Xorijda salohiyatli mutaxassislar tayyorlash: talab, tanlov va samara

    Har qanday soha rivoji moddiy mablagʻ, zamonaviy texnologiya, ilgʻor ishlab chiqarish tizimi, xalqaro aloqalar kabi muhim omillarga bogʻliq boʻlsa-da, bilimli, malakali, jahon standartlari talablariga javob beradigan mutaxassislar bunda asosiy oʻrin egallaydi. Shu bois, taraqqiy etgan mamlakatlar taʼlim tizimida ana shunday iqtidorlarni tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori oʻrinbosari Odiljon SATTOROV muxbirimizning xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash jarayoni, nomzodlarni tanlash talablari, bu borada yaratilayotgan imkoniyatlar, xorijiy olimlar va professorlarni istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanish borasidagi savollariga javob berdi.

    — Avvalo, jamgʻarmaning maqsad va asosiy vazifalari haqida qisqacha soʻzlab bersangiz. Bu jamgʻarma faoliyati borasida oʻquvchilarga kengroq tasavvur beradi.

    — Dunyo taraqqiyoti uzluksiz taʼlim, malaka oshirish, tajriba almashish va ilgʻor gʻoyalarni tatbiq etish asosiga qurilgan. Shu tamoyildan kelib chiqqan holda, yoshlarni xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalarida oʻqishga saralashni tashkil etish, xorijiy olimlar, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash vazifalarimizning asosini tashkil etadi.

    Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga 2021-yildan boshlab mutaxassislarni xorijda tayyorlash maqsadida magistratura va doktorantura taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitishga oʻtgan yillarga qaraganda besh barobar koʻp oʻrin ajratish vazifasi yuklatilgan.

    Mazkur tizim boʻyicha xorijda taʼlim olishni istaganlar, avvalo, roʻyxatdan oʻtadi va ular uchun maxsus tanlov oʻtkaziladi. Tanlov talablariga javob bergan nomzodlar oʻqishga yuboriladi.

    2021-yil 1-apreldan 1-mayga qadar 350 oʻringa moʻljallangan tanlov eʼlon qildik. 3810 nafar nomzod onlayn platformadan roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, ularning 196 nafari tanlovning 2-bosqichiga tavsiya etildi. Bu bosqich suhbat tarzida tashkil etildi.

    — Prezidentimiz kuni kecha Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida “Yosh kadrlarni har tomonlama oʻllabquvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qatʼiy davom ettiramiz. Buning uchun viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarlariga kamida 2 nafardan yosh nomzod zaxirasini tasdiqlaydi. Joriy yildan boshlab bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet ellarda stajirovka oʻtaydi”, deya alohida taʼkidladi. Bu vazifani bajarish boʻyicha jamgʻarmaning imkoniyati qay darajada?

    — Darhaqiqat, siz aytgan marosimda davlatimiz rahbarining “Bizning tomirimizda ana shunday ulugʻ bobolarimiz qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari boʻlish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir”, degan gaplari bizlarni yana-da ruhlantirdi. Binobarin, mamlakatimiz yoshlarini, jumladan, vazir, hokim, idora va bank rahbarlariga kamida 2 nafardan zaxiraga olingan yosh nomzodni xorijiy davlatlardagi eng nufuzli oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari, kompaniya va tashkilotlarda oʻqitish, bilim, koʻnikma va tajribasini oshirish uchun yetarli imkoniyatga egamiz.

    Bu yigit-qizlar chet elda tahsil olib, Vatanimizga qaytib kelgach, olgan bilimi, orttirgan tajriba va koʻnikmasini oʻz faoliyatida keng qoʻllasa, iqtisodiyotimizning barcha soha va tarmoqlarida katta oʻzgarishlar yuz beradi. Yangi innovatsiyalar joriy etiladi. Bu esa xalqimiz turmush farovonligini oshirishda yoshlarning faolligi va oʻrni qay darajada ekanini namoyon etadi.

    — Jamgʻarma tomonidan yoshlarning xorijga joʻnatilishi qanday talab va mezonlarga asosan amalga oshiriladi? Saralash va baholash jarayonlarida shaffoflik, ochiqlik qanday tartib va qoidalar bilan taʼminlangan?

    — Avvalo, nomzod Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi kerak. Bakalavriat taʼlim dasturiga 25 yoshgacha, magistratura taʼlim dasturiga 20 yoshdan 45 yoshgacha va doktorantura taʼlim dasturiga 22 yoshdan 45 yoshgacha nomzodlar hujjat topshirishlari mumkin.

    Oldingi yillarda tanlov toʻrtta — magistratura, doktorantura, stajirovka va malaka oshirish dasturlari asosida tashkil etilardi. Saralashning oʻzi ham toʻrt bosqichda oʻtkazilgan. Yangi tartibga muvofiq, saralash endi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bu esa nomzodlarning vaqti va mablagʻini tejashga xizmat qiladi.

