Oziq-ovqat xavfsizligi har bir mamlakat iqtisodiy siyosatining asosini tashkil etadi. Davlat mustaqil, barqaror tashqi va ichki siyosat yuritishi uchun, avvalo, aholining barcha qatlamini kerakli hamda ehtiyojga mos oziq-ovqat bilan taʼminlashi zarur. Prezidentimiz 18-oktyabr kuni agrar sohada yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan yigʻilishda, jumladan, bunday dedi: “Qishloq xoʻjaligi masalasiga alohida eʼtibor qaratib, tez-tez muhokama qilib borayotganimiz bejiz emas. Chunki bu iqtisodiyotimizning toʻrtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Buning zamirida xalqimiz farovonligi, narx-navo barqarorligi, qancha ish oʻrinlari yotibdi”.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilingan boʻlib, keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar natijasida agrar sohada ijobiy oʻzgarishlar boʻlgani va bu jarayon davom etayotganini eʼtirof etish lozim. Jumladan, uzoq urinishlardan soʻng paxta yakkahokimligiga barham berildi. Gʻalla yetishtirish boʻyicha ham muayyan natijalarga erishib, importga qaramlikdan asta-sekin qutulyapmiz.
Klaster tizimi amaliyotga joriy etilmoqda, klassik boshqaruv usuli oʻz oʻrnini erkin bozor munosabatlariga boʻshatib bermoqda. Bu jarayon esa agrar sohada eksport salohiyati oshishiga, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida qayta ishlovchi, xorijga xomashyo emas, tayyor mahsulot eksport qiluvchi tarmoqlar soni ortishiga zamin hozirlamoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, bu yil meva-sabzavot eksporti 1,7 barobar oshib, mamlakatimizga 1,1 milliard dollar daromad keltirgan.
Gʻallachilikda bozor mexanizmlariga oʻtilgani tufayli fermerlar daromadi ham ikki barobar oshgan. Shuningdek, boʻshagan yerlarning aholiga boʻlib berilishi hisobiga bu yil qoʻshimcha bir million tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsuloti yetishtirilgan. Bu maʼlumotlar, albatta, koʻngilga hotirjamlik baxsh etadi, ammo hozirgi imkoniyatlarimiz bilan yanada yuqori koʻrsatkichlarga erishsak boʻladi. Chunki mamlakatimiz iqlimi va tabiiy sharoiti qishloq xoʻjaligini rekord darajada rivojlantirish imkonini beradi.
Zero, tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, ekin maydonidan samarali foydalanib, yil davomida 2-3-marta hosil olish mumkin. Shuningdek, qattiq mehnat va katta xarajatlar natijasida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish, aholiga oʻz vaqtida, sifatli, hamyonbop narxlarda yetkazish, isteʼmoldan ortganini xorijga eksport qilish hamda undan daromad olish jarayoni alohida mexanizm sifatida toʻliq shakllanmagan.
Qolaversa, bu ishning uzluksizligini taʼminlash iqtisodiyotni harakatga keltiradigan asosiy kuchlardan biri ekanini hisobga olsak, imkoniyatimiz chegarasini aniq chamalay olamiz. Xorijliklar mamlakatimizda yetishtirilgan deyarli barcha mevani sotib oladi. Ekologik toza, tabiiy sharoitda yetishtirilgan, vitaminga boy bu neʼmatlarni faqat meva sifatida emas, qayta ishlab, qadoqlab, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi bilan tayyor mahsulot (sharbat, murabbo, qiyom va hokazo) qilib ham joʻnatish imkoni bor.
Har bir sifatli mahsulotga, albatta, xaridor topiladi. Dehqon va fermer xoʻjaliklari rahbarlari, tadbirkorlar bugun masalaning shu jihatiga eʼtibor qaratishi zarur. Klaster tizimi bu maqsadimizning aniq mexanizmi hisoblanib, yurtimizning eksport salohiyatini yangi oʻzanga soladi. Oʻzbekiston endi xorijga faqat xomashyo sotadigan emas, balki sifatli, tayyor, tan olingan mahsulotlar ishlab chiqaradigan va ehtiyojidan ortganini eksport qiladigan mamlakat boʻlishini tushunishimiz hamda harakatlarimiz shunga asoslangan boʻlishi kerak.
Davlatimiz rahbari yigʻilishda meva-sabzavotni chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymatni bemalol 3-4 barobar oshirish mumkinligini taʼkidladi. Mirzaobod, Denov, Parkent, Oʻrta Chirchiq, Urganch va Quva tumanlarida ixtisoslashgan oziq-ovqat sanoat parklarini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berildi. Bugun yurtimizda oziq-ovqat zaxiralari yetarlicha jamlangan. Narxlar ustidan nazorat kuchaytirilgan, mahsulot yetishtirish boʻyicha kompleks choralar koʻrilmoqda.
