Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari bilan birgalikda “Xitoy – Markaziy Osiyo” yagona taqdir jamiyatini shakllantirishda Qonunchilik organlarining roli” shiori ostida onlayn simpozium oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E.Gadoyev va Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qoʻmitasi aʼzolari, Xitoyning mahalliy Xalq Kongresslari va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Xitoy bilan strategik sheriklik va oʻzaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlikni yuksak baholaydi va qadrlaydi.

Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi aloqalar koʻplab yoʻnalishlar qatori parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanib bormoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida imzolangan kelishuvlar muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar ikki tomonning parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanligining yorqin ifodasidir.

Simpozium doirasida respublikada kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, aholining doimiy daromad bazasini yaratish, mamlakatdagi barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash choralari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Shuningdek, tomonlar uchrashuv oʻzaro ishonch va ishchanlik ruhida oʻtganini taʼkidladilar. Xususan, bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston — Xitoy munosabatlarida doimo mavjud boʻlgan tenglik, ishonch va oʻzaro tushunish tamoyillari boʻyicha parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
axborot xizmati