Muhim arxeologik topilma Xorazm Maʼmun akademiyasi arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan dala tadqiqotlari davomida qayd etildi.

Yodgorlikda toshdan qurilgan yashiksimon 19 ta qabr mavjudligi qayd etilgan. Ularda gʻujanak holatda dafn etilgan jasadlar topilgan. Shuningdek, qabrlardan turli dafn anjomlari, jumladan, bronza buyumlar va munchoqlar ham topilgan.

Topilgan majmua Xorazmning qadimgi tarixini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bunday dafn yodgorliklari mintaqaning qadimgi aholisi madaniyati, dafn marosimlari, ijtimoiy tasavvurlari hamda turli hududlarda yashagan aholi oʻrtasidagi aloqalar haqida muhim maʼlumotlar beradi.

Dastlabki tahlillar dafn marosimi va topilmalarning ayrim turlari Janubiy Qozogʻistonning Sirdaryo havzasi hududlarida qayd etilgan dafn inshootlari bilan muayyan oʻxshashliklarga ega ekanini koʻrsatmoqda.

Bu kabi oʻxshashliklar bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi oʻrtasida madaniy aloqalar va umumiy anʼanalar mavjud boʻlgan boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, yodgorlikning aniq sanasi va madaniy mansubligi haqidagi yakuniy xulosalar arxeologik materiallar kompleks tarzda oʻrganilgandan soʻng chiqariladi.

Ayni paytda akademiya mutaxassislari ekspeditsiya davomida qoʻlga kiritilgan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish ishlarini olib bormoqda.

Kelgusida dafn inshootlari, antropologik materiallar va dafn anjomlari batafsil oʻrganilib, zarur laboratoriya tadqiqotlari amalga oshiriladi. Olingan natijalar yodgorlikning sanasini aniqlashtirish hamda uning Xorazm va unga tutash hududlardagi bronza davri arxeologik madaniyatlari tizimidagi oʻrnini belgilash imkonini beradi.