    Birinchi navbatda, hujjat topshirishda nomzod xorijiy oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga shartli yoki shartsiz qabul qilinganligini tasdiqlovchi taklifnoma xati, mazkur universitetlar QS, THE, ARWU va US News and World Report reytinglarida jahondagi “eng ilgʻor 300 taʼlim muassasasi” roʻyxatida boʻlishi lozim. Agar universitet bu reytingdan joy ololmagan boʻlsa, maʼlum bir fanni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi yuzta taʼlim muassasasi (Top-100) sifatida qayd etilgan boʻlishi kerak. Nomzod ana shu “eng ilgʻor 300 ta taʼlim muassasasi”dan “oʻqishga qabul qilindingiz” degan mazmundagi taklifnoma olgan, xorijiy tilni bilish boʻyicha CEFR V2 darajasidagi sertifikatga ega boʻlishi shart.

    Biz ilgari nomzod xorijiy tilni qanchalik bilishi yuzasidan imtihon tashkil etar edik. Endi bunga zarurat yoʻq, chunki nomzodning qoʻlida chet tilini bilishini tasdiqlovchi sertifikat bor. Ilgari xorijiy oliy taʼlim muassasasiga qabul qilishda nomzodlar esse yozardi. Hozir bu ham bekor qilindi.

    Hujjatlar toʻliq oʻrganilib, keyingi bosqichga tavsiya etilgan nomzodlarni vazirliklar, Fanlar Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari, soha olimlari, xorijlik ekspertlar, psixologlardan iborat komissiya aʼzolari suhbatdan oʻtkazadi. Suhbat jarayoni toʻlaligicha videotasmaga yozib olinadi va javoblar komissiya tomonidan baholanadi. Agar nomzod baholarga norozilik bildirsa, apellyatsiyaga berishi mumkin. Apellyatsiya jarayoni ham videotasmaga yozib olinib, tegishli xulosalari ballarda belgilab beriladi.

    Jamgʻarma Vasiylik kengashi qarori bilan eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar “Jamgʻarma stipendiati” deb eʼlon qilinadi va unga tegishli sertifikat topshiriladi.

    — Nostandart, yangicha fikrlaydigan ayrim yoshlar yurtimizda oʻz oʻrnini topolmay, xorijga intilmoqda. Qizigʻi, oʻsha yoqda oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib, qolib ketganlar oz emas. Buni qanday izohlaysiz? Ularni yurtimizda ishlashga ragʻbatlantirish uchun maʼlum bir tizim yoʻlga qoʻyilganmi?

    — Shu haqda soʻz borganda, koʻpchilikning koʻz oldiga 1997–2003-yillarda faoliyat olib borgan “Umid” jamgʻarmasi keladi. Chunki u orqali xorijda tahsil olgan ayrim yoshlar qaytib kelib, keyin yana chet davlatlarga ketib qolgan. Shu oʻrinda taʼkidlashni istardimki, 2000-yillarda xorijda oʻqib kelgan nomzodlarga boʻlgan munosabat, eʼtibor yoki mansab pillapoyalaridagi oʻzgarishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan edi. Oʻsha yillardagi holatni 2021-yildagi bilan solishtirganda osmon bilan yercha farq bor. Davlatimiz rahbari topshiriqlari bilan stipendiat xorijiy oliy oʻquv yurtida tahsil olib qaytganidan keyin u bilan tizimli ishlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Bu ijobiy oʻzgarishlar mamlakatimizda infratuzilmaning ancha rivojlangani, iqtisodiyotning tobora taraqqiy etayotgani, keng qamrovli islohotlar samarasi, oylik maoshlarning qayta koʻrib chiqilgani, kadrlarning doimiy monitoring qilib borilishi, xullas, iqtidorli yoshlar, mutaxassislar bilan ishlash tizimli yoʻlga qoʻyilgani bilan bogʻliq.

    Bugungi kunda yurtimizda keng qamrovli islohotlarda faol ishtirok etadigan zamonaviy, innovatsion fikrlaydigan yoshlar, kadrlarga ehtiyoj katta.

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yarim yildan koʻproq vaqt mobaynida 1000 nafardan ortiq mutaxassisni xorijda malaka oshirish, stajirovka, magistratura va doktorantura taʼlim dasturlari asosida tayyorladi. Ularning barchasi hozirgi kunda mamlakatimizga qaytib kelib, turli vazirlik va idoralarda, oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritmoqda.

    — Xorijlik, jumladan, vatandosh boʻlgan malakali mutaxassislarni yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha qanday takliflar ishlab chiqildi va tadbirlar amalga oshirildi?

