Xotin-qizlar faollari yigʻilishga chaqirilmagan va ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilmagan — Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi

    Ijtimoiy hayot 27 Iyul 2023 1883

    Xotin-qizlar faollari yigʻilishga chaqirilmagan va ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilmagan — Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi

    Maʼlum boʻlishicha, marhuma avtohalokat sodir boʻlgan kuni “Utarchi” mahallasi raisidan qarindoshining toʻyida qatnashish maqsadida, ishdan ertaroq ketishga ruxsat soʻragan va soat 17:00 da ishxonani tark etgan.

    Pastdargʻom tumani hokimi oʻrinbosari Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻining tushuntirish xatiga koʻra, joriy yilning 19-iyul kuni tuman hokimligida yoki sektorda mahalladagi xotin-qizlar faollari ishtirokida yigʻilish tashkil qilinmagan (shu kuni 17:00 da Samarqand shahridagi Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi binosida boʻlib oʻtgan Jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishga hokim oʻrinbosarining oʻzi qatnashgan.)

    Marhuma bilan birga boʻlgan bir nechta mahalla xotin-qizlar faollarining tushuntirish xatiga koʻra, oʻsha kuni tumandagi 15 ta hudud sardori va mahalla xotin-qizlar faollari oʻzaro kelishib, ish vaqti tugaganidan soʻng madaniy hordiq chiqarish maqsadida “Diyor Grant” bazmgohida yigʻilishgan. Bazm soat 19:00 da boshlanib 21:30 gacha davom etgan.

    Maʼlumot uchun, marhuma bilan bazm paytida birga tushgan fotosuratlarini taqdim etishgan. Bazm tugagach esa hamma oʻz uyiga tarqalgan. Hech qanday hokimlik va boshqa idoralarga yigʻilishga borilmagan.

    Oʻrganish davomida oʻsha kuni “Utarchi” mahallasi xotin-qizlar faollari yigʻilishga chaqirilmaganligi va ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilmaganligi aniqlangan.