Har qanday jamiyat va davlatning nechogʻli insonparvar hamda adolatli ekani xotin-qizlarga boʻlgan munosabat va gʻamxoʻrlik bilan belgilanadi. Bu ezgu qadriyatni teran anglagan ajdodlarimiz azal-azaldan ayolni oila koʻrki, jamiyat gultoji sifatida eʼzozlagan, ona siymosini tengsiz moʻjiza, deb ardoqlagan. Bu anʼanalar bugungi kunda ham davom etmoqda. Xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning chinakam baxtli yashashi, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti. Natijada xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki, mavqei tobora ortib bormoqda.

Soʻnggi yillarda sohaga oid qonunchilik takomillashtirilib, 2 qonun, Prezidentning 14 farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 25 qarori qabul qilindi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash boʻyicha davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi boʻgʻin – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi. Mahallalarda oilalar bilan ishlash, har bir ayol va uning oila aʼzolariga individual yondashuvni tashkil qilish maqsadida xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi va unga davlat xizmatchisi maqomi berildi.

2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha milliy dastur, 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Saylov kodeksiga muvofiq ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini tashkil etishi belgilandi.

Barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining kamida bir nafar oʻrinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi. Natijada rahbar ayollar soni 2017-yilda 27 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 33 foizga yetdi. Ayollarning ulushi tadbirkorlik sohasida 37 foiz, siyosiy partiyalarda 47 foiz, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foiz, tibbiyotda 77 foizni tashkil etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat aʼzolarining 24 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardan iborat. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018-yilda 2,9 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda qariyb ikki barobar oshdi va 5,7 foizga yetdi. Kattaqoʻrgʻon shahar, Boʻston, Olot va Boyovut tumanlarini ayol hokimlar boshqarmoqda. Sud tizimida faoliyat koʻrsatayotgan 181 ayol sudyaning 26 nafari rahbarlik lavozimida mehnat qilib kelmoqda.

Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv kurslari tashkil etildi va har yili zaxiraga olingan xotin-qizlarning 100 nafarini oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun 17 ayol eng oliy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Ilm-fan nufuzini yanada oshirishga katta hissa qoʻshgan, yangi ilmiy maktablar yaratgan 12 olima akademik ilmiy unvoniga ega boʻldi. Oxirgi uch yilning oʻzida 463 xotin-qiz fan doktori (DSc), 2816 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻldi. Jamiyat va davlat hayotida faol, tashabbus koʻrsatgan ayollar bilan bir qatorda farzandlarini barkamol insonlar etib voyaga yetkazgan uy bekalariga ham beriladigan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi va shu kunga qadar 1451 ayol taqdirlandi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda oʻz qobiliyat va imkoniyatini roʻyobga chiqarishi uchun sharoit yaratish va ragʻbatlantirish maqsadida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilib, shu kunga qadar 424 iqtidorli qiz ushbu mukofot bilan taqdirlandi.

Ijtimoiy qiyin vaziyatdagi xotin-qizlarning oliy taʼlim olishga intilishi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Qoʻmita tavsiyanomasi asosida 5 mingga yaqin xotin-qiz oliy taʼlimga imtiyoz asosida qabul qilindi. Magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari qoplab berilmoqda. OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini toʻlash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi joriy etildi.

2021-yildan boshlab har oʻquv yilida yolgʻiz ayollar va boquvchisini yoʻqotgan qizlarning oliy taʼlimdagi kontrakt-toʻlovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi.

Xotin-qizlarning muammolarini “fuqarobay” hal etish va ularni rozi qilishga qaratilgan “Ayollar daftari” tizimi yaratildi. Xususan, bu tizimning dastlabki uch bosqichida 1 million 500 mingdan ziyod xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatildi va ushbu ishlarga 3,2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi. Bugungi kunda 4-bosqichda 1 million 680 ehtiyojmand xotin-qizning 719 ming 697 nafariga amaliy yordam berildi.

Oʻtgan yillar mobaynida 26 ming 300 boquvchisini yoʻqotgan oila, yordamga muhtoj xotin-qizlar uy-joy bilan taʼminlandi. 17 ming 461 nafariga ijara kompensatsiyasi toʻlab berildi, 12 ming 861 nafarining uy-joyi taʼmirlandi.

Murakkab jarrohlik operatsiyalariga muhtoj 3,5 mingga yaqin xotin-qizga 57,9 milliard, nogironligi bor ogʻir vaziyatdagi 33 mingdan ortiq xotin-qiz va bolalarga reabilitatsiya vositalari uchun 32,6 milliard soʻm ajratildi.

“Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi” degan konseptual gʻoyani ijtimoiy hayotga izchil tatbiq etish, oila institutini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilindi. Har bir mahallada “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Tuman va shaharlarda “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari” tashkil etildi.

Davlat tashkilotlarida uzoq yil faoliyat olib borgan, tashabbuskor, boy hayotiy tajribaga ega boʻlgan 150 mingga yaqin faol va fidoyi ayollarni oʻziga jamlagan “Oqila ayollar” harakati tashkil etildi. Oilaviy nizolar yechimiga mediatsiya usullari bilan yondashuv kuchaytirildi.

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalari xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga berilgan daʼvolar yuzasidan davlat boji toʻlashdan ozod qilindi. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish belgilandi. Xotin-qizlarni kafillik asosida muddatidan oldin jazodan ozod etish tizimi yaratildi.

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi natijasida xalqaro hamjamiyat tomonidan Oʻzbekiston oiladagi zoʻravonlikni qonunga alohida jinoyat sifatida kiritgan davlatlardan biriga aylangani eʼtirof etildi.

Oxirgi 2,5 yil mobaynida tijorat banklari va Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 496 mingdan ziyod xotin-qizga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishi uchun 9,7 trillion soʻm kredit ajratildi. 108 mingdan ziyod xotin-qizga asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiya ajratildi. 14 ta hududiy Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildi.

Oʻz mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kasb-hunar va tadbirkorlikni oʻrganish ishtiyoqida boʻlgan 523 mingdan ziyod xotin-qiz “Ishga marhamat” monomarkazlarida, kasb-hunar maktablarida, hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida mehnat bozori talab etayotgan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Xotin-qizlarga oʻzi yashayotgan mahallasida kasb-hunar oʻrganish, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etish maqsadida 605 mahallada xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatlik markazlari tashkil etildi. Joriy yilda jami 1595 mahallada shunday markazlar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Qisqa muddatda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatini himoyalash, farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar va erishilayotgan natijalar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotayotgani shubhasiz.

Joriy yil 5–6-iyul kunlari “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro forum bundan dalolatdir. Tadbirda Shveysariya, Singapur, Misr, Qozogʻiston, Rossiya, Italiya, Turkiya, Qirgʻiziston va boshqa mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, Oʻzbekistondagi xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, mahalliy rahbar ayollar va faol xotin-qizlar ishtirok etadi.

Forumdan bir qator muhim natijalar kutilmoqda. Jumladan, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi va bu boradagi saʼy-harakatlar, imkoniyatlar umumlashtiriladi. Xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohalarida xalqaro standartlar va huquqni qoʻllash amaliyoti yanada takomillashtiriladi. Gender siyosatining turli sohalari boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbolli yoʻnalishlari belgilanadi. Xotin-qizlarning jamiyat hayotida muhim qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini yanada oshirish, ular iqtisodiy imkoniyatlari va tadbirkorligini rivojlantirish uchun hamkorlik rejalari tasdiqlanadi. Shu bilan bir qatorda, forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash koʻzda tutilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, oilalarni mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zero, ayol qadri, inson qadri ulugʻlangan yurtda tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka barqaror boʻladi.

Ozoda PARPIBOYEVA,

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi