Ushbu holatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bolalar sho‘xlik qilib barglarni yoqishsa, kattalar axlat uyumidan qutilish uchun, farroshlar esa yig‘ilgan xazonlarni hududning tozaligini ta’minlash uchun yoqib yubormoqda. Buning odam organizmi va atrof-muhitga qanchalik zararli ekanligini bir necha misollarda  keltirib o‘tsak.

Barg va xazon yoqilishi natijasida atmosfera havosiga is gazi, uglerod oksidi ajralib chiqib, nafas siqishi va surunkali allergik kasalliklar xurujiga sabab bo‘ladi. Inson organizmining immunitet tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yoqib yuborilgan barg-xazonlarning zaharli moddalarga to‘yingan tutuni yuqori nafas yo‘llari orqali o‘pkaga o‘tadi va kasalliklar xurujini yuzaga keltiradi. Birinchi navbatda homiladar ayollar, keksa yoshdagi insonlar va bolalar aziyat chekishadi. Manbalarda 1 tonna barg va xazon uyumlari yoqilishi natijasida 30 kg zararli modda ajralib chiqishi keltirib o‘tilgan.

Yonish jarayonida hosil bo‘ladigan  qurum va tutunlar nafaqat odam organizmiga va atrof – muhitga, balki, yerning unumdor qatlamiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 Xazon uyumining yoqilishi natijasida atrof-muhitga taralayotgan zaharli tutun ekologiyamizga qanchalik salbiy ta’sir qilishini ko‘pchilik anglab yetmasa kerak. Avtomobillardan taralayotgan   tutun atmosfera havosini ifloslantirishi kammidi?

Qadimda ota-bobolarimiz xazon uyumlarini chiritib o‘g‘it sifatida foydalanib kelganlar va har bir yerli xonadonda barglarni ko‘mish uchun maxsus o‘ralar bo‘lgan va xazonlar shu o‘raga ko‘mib kompost qilingan. Xazonlar chirishi natijasida yer qatlamining unumdorligi ham oshgan.

Mana bir necha yillardan beri xazonlarni va shox-shabbalarni yig‘ish hamda kompostlash uchun har bir tumanda bir nechtadan xandaklar tashkil qilindi. Tumanda aholi yashash mavzelarida to‘plangan barg-xazonlarlar ushbu xandaklarga tashlanib kelinmoqda. Lekin, ming afsuski xazonlarni yoqib yuborish holatlari hanuzgacha uchrab turibdi.

Osmonimiz musaffoligi, atmosfera havosini tozaligi kelajak avlod uchun bizdan qoluvchi meros. Uni asrash har bir fuqaroninig burchidir.

Nargiza NURULLAYeVA,

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi

va jamoat salomatligi qo‘mitasi

Toshkent shahar boshqarmasi

OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi

vrach epidemiologi