O'zbek xalqi azal-azaldan tinchliksevar xalqdir. Aynan shu g'oya targ'ibiga bag'ishlangan buyuk milliy ma'naviy merosimiz borki, tinchlikning qadri targ'ib etilib, urush esa batamom qoralanadi.

9 - mayni mamlakat miqyosida “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi. Zero, bizda xotira muqaddas, qadr esa azizdir.

Ushbu kun munosabati bilan Markaz tomonidan Toshkent shahar, Mirzo Ulug'bek tumanining Sayram mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida mehnat qilgan, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari aniqlanib, ularga sovg'a - salomlar ulashildi.

— Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda keng nishonlanadigan ayyom. Bu kuni nafaqat o'tganlar eslanadi, shu bilan birga o'zining mehnati, shijoati bilan Ona Vatan ravnaqi va rivojiga hissa qo'shganlar hamda yon-atrof, mahallarimizdagi keksa avlod vakillaridan hol-ahvol so'raladi. Mehr-oqibat bizning eng oliy qadriyatlarimizdan biridir, — deydi Markaz umumiy bo'lim boshlig'i Jobir Fozilov.

Ta'kidlash joizki, Ikkinchi jahon urushi davrida ko'pmillatli O'zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko'rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga ulkan hissa qo'shgan. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig'i qahramonlarcha halok bo'ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni etkazib beradigan muhim ta'minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O'zbekistonga ko'chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go'daklarni bag'riga olib, og'ir damlarda ularga beqiyos g'amxo'rlik ko'rsatgan.

Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat mashaqqatlarini chekkanlar bor. O'tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga etish kerak.

Akkreditatsiya markazi Sayram mahallasi hududida joylashgani sabab fuqarolik yig'ini vakillari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Bayram arafasida ham ular birgalikda ushbu hududda istiqomat qilayotgan bir guruh fuqarolar bilan uchrashib, ularning ko'nglini oldilar.

— Bu kabi e'tibordan boshimiz ko'kka etdi. Markaz bizning hududda joylashgani sabab, turli bayramlarda ular tomonidan mahallamizga katta e'tibor qaratiladi. Mana, bugun ham yana bir ehtiromdan hursand bo'ldik, — deydi Sayram mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro L.Lavrina.

Eslatib o'tamiz, 1999 - yildan e'tiboran O'zbekistonda 9 may - Xotira va qadrlash kuni sifatida keng miqyosda nishonlanadi.