Ular uchun Toshkent viloyati transport boshqarmasi tomonidan “Yutong” nomli eng soʻnggi rusumdagi avtobuslar ajratildi. Barcha sharoitlarga ega boʻlgan transport vositasida Nurafshon shahridan poytaxt tomon yoʻl olindi. Faxriylarning koʻzlaridagi quvonchni, shukronalik hissini payqash qiyin boʻlmadi. Chunki har bir keksa otaxon va onaxonlar qaysidir sohada boʻlmasin, Toshkent viloyatining rivojiga munosib hissa qoʻshgan.

Ikkinchi jahon urushida qatnashgan jigarlari, qarindosh-urugʻlariing achchiq, lekin haqiqatga toʻla armonlari, kechinmalarini bir-birlariga toʻlib-toshib soʻzlab berishga harakat qilishdi. Shu tarzda rejadagi maskanga yetib borib, u yerdagi manzarani koʻrishib, koʻzlarida yosh xalqdi. Toshkent viloyati faxriylar kengashi tomonidan Zulfiya ona haykali poyiga gulchambar va bahorgi anvoyi gullar qoʻyildi. Shundan soʻng ular koʻtarinki kayfiyatda Shon-sharaf muzeyiga tashrif buyurishdi. Eksponatlarni koʻrib, yashab turgan kunlarning qadriga yetish kerakligini uqtirishib, yoshlarga oʻrnak boʻladigan jihatlar xususidagi oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Muzeyda barcha faxriylar ishtirokida “Xotira aziz, xotira-muqaddas” mavzuidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi. Esdalik rasmlar, xotiralar tarixga muhrlandi. Shundan soʻng Oʻrta Chirchiq tumanida joylashgan “Xumo” toʻyxonasida tayyorlangan iftorlik dasturxonida jam boʻlishdi.

Faxriylarni Toshkent viloyati hokimi Dovron Hidoyatov chin dildan qutlab, ularning tajribalarini oʻrganish lozimligi va har birlarining mahorati viloyatimiz taraqqiyotida ibrat maktabi vazifasini oʻtashini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Viloyatimizning tabarruk insonlarini elimiz suygan sanʼatkorlari ham qutlashdi. Tadbir soʻnggida ularga bayram sovgʻalari ulashildi. Anjuman barchaning yodida uzoq vaqt saqlanib qolishi shubhasiz.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri