boʻladi.