    — “El-yurt umidi” jamgʻarmasining eng asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish va xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli, doʻstona munosabatlarni rivojlantirish maqsadida xorijda istiqomat qilayotgan, chuqur bilim va professional tajribaga ega boʻlgan iqtidorli olim va ekspert-vatandoshlar bilan muloqot oʻrnatishdan iborat. Ana shu maqsadda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi huzurida vatandosh ekspertlar kengashi tashkil etilgan. AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yaponiya va boshqa davlatlarda faoliyat olib borayotgan 25 nafar vatandosh professorlarni ushbu kengashga jalb qildik. Hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish, takliflarni sohalarda qoʻllash boʻyicha fikrlar almashildi. Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish, uning afzalliklari, tizimning asosiy qoidalari, AQSH va Yevropa modellarining oʻziga xos xususiyatlari va uning farqli jihatlari, meʼyoriy-huquqiy asosiga doir maʼlumotlar shular jumlasidandir.

    Ayni paytda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlarning elektron reyestri shakllantirilgan. Unga 5 mingdan ortiq vatandoshlarimiz haqida maʼlumot kiritilgan. Bazani katta ilmiy va amaliy tajribaga ega, yirik xalqaro kompaniyalarda ishlayotgan yetuk olim va mutaxassislar haqidagi maʼlumotlar bilan boyitish ustida ishlar olib borilmoqda.

    — Faoliyatingiz bevosita xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikka bogʻliq. Bu borada qanday ishlar qilinyapti?

    — Kelgusida iqtidorli yoshlarning xorijda taʼlim olishi, malaka oshirishi uchun faqat davlat byudjeti mablagʻlariga qarab qolish kerak emas. Endilikda turli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ham stipendiyalar eʼlon qilmoqchimiz, shuningdek, ularning stipendiyalarini olishga munosib loyihalar boʻyicha ishlayapmiz.

    Jumladan, Janubiy Koreyadagi Sejong universitetining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun stipendiyasini qoʻlga kiritdik. Shuningdek, Fransiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi, “Kampyus-Frans” tashkiloti va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻrtasida kelishuv imzolandi. Unga muvofiq, mamlakatimiz mutaxassislari va yoshlari uchun hamkorlikda stipendiya eʼlon qilamiz, bir qism mablagʻlarni Fransiya tomoni qoplab beradi. Yaqinda Germaniyaning “DAAD” tashkiloti rahbarlari bilan Zoom orqali uchrashuv oʻtkazdik. Unda ham Germaniya bilan hamkorlikda yurtimiz fuqarolari uchun stipendiyalar ustida ish olib boryapmiz. Bir soʻz bilan aytganda, faqat byudjet mablagʻi orqali stipendiya eʼlon qilish emas, xorijiy hamkorlar bilan yoshlarimizning chet ellarda tahsil olishini ragʻbatlantirish loyihalari ustida ishlanmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyaning British Council tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyganmiz. Hamkorlik doirasida grantlar ajratilishi, mablagʻlardan katta chegirmalar berish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti. Shu tizim asosida taʼlim olgan yoshlar, mutaxassislar xorijda tahsil olib, Oʻzbekistonga qaytib kelib, turli vazirlik va idoralarda oʻz mehnat faoliyatlarini olib borishlari lozim boʻladi.

    Tub oʻzgarishlarni boshdan kechirayotgan yurtimiz intellektual salohiyatga ega, ahdi qatʼiy, shijoatli va bilimli qatlamga tayanadi. Mamlakat ilmiy salohiyatini oshirish, ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash masʼuliyati “El-yurt umidi” jamgʻarmasining oldiga katta vazifalarni qoʻymoqda. Zero, jamgʻarmadan kutilayotgan natija, umidlar ham katta.

    P/S. Gazeta sahifalanayotganda joriy yilgi tanlovning dastlabki bosqichi natijalari eʼlon qilingani haqida xabar keldi. Unga koʻra, 78 nafar nomzod Jamgʻarma Vasiylik kengashi tomonidan “Jamgʻarma stipendiati” deb eʼtirof etildi. Ularning 31 nafari bakalavriat, 38 nafari magistratura va 9 nafari doktorantura taʼlim dasturi asosida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Belgiya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlarda tahsil olish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Quvonarlisi, bakalavriat taʼlim dasturi boʻyicha 13 nafar Prezident maktabi, 8 nafar umumtaʼlim maktabi, 8 nafar akademik litsey va 2 nafar kasb-hunar kolleji oʻquvchilari xorijiy davlatlarda tahsil olish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Bu yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida Uchinchi Renessansga qoʻyilayotgan poydevor gʻoyat mustahkam ekanidan dalolatdir.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA suhbatlashdi