Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, professor Syao Lun boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi Xitoyning “Chjujun” marsoxodining multispektral kamerasi tomonidan olingan ma'lumotlarni tahlil qilib, birinchi marta “Mars yuzasida dengiz cho'kindilarining petrologik dalillarini” topdi.

Agentlikning ta'kidlashicha, avvalgi tadqiqotlarda Marsda katta miqdorda suyuqlik belgilari aniqlangan, biroq bu da'volar joyida tahlil qilinmaganligi sababli munozarali bo'lib qolgandi.

Avvalgi kuzatuvlar shuni ko'rsatdiki, Mars 3,7 milliard yil ichida o'z yuzasini 140 metrlik okean bilan qoplash uchun yetarli miqdordagi suvni yo'qotgan. Ba'zi olimlarning fikriga ko'ra, bu suvning katta qismi koinotga bug'lanib ketmagan bo'lishi, hali ham Marsning ichki qismida, sayoz chuqurliklarida mavjud bo'lishi mumkin.

2020-yil 23-iyul kuni Xaynan orolidagi Venchan kosmodromidan Marsni tadqiq qilishga mo'ljallangan orbital modul, qo'nish kapsulasi va marsoxoddan iborat bo'lgan Xitoyning birinchi “Tyanven-1” kosmik kemasi uchirilgan. 2021-yil 15-may kuni “Tyanven-1” tarkibidagi “Chjujun” marsoxodi Mars yuzasidagi Utopiya tekisligining janubiy qismiga muvaffaqiyatli qo'ndi. Missiya Marsda hayotning bo'lishi mumkin bo'lgan belgilarini topishga qaratilgan edi. Xitoy bir missiyada Marsga uchish, qo'nish va Qizil sayyorani tadqiq qilishni amalga oshirgan dunyodagi birinchi davlat aylandi, deb xabar beradi ria.ru.