Xitoylik virusolog koronavirusning inson tomonidan yaratilganiga isboti borligini aytdi

    Salomatlik 15 Sentabr 2020 1523

    Ayni paytda AQSHda istiqomat qilayotgan xitoylik virusolog doktor Li-Meng Yan koronavirusning yovvoyi hayvonlar sotiladigan bozordan kelib chiqqani haqidagi da'volarni rad etdi. Yan COVID-19 Xitoydagi harbiy labaratoriyada yaratilganini isbotlovchi dalili borligini aytgan.

    Yan bu haqda 11-sentyabr kuni ITV kanaliga bergan intervyusida maʼlum qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, oʻtgan yilning dekabrida koronavirusni tadqiq qilish boshlangan paytda bu kasallik allaqachon odamlar orasida tarqalayotgandi. Li-Meng Yan AQSHga qochib kelmasdan oldin Gongkongdagi aholi sogʻligini saqlash maktabida ishlagan. Yanga oʻtgan yilning dekabrida koronavirus klasterini aniqlash vazifasi yuklangan.

    “Dastlab Xitoy hukumati COVID-19 ning holatini oʻrganayotgan edi. Lekin, bu paytda virus allaqachon odamlar orasida tarqalishni boshlab boʻlgandi. Virusning kelib chiqishi bilan bogʻlanayotgan Uxandagi yovvoyi hayvonlar sotiladigan bozor va undan keyingi barcha nazariyalar COVID-19 ning asliyati haqidagi haqiqatni berkitish uchun oʻylab topilgan narsalardir.

    Koronavirusning ushbu yangi turining mutatsiyaga uchrash darajasi juda yuqori va u tabiiy tarzda yuzaga kelmagan. Uning manbasi koronaviruslarning bir qancha turlariga ega boʻlgan Xitoy harbiy institutiga borib taqaladi. Ular virusni oʻzgartirib, yangi koronavirusni keltirib chiqarishdi” deydi Yan.

    Yan bu topilmalarini shu yilning boshida oʻzining Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkilotida ishlovchi nazoratchi ustoziga aytgan. Lekin, u Yanning soʻzlariga eʼtibor qaratmadi. Yanga bu haqda ogʻiz ochmaslikni, aks holda, Xitoy hukumatidan jazo olish xavfi borligini aytishgan.

    “Aslida, men JSSTda maslahatchi boʻlib ishlaydigan nazoratchi ustozimga bu haqda xabar qilganman. Ammo, JSSTdan javob kelmadi. Hamma menga jim turishni tayinladi. Bunday qilmasam, men yoʻqolib qolishim mumkinligini aytishdi” deydi Li-Meng Yan.

    Xitoy Sogʻliqni saqlash milliy kommissiyasi direktori ushbu daʼvolarni rad etdi va Xitoy hukumati koronavirus haqida xabar berish va uni oʻrganish borasida kechiktiruvlarga yoʻl qoʻymaganini aytdi.