Qayd etilishicha, oʻtkazilgan reyd davomida Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yashovchi K.R. ijtimoiy tarmoqlar orqali noyob qush — Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan choʻl miqqiy qushini sotayotganida ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 92-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming soʻm miqdorida jarima qoʻllanildi.
Choʻl miqqiy qushi salomatligini tekshirish uchun Xorazm milliy tabiat bogʻiga oʻtkazildi. Kerakli muolajalar qoʻllanilgach, qush tabiatga qoʻyib yuboriladi.
Maʼlumot uchun, choʻl miqqiy qushi Oʻzbekiston Qizil kitobi va IUCN Qizil roʻyxatiga kiritilgan koʻchmanchi tur boʻlib, zaifga yaqin maqomga ega. Gʻarbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyda, Qizilqum togʻlarida, Amudaryo va Zarafshon daryolari vodiylarida tarqalgan.