Xotin-qizlar mehnat muhofazasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sanab oʻtildi

    Mamlakatimizda 18 Noyabr 2021 1002

    Yalpi majlis birinchi ish kunida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati oʻrganilgani yuzasidan axborot oʻqib eshittirildi.

    Qayd etilganidek, bugungi kunda respublika yengil sanoat tizimida 7,4 mingdan ortiq korxonada 360 mingdan ziyod fuqaro ishlaydi. Ularning 70 foizdan ortigʻi xotin-qizlar tashkil etadi. 100 nafardan ziyod xotin-qizlar ishlovchi korxonalar soni 258 ta. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 13 ta korxonada 50-100 nafar ayol faoliyat yuritadi.

    Mazkur korxonalarda xodimlarni bepul oziq-ovqat bilan taʼminlash, talab darajasidagi mehnat sharoitlari yaratishga alohida ahamiyat qaratilgan.

    Shunday boʻlsada, yengil sanoat va charmsanoat tizimi korxonalarida ish beruvchilar tomonidan xotin-qizlar uchun qulay, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda qonun hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

    Jumladan, Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda korxonada ish beruvchi va xodimlar oʻrtasida jamoa shartnomasi tuzilmagan. Uch yoshgacha farzandi boʻlgan ayollarni ishga qabul qilinishida sinov muddatini qoʻllash va ularga 1 soatga qisqartirilgan ish kunini belgilamaslik, oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil bermaslik holatlari kuzatilgan.

    Shuningdek, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga koʻra, yillik taʼtilning eng oz muddatidan (oʻn besh ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya toʻlanmaslik, jamoa shartnomalarida xodimlarga umumiy ish stajiga qarab qoʻshimcha taʼtillar berilishi belgilangan boʻlsada, amalda ushbu taʼtillar berilmasligi va ichki mehnat tartib-intizom qoidalari hamda lavozim yoʻriqnomalarini ishlab chiqmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

    Shuningdek, korxona ishchi-xodimlari dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan boʻlsada, davriy tibbiy koʻriklar tashkil etilmagan. Korxona mablagʻlari hisobidan homilador ayollarni tibbiyot muassasalari (sihatgohlar) yoki korxonaga tegishli sanatoriy-profilaktoriyda bepul davolatish ishlari tashkil etilmagan.

    Korxonadagi mavjud ish oʻrinlarini Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentyabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq attestatsiyadan oʻtkazmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

    Natijada ogʻir, noqulay, zararli yoki xavfli ishlarda band boʻlgan xotin-qizlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanmay, ish joylarida mehnat sharoitlarini nazorat qilish talab darajasida tashkil etilmagan.

    Shuningdek, xodimlar ish uchun zarur boʻlgan yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlanmagan.

    Tizimda xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, ular mehnatini muhofaza qilish masalalari faqat ish beruvchining ixtiyorida boʻlgani bois Mehnat kodeksida belgilangan talablar bajarilmasdan qolgan. Buning oqibatida korxonalarda baxtsiz hodisalar sodir boʻlib, oʻlim holatlari ham kuzatilgan. Xotin-qizlar orasidan Mehnat muhofazasi boʻyicha vakil saylanmagan.

    Bundan tashqari, xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, mehnatini muhofaza qilishda qonun hujjatlari ijrosiga masʼul boʻlgan davlat va mahalliy hokimiyat idoralari faoliyati talab darajasida emas.

    Sohalarda xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish masalalarida nodavlat-notijorat tashkilotlari, shu jumladan xalqaro mehnat huquq tashkilotlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish va yana bir qator kamchiliklar aniqlangan.

    Yuqoridagilarni inobatga olinib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasi hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asoslanib, Senat tomonidan yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuboriladigan boʻldi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.