Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, chet elda ota-ona qaramogʻisiz qolgan voyaga yetmagan bolalarni Vatanga qaytarish boʻyicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2026-yil 8-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruhning Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilgan xizmat safari yakunlandi.

Safar davomida Rossiya hududida qarovsiz qolgan 6 nafar voyaga yetmagan bola Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali Oʻzbekistonga yetkazildi.

Bolalar kelgan zahoti Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirildi.

U yerda mutaxassislar tomonidan barcha zarur huquqiy, tibbiy va ijtimoiy koʻriklar oʻtkazilgach, bolalar oʻz ota-onalari va yaqin qarindoshlari bagʻriga topshirildi.

Mazkur jarayon shu bilan yakunlanmaydi. Endilikda ushbu voyaga yetmaganlarning jamiyatga moslashishi va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari bilan ularning yashash manzili boʻyicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari shugʻullanadi.