Unda hududdan 30 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirok etdi. Ularga Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura organlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tizimidagi tajribali mutaxassislar tomonidan maʼruzalar oʻtildi.

Uchrashuvda xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish hamda notinch davlatlardan olib kelingan yoki jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan ayollarning ijtimoiy moslashuvi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil soʻz yuritildi. Mazkur masala yuzasidan mavjud muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha organ xodimlari oldida turgan muhim vazifalar haqida qayd etildi. Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar, jumladan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bu borada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini takomillashtirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da notinch oilalar farzandlari, uyushmagan yoshlar, ish bilan band boʻlmagan yigit-qizlarning xatti-harakatlarini nazoratga olishda, ularning ijtimoiy himoyasiga katta eʼtibor qaratilgan.

Muloqotda 2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunlar va ular asosida bir qator qaror va farmoyishlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgani taʼkidlandi.

Bugungi davra suhbati ham yuqorida qabul qilingan qonunlarning ijrosi qanchalik amaliyotga tatbiq etilganligini aniqlash, xotin-qizlar zoʻravonligining oldini olish boʻyicha qilingan ishlarni tahlil qilish imkonini beradi.

Tadbir davomida guruhlarga boʻlingan holda xotin-qizlar tomonidan sodir etiladigan transmilliy jinoyatlarning oldini olish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan hamda notinch mintaqalardan qaytgan xotin-qizlarni qayta integratsiya qilish, jinoyat qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar bilan tizimli ishlash mavzulari muhokama qilindi. Oʻzaro fikrlar asosida mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ushbu tavsiyalar Oliy Majlis Senatiga, Gender komissiyasiga va YEXHTga taqdim etildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.