Jahondagi murakkab vaziyat sababli xalqaro ekspertlar, sotsiolog olimlar va tahlilchilar oziq-ovqat xavfsizligi, aniqrogʻi, yetishmovchiligi borasida turli taxminlarni ilgari surayotgani ham bor gap. Jahonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi oshishi kutilayotgani va bunday vaziyatda, avvalo, aholi talabini qondirish uchun eksport imkoniyatidan toʻliq foydalanish kerakligi taʼkidlanmoqda. Biz, albatta, xorij tajribasini tahlil etishimiz va shunga mos ravishda strategiyamizni ham belgilab olishimiz talab etilmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligi sanitariya-epidemiologik jihatdan ham ishonchimizni oqlashi, yurtimizga kirib kelayotgan va chiqib ketayotgan oziqovqat mahsulotlari sifati yuqori boʻlishi hamda insonlar salomatligiga xavf solmasligi kafolatlanishi zarur. Bizdagi muammolardan yana biri — akkreditatsiyadan oʻtgan maxsus laboratoriyalar yetishmasligi. Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha ekspertiza laboratoriyalari juda kam. Aynan oziq-ovqat mahsulotlarining kimyoviy tarkibini aniq tekshiradigan maxsus laboratoriyalar yoʻq hisobi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 11 turdagi oʻquv va ilmiy laboratoriya faoliyat koʻrsatmoqda. Bular biotexnologiya, hayvonlarni oziqlantirish texnologiyasi va zoogigiyena, toksikologiya, ichki yuqumsiz kasalliklar, fiziologiya, patomorfologiyaga ixtisoslashgan laboratoriyalardir. Demak, laboratoriyalarni hudud uchun universitetda tashkil etishimiz mumkin.
Shunda tadbirkorlar mahsulotini Toshkentga yoki boshqa olis hududlarga olib borib, tekshirtirib kelishiga zarurat qolmaydi. Bu laboratoriyalarda talabalar, magistrlar va tadqiqotchilar ilmiy ishlarini olib boradi. Mahsulotlar tekshiriladi, standartlar asosida sertifikat beriladi. Tadbirkorlar mahsulotini istalgan joyga olib borib sotadi, eksport qiladi. Universitetimiz ayni paytda AQSHning Minnesota universiteti bilan hamkorlikda 2020–2023-yillarga moʻljallangan “Twining” dasturini amalga oshirmoqda.
Xorijiy ekspertlar bilan bu borada hamkorlikni muvofiqlashtirish yuzasidan bir necha muzokara oʻtkazildi. Dasturning asosiy maqsadi mamlakatimizda veterinariya taʼlimini Xalqaro epizootik byuro talablari asosida tashkil etish, 5 yillikka moʻljallangan oʻquv reja, malaka talablari va fan dasturlari ishlab chiqish, universitet professor-oʻqituvchilarining mazkur taʼlim dargohida malaka oshirishi hamda taʼlim olishini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Yil davomida byuro ekspertlari mamlakatimizga kelib, dastur doirasida bajarilishi rejalashtirilgan ishlar xususida uchrashuvlar, muloqotlar oʻtkazishi koʻzda tutilgan.
Joriy yil boshida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda universitet mutasaddilaridan iborat delegatsiya Minnesota universitetida xizmat safarida ham boʻlib qaytdi. Endi universitetda Xalqaro epizootik byuroning maxsus kabineti tashkil etiladi. Uning taʼlim dargohida ochilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bu mutaxassislar tayyorlashda jahon standartlariga yaqinlashish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish deganidir.
Shu yilning 14-15-oktyabr kunlari universitetda “Veterinariya va chorvachilikda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish hamda joriy etishning istiqboldagi vazifalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Anjumanda Markaziy Osiyo va Hamdoʻstlik mamlakatlari veterinariya, chorvachilik, qishloq xoʻjaligi va biotexnologiya sohasining yetakchi olimlari, tadqiqotchilari ishtirok etdi. Sohada qoʻllanayotgan innovatsion texnologiyalar, erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammolar muhokama qilindi.
Ahamiyatli jihati shundaki, sohadagi zamonaviy profilaktika va davolash usullari yechimi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sifatli, ekologik toza mahsulotlar yetishtirishda muhim rol oʻynaydi. Universitet va uning hamkorlari — olimlar, tadqiqotchilar bajarayotgan ishlar ana shu global masalani ijobiy hal etishga xizmat qiladi. Xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda ilgʻor tajribalar ommalashtirilishi, masalalar birgalikda hal etilishi global oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi muammolar tobora ortib borayotgan bugungi kunda juda zarur va kerakli jarayon.
Oxirgi yillarda pandemiyaning salbiy oqibatlari natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar, mahsulot va tovarlarni “ishlab chiqarish — yetkazish” zanjirining uzilishi, xalqaro munosabatlar tizimining keskin oʻzgarishiga sabab boʻlayotgan geosiyosiy jarayonlarda har bir davlat oʻz iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda yangi xalqaro kelishilgan saʼy-harakatlarni rivojlantirishga kirishishi muammoga yana bir yechim. Negaki muammoning mavjudligini tan olish uni bartaraf etish yoʻlidagi eng birinchi va dastlabki qadamdir.